Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda Sudyalar milliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

Toshkentda Sudyalar milliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Oliy sud, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda “East-West Management Institute” (EWMI) nodavlat notijorat tashkilotining O‘zbekistondagi filialining “Sud tizimini mustahkamlash” (JSSA) qo‘shma loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu ikki kunlik anjumanda Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi va Sudyalar oliy maktabining vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining barcha sudlaridan yuzdan ziyod sudyalar ishtirok etishdi.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Zamonaviy dunyoda mamlakatning rivoji – jamiyatda aynan qonun va adolat ustuvorligi ta’minlanishi, mustaqil va adolatli sud mavjudligi bilan o‘lchanadi. Tashkilotchilar bu kabi konferensiyalarning o‘tkazilishi odil sudlovni amalga oshirishning dolzarb masalalarini hamda amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolarni keng muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat va qulay maydon ekanligini ta’kidlagan.

Baxtiyor Islomov
Foto: Oliy sud matbuot xizmati

«Biz sudyalar va barcha sud xodimlari katta jamoa – muhim hamjamiyat sifatida davlatimizning rivoji va yuksalishi uchun o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. Bu esa bizning adolatli, qonuniy va asosli qarorlarimiz orqali ifodalanadi. Agar har qanday qonunbuzilishi yoki adolatsizlik yuzasidan o‘z vaqtida va to‘g‘ri munosabat bildirsak, davlat organlari hamda mansabdor shaxslarni qonun asosida ishlashga o‘rgatish orqali fuqarolar huquqlarini himoya qilishga erishamiz. Bunday imkoniyatdan keng foydalansak, aynan shu, mamlakat rivojiga hissamiz bo‘ladi.

Bugungi kunda, sud tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolarning sudga murojaat qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsadlar – sudyalarning mas’uliyatini oshirish, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishi ta’minlash, sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat sudlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish, fuqarolarning shikoyat qilish imkoniyatlarini kengaytirish, muammolarini joyida hal qilish va ortiqcha sarsongarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikdir», – degan Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Konferensiyaning birinchi kunida ishtirokchilar ma’muriy, fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlarda odil sudlovni amalga oshirishning dolzarb masalalari yuzasidan o‘zaro tajriba almashib, mavjud muammo va vazifalarni atroflicha muhokama qilishgan.

Jumladan, sudyalar sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan protsessual qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati, sudlarda konstitutsiyaviy normalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash amaliyoti hamda sudlar amaliyotida gender diskriminatsiyasi va zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha halqaro standartlarni joriy qilish kabi masalalar yuzasidan fikr-mulohaza yuritgan.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

«Ishtirokchilar sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan protsessual kodekslarga kiritilgan yangiliklar, konstitutsiyaviy normalarni sudlar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash amaliyoti, ma’muriy, jinoiy, fuqarolik va iqtisodiy sudlarda odil sudlovni amalga oshirishning dolzarb masalalari haqida keng qamrovli ma’ruza va taqdimotlar bilan tanishishdi», deb xabar bermoqda Oliy sud maxbuot xizmati.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Konferensiyaning ikkinchi kunida sudyalarning ma’naviyati, odobi va mas’uliyati haqida hamda sudlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, sud ish yurituvini raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring