Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Intellektni rivojlantirish uchun kitoblarni qanday mutolaa qilish kerak?

Intellektni rivojlantirish uchun kitoblarni qanday mutolaa qilish kerak?

foto: internet, ochiq manba

Mutolaa nafaqat so‘z boyligi va dunyoqarashni kengaytiradi, balki tasavvurni rivojlantirishga ham yordam beradi. Xilma-xil kitoblar o‘qib, yangi atama va nutqning o‘ziga xosliklarini eslab qolasiz. Kitob mutolaa qilayotganimizda biz yangi dunyoga sho‘ng‘ib ketamiz. Agar siz intellektingizni oshirmoqchi bo‘lsangiz, «yengil» adabiyotlar bilan bir qatorda murakkab asarlarni ham mutolaa qilishingiz lozim. Bu miya faoliyatini yaxshilashning eng samarali usullaridan biridir. Mutolaa jarayonida miyangizda empatiya, his-tuyg‘u, qaror qabul qilish va avtobiografik xotira uchun mas’ul bo‘lgan to‘qimalarni rag‘batlantirasiz. Xo‘sh, aqliy rivojlanish uchun kitoblarni qanday tanlash va o‘qish lozim? Ushbu maqola orqali bir qancha maslahatlarga ega bo‘lasiz.

Siz endi «maktab bolasi» emassiz

Maktab davrini eslaylik. Maktabda ko‘pchilik o‘qituvchining savollariga javob berish, nazorat sinovlaridan yaxshi o‘tib olish uchungina o‘qiydi. Esingizda bo‘lsin, siz hozir o‘qituvchi uchun emas, balki o‘zingiz uchun bilim olasiz.

Aytaylik, siz Peloponnes urushi haqida mutolaa qilyapsiz. Unda asosiy e’tiborni raqamlar yoki joy nomlariga emas, ko‘proq qarama-qarshi tomonlarning strategiyalariga qarating. Kim nima sababdan g‘alaba qozondi? Tomonlarning yutuq va kamchiliklari nimada edi?

Mulohazalar bilan tanishib chiqing

Asarning xotimasi va muallifning asosiy mulohazalarini oldindan bilish asar mavzusi haqida tasavvurga ega bo‘lishga yordam beradi. Shuningdek, odatda birinchi 50 sahifadayoq biz muallif nima demoqchi ekanligini tushunamiz. Shunda siz «Bu kitobni o‘qish men uchun nega kerak?» va «Uning asosiy g‘oyasi qanday?» degan savollarga javob izlaysiz. Bundan tashqari, boshqa kitobxonlarning ushbu kitob haqidagi fikr-mulohazalari bilan ham tanishib chiqish zarar qilmaydi. Mulohazalardan uning intellektual qiymatini aniqlash yanada oson bo‘ladi.

Tushunmaganlaringizga bee’tibor bo‘lmang

Siz hamma narsani ham birdan tushunmasligingiz mumkin. Asosiysi, bee’tibor bo‘lmasdan ular haqida boshqa manbalardan ham ma’lumot qidiring. Misol uchun, tarixiy urushlar haqida o‘qiyotganingizda, jang maydonini tasavvur qilish muhim. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun hududning xaritalarini o‘rganib chiqishingiz maqsadga muvofiq.

Muhim joylarni belgilab qo‘ying

Sizni qiziqtirgan va o‘ylantirgan barcha joylarni xatcho‘p yoki markerda belgilang. Shaxsiy fikrlaringiz bo‘lsa, albatta kitobning hoshiyasiga qalam bilan yozib qo‘ying. Kitobni buzishdan aslo qo‘rqmang. Nima uchun o‘qiyotganingizni unutmang. Asosiy maqsad – kitobdan axloqiy va intellektual saboqlarni o‘rganish. Bunday eslatmalar bilan esa u sizga ko‘proq foyda keltiradi.

Kitobga qayta murojat qiling

Mutolaa qilish intellektual salohiyatingizni oshiradi. E’tiborlisi, aqliy rivojlanish kitobni tugatganingizdan keyin ham davom etadi. Funksional magnit-rezonans tomografiya yordamida Emori universitetida o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, mutolaadan so‘ng ham bizning miyamiz kamida besh kun davomida faollikni saqlab turishga qodir. Yanada bilimga ega bo‘lish uchun bir yoki ikki hafta o‘tgach, kitobni qayta varaqlang. O‘zingiz uchun muhim deb bilgan ma’lumotlarni kerakli joyga qayta qayd qilish ham zarar qilmaydi. Bu orqali siz bilimingizni mustahkamlaysiz. Balki ulardan keyinchalik qayerdadir foydalanishingiz ham mumkin.

O‘qiganlaringizni amalda qo‘llang

Siz bejizga muhim ma’lumotlarni belgilab olmagansiz. Ulardan ishda va kundalik hayotda foydalanib turing. Olingan bilimlarni qo‘llashdan qanchalik mamnun bo‘lsangiz, shunchalik ko‘p rivojlanishni xohlaysiz.

«Kitoblar ombori»telegram kanalidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring