Hademay maktab boshlanadi: bolaga ryukzakni qanday tanlash kerak?

Pediatrning aytishicha, noto‘g‘ri tanlangan yoki haddan tashqari og‘ir portfel (to‘g‘rirog‘i, ryukzak) suyak-mushak tizimi hali shakllanish jarayonida bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning nafaqat qomatiga, balki ichki a’zolari faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shuning uchun ryukzak tanlash va uni olib yurishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Sumka yoki ryukzakni doim bir yelkada ko‘tarish skoliozni shakllantirishi mumkin. Og‘ir ryukzak yelka kamari va belni zo‘riqtiradi, oqibatda bola oldinga yoki yonga engashib yurishga majbur bo‘ladi, buning oqibatida ichki a’zolarning siqilishi, qon aylanishining buzilishi, nafas olishning qiyinlashishi, yurak urishining tezlashishi va bosh aylanishi kabi salbiy holatlar kelib chiqishi mumkin.
Haddan tashqari zo‘riqish, qolaversa, oyoqlarga ham zararli: yurishni og‘irlashtirishdan tashqari, oyoq va bel og‘rig‘ini keltirib chiqaradi, oyoq bo‘g‘imlarida patologik o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.
Yuklamani kamaytirish uchun ryukzak bolaning yelka kengligida, yuqori chekkasi yelka balandligida, pastki chekkasi bel balandligida bo‘lishi kerak. Bog‘ichlari yumshoq va keng (4-8 sm), sozlanuvchan bo‘lishi kerak. Yo‘lda xavfsizlik uchun yorug‘likni qaytaruvchi elementlar bo‘lgani maqsadga muvofiq.
Ryukzakning og‘irligi:
- boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun — 700 grammgacha;
- o‘rta va yuqori sinflar uchun — 1 kilogacha bo‘lishi kerak.
Darsliklar va o‘quv qurollarining og‘irligi quyidagi me’yordan oshmasligi zarur:
- 1-2-sinflar — 1,5 kg;
- 3-4-sinflar — 2 kg;
- 5-6-sinflar — 2,5 kg;
- 7-8-sinflar — 3,5 kg;
- 9-11-sinflar — 4 kg.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter