Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bugun O‘zbekistonda 42 ta yangi energetika ob’yektlari ishga tushirildi

Bugun O‘zbekistonda 42 ta yangi energetika ob’yektlari ishga tushirildi

Bugun, 5-dekabr kuni Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tgan marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va unda yangi energetika quvvatlari ishga tushirildi, navbatdagilarining qurilishi boshlandi.

Tadbir doirasida davlatimiz rahbari Birlashgan Arab Amirliklari, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Xitoy delegatsiyalarini qabul qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi obektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida nutq so‘zlab, o‘sib borayotgan iqtisod sharoitida energetikaga bo‘lgan talab oshib borayotganini aytib o‘tdi.

«Bugun jadal sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz va aholining talab hamda ehtiyojidan kelib chiqib, energetika tizimida katta islohotlarni amalga oshiryapmiz.

 Biz bu yo‘nalishda ikkita muhim maqsadga erishishni asosiy vazifa qilib belgilaganmiz. Birinchisi, barcha tarmoq va hududlar uchun ishonchli va uzluksiz energiya ta’minotini yo‘lga qo‘yish. Ikkinchisi esa ana shu rejamizni zamonaviy, ekologik toza va qayta tiklanuvchi muqobil manbalar hisobidan amalga oshirishdir», – dedi Prezidentimiz.

Marosimda qariyb 11 milliard dollarlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma obektlari ishga tushirildi, yana 21 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi.

Bu orqali hududlarda jami 3 ming 500 megavattli 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidro stansiya foydalanishga topshiriladi. Ular to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, yiliga 15 milliard kilovatt-soat elektr generatsiya bo‘ladi. Natijada kelgusi yilda «yashil» energiya ishlab chiqarish hajmini 23 milliard kilovatt-soatga yetkaziladi.

 «E’tibor bering, bu – O‘zbekiston aholisining yillik elektr energiya iste’moli to‘liq qoplanadi, deganidir», – dedi Prezidentimiz.

Eng muhimi, «toza» energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi salkam 7 milliard kub metrga kamayadi. Atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.

1 ming 245 megavattli 10 ta energiya saqlash tizimi ham ishga tushirilmoqda. Bu energiya eng ko‘p iste’mol qilinadigan tig‘iz vaqtlarda qo‘shimcha 1,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini tarmoqqa uzatish imkonini beradi.

Foydalanishga topshirilayotgan 11 ta yirik podstansiya va 420 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar tizimning barqaror ishlashiga xizmat qiladi.

«Albatta, biz erishgan natijalarimiz bilan to‘xtab qolmaymiz. Kelgusi 5 yilda 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar hisobidan minglab sanoat va infratuzilma obektlarini ishga tushirib, yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratamiz», – dedi Prezidentimiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring