Taniqli askiyachi va qiziqchilarning mahorat maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Joriy yil 11-iyuldagi Prezidentning PQ-222-son qarori bilan Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi tashkil etiladi.
Shuningdek, har yili so‘z ustalari va qiziqchilar o‘rtasida «Xush kayfiyat» respublika ko‘rik-tanlovi hamda ikki yilda bir marta «Tabassum» xalqaro kulgi festivali o‘tkaziladi.
Shuningdek, har yili kamida 25 ta audiovizual asar yaratish uchun davlat buyurtmasi beriladi.
Bunda eng keng ommalashgan 5 ta audiovizual asar ijodkorlari BHMning 50 baravari (16 mln 650 ming so‘m) miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Davlat organlari, muassasalari va korxonalari har chorakda kamida bir marotaba o‘z xodimlarining madaniy-estetik hordiq chiqarishlari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari:
- askiya va qiziqchilik san’ati sohasida taniqli ijodkorlarning mahorat maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
- ushbu qarorda belgilangan tartibda o‘zining mahorat maktabini yaratgan ijodkorlar asosiy ish joyi orqali har oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 baravari (4 mln 900 ming so‘m) miqdorida qo‘shimcha rag‘batlantirib boriladi;
- mahorat maktablariga ular faoliyat yuritadigan muassasa ob’yektlaridan tekin foydalanish huquqi berilib, ularga ushbu muassasa tomonidan alohida xona ajratiladi.
2024/2025 o‘quv yilidan Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kolleji hamda Farg‘ona ixtisoslashtirilgan san’at maktabida «Askiya va qiziqchilik san’ati» yo‘nalishi ochiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter