Toshkent shahridagi YTHlarda bir yilda 91 kishi vafot etgan: bu har 4 kunda bir kishi degani

Toshkent shahar hududida 2024-yil davomida 1 280 ta yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lib, mazkur hodisalarning 1 189 tasi tan jarohati, 91 tasi o‘lim kabi og‘ir oqibatlar bilan yakunlangan.
Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi majlisida qayd etib o‘tildi.
Shuningdek, 720 ta piyodalar bilan bog‘liq, tezlik bilan bog‘liq 98 ta yo‘l-transport hodisalari qayd etilgan.
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi poytaxt IIBB YHXB oldiga yo‘llarda xavfsizlikni oshirish, YTHlarni kamaytirish bo‘yicha qator vazifalar qo‘ydi.
Jumladan, idora yo‘l-transport infratuzilmasi talabiga javob bermaydigan ko‘chalar va chorrahalar ro‘yxatini shakllantirib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga taklif kiritadi. Shuningdek, Toshkent shahar ko‘chalarida transport va piyodalar oqimi, piyodalar bilan bog‘liq sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarini tahlil qilib, avariyaning o‘choq nuqtalarini aniqlaydi va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni ko‘radi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda Toshkent shahar budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan tezlik bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida Toshkent shahar IIBB YHXBga 10 dona ko‘chma (mobil) foto-radar qurilmasini xarid qilish, Boshqarma huzuridagi texnika nazorati bo‘linmalarini zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlash va piyodalar yo‘l qatnov qismini belgilanmagan joyidan kesib o‘tganligi oqibatida sodir etilgan YTHlar tahlilidan kelib chiqib temir panjaralar o‘rnatish ishlari amalga oshiriladi.
Shu bilan birga voyaga yetmaganlar ishtirokidagi YTHlarni oldini olish maqsadida joriy yil davomida poytaxt ko‘cha va yo‘llaridagi 12 ta joyga qavariq piyodalar o‘tish joylari tashkil qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter