Ziyorat va ekoturizm: Toshkent viloyatining yangi nafaslari
Bugun turizm nafaqat sayohat, balki taraqqiyot, madaniyat va ma’naviyat timsoliga aylanib bormoqda. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda turizm sohasiga bo‘lgan e’tibor tobora kuchayib, u iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri sifatida shakllandi. Ana shu jarayonda Toshkent viloyati o‘zining betakror tabiati, boy tarixiy merosi va muqaddas ziyoratgohlari bilan alohida ajralib turmoqda.
Toshkent viloyatining tog‘li hududlari — Chotqol va Qurama tizmalari, Ugam-Chotqol milliy tabiat bog‘i bugun ekoturizmning haqiqiy maskaniga aylangan. Bu yerlarda toza tog‘ havosi, yashil vodiylar, xilma-xil o‘simlik va hayvonot olami insonni tabiat bilan yuzlashtiradi. Piyoda sayohat qilish, tog‘ yo‘laklaridan yurish, ekologik ekskursiyalarda qatnashish nafaqat maroqli hordiq, balki ekologik tafakkurni shakllantirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, yoshlar va talabalar uchun tashkil etilayotgan ekoyekspeditsiyalar tabiatni asrash g‘oyasini hayot tarziga aylantirmoqda.
Chorvoq hududi esa dam olish va sog‘lomlashtirish turizmining ramziga aylangan. Moviy suv, baland tog‘lar va sokin manzara sayyohlarni o‘ziga rom etadi. Bu yerda suv sporti, tog‘ sayrlari, oilaviy hordiq chiqarish imkoniyatlari yil sayin kengayib bormoqda. Ohangaron tomonlarda esa agroyekoturizm rivojlanib, sayyohlar qishloq hayoti, bog‘dorchilik va chorvachilik jarayonlari bilan yaqindan tanishmoqda. Bu esa shahar va qishloq hayoti o‘rtasidagi ko‘prikni mustahkamlamoqda.
Toshkent viloyati faqat tabiat emas, balki chuqur ma’naviyat maskani hamdir. Viloyat hududida joylashgan muqaddas qadamjolar, tarixiy-ma’rifiy obidalar va diniy majmualar asrlar davomida xalqimiz e’tiqodining poydevori bo‘lib kelgan. Bugun bu maskanlar nafaqat mahalliy ziyoratchilar, balki xorijiy mehmonlar uchun ham muhim manzilga aylanmoqda. Ziyorat davomida inson nafaqat ibodat qiladi, balki tarix bilan suhbatlashadi, me’moriy obidalarda o‘zlikni anglaydi.
Ziyorat turizmining rivoji hudud hayotiga yangi nafas olib kirmoqda. Mehmonxonalar, yo‘l infratuzilmasi, savdo va hunarmandchilik rivojlanib, minglab odamlar uchun ish o‘rinlari yaratilmoqda. Milliy hunarmandchilik buyumlari, suvenirlar va mahalliy taomlarga bo‘lgan qiziqish esa madaniyatimizni dunyoga tanitmoqda.
Bugun ekoturizm va ziyorat turizmi Toshkent viloyatida bir-birini to‘ldirgan holda rivojlanmoqda. Tabiatni asrash, tarixiy merosni muhofaza qilish, zamonaviy infratuzilma va raqamli texnologiyalarni joriy etish bu yo‘nalishlarning kelajagini belgilab bermoqda. Eng muhimi, mahalliy aholi bu jarayonning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Toshkent viloyati bugun tabiat va ma’naviyat chorrahasida joylashgan yirik turizm makoniga aylanmoqda. Ekoturizm va ziyorat turizmini uyg‘un rivojlantirish orqali viloyat nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda ham raqobatbardosh, jozibador turistik brend sifatida namoyon bo‘lishi shubhasiz.
Gulnora Umurzaqova,
Ijtimoiy va siyosiy fanlar instituti
1-bosqich magistri


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter