Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nonushta qilish shart emas, 3 mahal ovqatlanish rejasi ham marketing!

Nonushta qilish shart emas, 3 mahal ovqatlanish rejasi ham marketing!

Bolalikdan ongimizga singib ketgan, sog‘lom turmush tarzining «oltin qoidasi» deb bilingan bir aqida bor: «Ertalab albatta nonushta qilish kerak, kuniga kamida 3 mahal ovqatlanish shart». Ammo bu qoida fiziologik zaruratmi yoki yirik oziq-ovqat korporatsiyalari tomonidan puxta o‘ylab chiqilgan million dollarlik marketing strategiyasimi?

So‘nggi yillarda neyrobiologiya, endokrinologiya va evolyusion biologiya sohasida o‘tkazilgan fundamental tadqiqotlar insoniyat o‘nlab yillar davomida ishonib kelgan ushbu konsepsiyaga butunlay boshqacha nazar bilan qarashga majbur qilmoqda.

Inson evolyusiyasi nuqtai nazaridan qaraganda, ota-bobolarimiz hech qachon soatga qarab kuniga uch mahal nizomiy ravishda tanovul qilmagan. Ibtidoiy jamiyatda ovqatlanish biologik ritmga emas, balki ozuqa topilishiga bog‘liq bo‘lgan. Insoniyat ochlik va to‘qlik fazalarini navbatma-navbat boshdan kechirib yashashga moslashgan.

Xo‘sh, unda «nonushta, tushlik va kechki ovqat» grafigi qayerdan kelib qoldi?

Birinchidan, bu Sanoat inqilobining mahsulotidir. XVIII–XIX asrlarda Yevropa va Amerikada fabrika va zavodlar ko‘paygich, ishchilarning mehnat kuni aniq soatlarga bo‘lingan. Ishchilarning unumdorligini ushlab turish va fabrika jadvaliga moslashtirish uchun sun’iy ravishda «3 mahallik» ovqatlanish tartibi joriy etilgan.

Ikkinchidan, va eng muhimi — bu marketing. XX asrning boshlarida jamoatchilik bilan aloqalar (PR) otasi Edvard Berneys va qandolatchilik hamda go‘sht gigantlari tomonidan «nonushta — kunning eng muhim taomi» degan afsona yaratilgan. Kellogg‘s kabi suli va donli mahsulotlar hamda bekon ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z sotuv hajmini oshirish uchun tibbiyot xodimlarining xatlaridan foydalanib, aholi orasida «yertalab ko‘p va to‘yib ovqatlanish foydali» degan qarashni targ‘ib qilgan.

2016 yilda yapon olimi Yoshinori Ohsumi autofagiya — hujayralarning o‘z-o‘zini tozalash va qayta tiklash mexanizmini kashf etgani uchun fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukafotiga sazovor bo‘ldi. Olimning tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, inson ovqat yemaganida va oshqozon-ichak tizimi ma’lum vaqt (12–16 soat) davomida orom olganida, organizm ichki rezervlarni harakatga keltiradi. Bu vaqtda hujayralar zararlangan va qarigan elementlarni, toksinlar va yallig‘lanish o‘choqlarini parchalab, ularni qayta ishlaydi.

Agar inson kuniga 3–5 mahal, ya’ni, har 3-4 soatda ovqatlanib tursa, oshqozonda hazm qilish jarayoni to‘xtamaydi, qonda insulin darajasi doimo yuqori bo‘ladi va autofagiya mexanizmi deyarli ishga tushmaydi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan surunkali yallig‘lanishlar, moddalar almashinuvining buzilishi va ortiqcha vaznga olib keladi.

Garvard va Okford universitetlari tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi meta-analizlar shuni ko‘rsatadiki, ertalabki nonushtani o‘tkazib yuborish sog‘lom inson organizmi uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Yertalab ochlik hissi bo‘lmasa, tanani majburan ovqatlantirish metabolizmni tezlashtirmaydi, balki sun’iy ravishda kaloriya orttirilishiga olib keladi.

Bugungi kunda tibbiyotda «sirkad diyeta» yoki «vaqt bilan cheklangan ovqatlanish» tushunchasi ommalashmoqda. Ya’ni, necha mahal ovqatlanish emas, balki sutkaning qaysi oralig‘ida ovqatlanish muhim. Taomlarni 8 soatlik vaqt oralig‘ida tanovul qilib, qolgan 16 soatni ochlikda (faqat suv yoki shakarsiz choy mumkin) o‘tkazish metabolik egiluvchanlikni va insulinga sezuvchanlikni oshiradi.

Kuniga 3 mahal ovqatlanish yoki nonushta qilish umumbashariy va o‘zgarmas biologik qonuniyat emas. Bu zamonaviy jamiyat va oziq-ovqat sanoati tomonidan shakllantirilgan ijtimoiy va marketing modelidir. Albatta, o‘sayotgan yosh bolalar, homilador ayollar, og‘ir jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchilar yoki muayyan surunkali xastaligi bor bemorlar uchun alohida rejim talab etiladi. Ammo sog‘lom katta yoshli inson uchun eng to‘g‘ri ovqatlanish qoidasi marketing shiorlariga yoki soatga emas, balki organizmining haqiqiy fiziologik ochlik signaliga quloq tutishdir.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring