Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tirnoqqa qarab kasallikka tashxis qo‘yish mumkinmi?

Tirnoqqa qarab kasallikka tashxis qo‘yish mumkinmi?

Ilgari tabiblar bemorni ko‘rmasdan turib ham uning sog‘lig‘i haqida xulosa chiqara olishgan. Ular insonning tili, ko‘zi, terisi, tomiri va hatto tirnoqlariga qarab organizmdagi muammolarni aniqlashga uringanlar. Bugun esa zamonaviy tibbiyot ham tashqi belgilar ayrim kasalliklar haqida signal berishi mumkinligini tasdiqlayapti.

Oxirgi yillarda Yevropa va AQShda o‘tkazilgan qator ilmiy tadqiqotlarda tirnoq rangi, shakli va tuzilishi organizmdagi ayrim o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan. Ammo muhim jihati tirnoqdagi o‘zgarishlar mustaqil tashxis emas, balki shifokorga murojaat qilish uchun ogohlantiruvchi belgi hisoblanadi.

Tirnoqda paydo bo‘ladigan mayda oq nuqta yoki chiziqchalar ba’zan sink, temir yoki boshqa mikroelementlar yetishmovchiligi bilan bog‘lanadi. Lekin dermatologlar bu holat ko‘pincha tirnoqning yengil jarohatlanishi oqibatida ham kuzatilishini ta’kidlaydi.

Yosh o‘tgan sayin tirnoqda vertikal chiziqlar paydo bo‘lishi tabiiy holat hisoblanadi. Ayrim hollarda esa vitamin yetishmovchiligi yoki organizmdagi boshqa o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ammo ularni parazitlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lash ilmiy jihatdan to‘liq isbotlanmagan.

Igna uchiday mayda botiqlar psoriaz, ekzema yoki ayrim autoimmun kasalliklarda uchrashi mumkin. Ba’zi xalq tabobati manbalari buni taloq bilan bog‘lasa-da, zamonaviy tibbiyotda bunday aniq bog‘liqlik tasdiqlanmagan. Bu holat kuchli stress, og‘ir infeksiya yoki anemiyadan keyin paydo bo‘lishi mumkin. Tibbiyotda bunday chiziqlar “Bo chiziqlari” deb ataladi.

Tirnoq uchlarining dumaloqlashib, do‘ng holatga kelishi ba’zan o‘pka, yurak yoki jigar bilan bog‘liq jiddiy kasalliklarda kuzatiladi. Bu shifokor ko‘rigini talab qiladigan muhim belgilardan biri hisoblanadi. Qoshiqsimon, ichkariga botiq tirnoqlar esa temir tanqisligi anemiyasida uchrashi mumkin.

Tirnoq rangi o‘zgarishi ba’zan qandli diabet, buyrak yoki gormonal kasalliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Lekin aniq sababni faqat tahlillar orqali bilish mumkin.

Tirnoqning ko‘karishi organizmda kislorod yetishmasligi belgisi bo‘lishi mumkin. Bu yurak yoki o‘pka faoliyati bilan bog‘liq muammolarda kuzatilishi ehtimoldan xoli emas.

Sarg‘ayish zamburug‘li infeksiyalar, chekish, jigar yoki o‘t qopi muammolari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Oqarib ketgan tirnoqlar anemiya, kamqonlik yoki qon aylanishidagi muammolar belgisi bo‘lishi mumkin.

Tez sinuvchan tirnoqlar kalsiy, temir, biotin yetishmovchiligi, qalqonsimon bez faoliyati yoki kimyoviy ta’sirlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Shifokorlar bir narsani alohida ta’kidlaydi, tirnoqdagi har qanday o‘zgarish bu tayyor tashxis emas. Masalan, uyqusizlik, stress, noto‘g‘ri ovqatlanish yoki maishiy kimyoviy vositalar ham tirnoq holatiga ta’sir qilishi mumkin.

Ammo organizm ba’zan ichki muammolarni aynan tashqi belgilar orqali so‘zlaydi. Shuning uchun tirnoqlarda uzoq vaqt davomida  g‘alati o‘zgarishlar kuzatilsa, ChatGPT maslahati emas, mutaxassis tekshiruvi eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi.

Olimlar inson organizmidagi ayrim kasalliklar tashqi belgilar orqali bir necha oylar oldin sezilishi mumkinligini aytishmoqda. Balki shu sabab qadimgi tabiblar tirnoqlarga alohida ahamiyat bergandir. Chunki ba’zan organizm og‘riqdan oldin belgi yuboradi. Tirnoqlar esa ana shu jim signallardan biri bo‘lishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring