O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi yangilandi

O‘zbekistonda bir kishining bir oylik minimal iste’mol xarajatlari 669 ming so‘m deb e’lon qilindi.
Statistika agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, Prezidentning PQ-114-son va Hukumatning 544-son qarorlariga asosan minimal iste’mol xarajatlari qiymati qayta hisoblangan.
«2024-yil dekabr oyida may oyiga nisbatan hisoblangan iste’mol narxlari indeksidan kelib chiqib, 2025-yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 669 ming so‘mni tashkil etdi», – deyiladi Agentlik xabarida.
Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibiga asosan, kelgusi yil uchun minimal iste’mol xarajatlari oziq-ovqat, nooziq-ovqat, mahsulotlari va xizmatlar narxlari darajasidan kelib chiqib, indeksatsiya qilib boriladi.
Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:
- davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
- kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
- pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.
Eslatib o‘tamiz, oxirgi marta minimal iste’mol xarajatlari miqdori 2024-yil aprel oyida belgilangan va u 648 so‘mni tashkil etgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter