Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Otaning pushaymoni

Otaning pushaymoni

Uilyam Livingston Larned

Ushbu maktub yuzlab jurnallar va gazetalarda chop etilgan. Bir necha tillarda bosilgan. Muallif uni maktab, muassasa va kafedralarda o‘qishga ijozat bergan. Turli radiodasturlar «Otaning pushaymoni»ni son-sanoqsiz eshittirishlarda havo mavjlariga uzatgan. Undan kollejlarning davriy nashrlari va o‘rta maktablar jurnallari ham foydalandi. Bundan ajablanmaslik kerak. Ba’zan uncha katta bo‘lmagan asar ham aql bovar qilmas darajada muvaffaqiyat qozonadi. Mazkur hikoya, shubhasiz, ana shunday mavqega erishdi. Bu maktubni har bir ota-ona o‘qishi va boshqalar bilan bo‘lishishi kerak. Zero, uning hech qanday ziyoni yo‘q, aksincha foydasi bisyor. Marhamat, siz ham o‘qib, bolaga qanday munosabatda bo‘lish kerakligi haqida bir qur o‘ylab ko‘ring.

Quloq sol, o‘g‘lim. Men bu so‘zlarni sen uxlayotgan paytda aytyapman; sening jajji qo‘llaring lunjing tagida, sarg‘ish sochlaring esa terlagan peshanangga yoyilgan. Men xonangga yolg‘iz o‘zim, bildirmasdan kirdim. Bir necha daqiqa avval kutubxonada gazeta o‘qib o‘tirganimda, meni pushaymonlikning og‘ir to‘lqini shiddat bilan qamrab oldi. Men o‘z aybimni his etgan holda sening jajji karavoting tepasiga keldim.

Bilasanmi, nimalar haqida o‘yladim, o‘g‘lim: men o‘zimning noxush kayfiyatimni senga sochib yuboribman. Kiyinayotganingda seni urishib berdim. Sen maktabga otlanayotib, yuzingni ho‘l sochiq bilan artayotganding. Shunda men seni poyafzalimni tozalamaganing uchun qattiq koyidim. Egningdan nimanidir olib, polga tashlaganingda, nihoyatda jahlim chiqib baqirib yubordim.

Men nonushta ustida ham senga yopishdim. Sen choyni polga to‘kib qo‘yding. Sen ovqatni ochofatlarcha yutding. Sen tirsaklaringni dasturxonga qo‘yding. Sen nonga yog‘ni ko‘proq surtib yubording. Shundan so‘ng o‘ynash uchun tashqariga chiqib ketayotganingda, men poyezdga shoshilayotgandim. Sen menga burilib qarab, qo‘lingni silkitding va: «Dada, xayr, ko‘rishguncha!» – deding. Men esa qovog‘imni solganimcha javob berdim: «Yelkalaringni to‘g‘rila!»

Keyin kun oxirida hammasi yana qaytadan boshlandi. Men yo‘lak bo‘ylab uyga qaytar ekanman, sening soqqachalarni tizzalab o‘ynayotganingga ko‘zim tushdi. Paypog‘ingda teshiklar bor edi. Shunda men seni o‘rtoqlaring oldida kamsitdim, oldimga tushib uyga yurishga majbur qildim. «Paypoqlar juda qimmat turadi, agar sen shaxsiy pulingga olganingda nihoyatda sarishtali bo‘larding!» Tushunyapsanmi, o‘g‘lim, bu gaplarni men, sening otang aytdi!

Esingdami, keyin sen men kitob o‘qib o‘tirgan kutubxonaga qanday kirding: jur’atsiz, nigohingda dard bilan. Men xalaqit berishayotganidan g‘azablanib, gazeta ustidan qaraganimda sen qo‘rqa-pisa eshik yonida to‘xtab qolding. «Senga nima kerak?» – keskin so‘radim men.

Sen hech nima deb javob bermading, biroq birdan chopib kelib, bo‘ynimdan quchoqlading va meni o‘pding. Sening qo‘lchalaring meni mehr-muhabbat bilan opichlar, Xudovandi karimning ko‘nglingga solgan bu mehri mening ehtiyotsizlik bilan yo‘l qo‘ygan munosabatimni butkul yuvib yuborgan, adoyi tamom qilgan edi. Shundan so‘ng sen jajji oyoqchalaringni bir-bir bosib, zinadan tepaga chiqib ketding.

Ko‘p o‘tmay mening qo‘llarimdan gazeta sirg‘alib tushdi, butun vujudimni dahshatli, ko‘ngilni aynitadigan bir qo‘rquv qamrab oldi. Bu odat meni qanday ahvolga soldi o‘zi? Birovni asossiz ayblash odati, hadeb koyiyverish – kichkina bo‘lganing uchun mening senga bergan mukofotim ana shu edi. Seni yaxshi ko‘rmasligim mumkin emas, ammo gap shundaki, men yoshlikdan juda ko‘p narsani kutganman va seni o‘zimning yillarim bilan o‘lchabman.

Sening tabiatingda esa sog‘lom, go‘zal va samimiy jihatlar shunchalik ko‘pki, bu – mitti ko‘ngling ulkanligidan dalolat beradi, bu huv anovi tepaliklar ortidagi subhidam nurlariga o‘xshaydi. Bu sening uxlashdan oldin meni o‘pish uchun kirganingda beixtiyor birdan shiddat bilan bag‘rimga o‘zingni otganingda namoyon bo‘ldi. Bugun bundan boshqa hech nimaning ahamiyati qolmadi, o‘g‘lim! Men qorong‘ida karavoting tepasiga kelib, ming bir xijolatga tushib, oldingda tiz cho‘kdim!

Bu – zaif holda gunohni yuvish demakdir. Bilaman, sen uyg‘onganingda, bu gaplarning hammasini aytganimda ham tushunmasding, o‘g‘lim. Ammo ertaga men haqiqiy ota bo‘laman! Men sen bilan do‘stlashaman, qiynalsang, birga qiynalaman, kulsang, men ham birga kulaman. Jahlim chiqib, birorta achchiq so‘z chiqadigan bo‘lsa, tilimni tishlayman. Men: «U hali bola-ku, kichkina bola-ku», degan gapni xuddi qasamyod kabi tinmay takrorlayman.

O‘g‘lim, men seni fikran voyaga yetgan erkak o‘rnida ko‘rganimdan qo‘rqib ketdim. Biroq hozir, karavoting tepasida senga horg‘in tikilib turar ekanman, tushunaman, sen hali bolasan. Sen hali kechagina onangning qo‘lida, boshing esa uning yelkasida edi. Men haddan ziyod, haddan ziyod talab qilganman.

 

Rus tilidan Fathulla Namozov tarjimasi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring