Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qarshida Imom Nasafiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi

Qarshida Imom Nasafiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi

Qarshi davlat universiteti huzurida Imom Nasafiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi. Bu haqda Hukumatning tegishli qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

  • Abu Muin Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy, Abul Barakot Nasafiy kabi allomalarning hayoti va ilmiy merosi, xususan, ularning asarlarida kelgan milliy hamda diniy qadriyatlarni xalqchil, ilmiy-ommabop va sodda tilda jamoatchilikka yetkazish;
  • Nasaf va Kesh allomalarining ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy merosini tadqiq etish orqali ularning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini ko‘rsatish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli matnlari va tarjimalarini nashr etish, ushbu mavzularga doir tadqiqotlarni tizimli tashkil qilish;
  • tafsir, hadis, fiqh, kalom, tasavvuf kabi islom ilmlari, shuningdek, moturidiylik ta’limoti va hanafiylik mazhabi ravnaqida o‘ziga xos ahamiyat kasb etgan Nasaf ilmiy maktablari faoliyatini o‘rganish hamda ularning jamiyat barqarorligini ta’minlashdagi o‘rnini ochib berish;
  • O‘zbekiston va jahon qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan nasaflik olimlarning qo‘lyozma hamda toshbosma asarlarini aniqlash, katalogini tuzish, ularning asl va elektron nusxalarini jamlash;
  • Abu Muin Nasafiyning aqida va kalom ilmi rivojida tutgan o‘rni, uning yot oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalariga qarshi kurashda qo‘llagan uslublarini o‘rganish hamda shu asosda islom dinining ma’rifiy mohiyatini ochib berish;
  • Nasaf vohasi ilmiy-ma’naviy muhiti, uning islom sivilizatsiyasi ravnaqida tutgan o‘rni hamda bugungi kundagi amaliy ahamiyati yuzasidan anjuman, simpozium, konferensiya, ko‘rgazma, hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish.

Shuningdek, 2023-2024-yillarda nasaflik olimlar hayoti va ilmiy merosiga oid ensiklopediya tayyorlash va nashr etish hamda ular haqida badiiy va hujjatli filmlar tayyorlash rejalashtirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring