Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sherali Otaboyev

Qo‘rqoqlardan qo‘rqaman.

Qo‘shnilarning shakar zavodlari kasodga uchrab bo‘ldi. Navbat O‘zbekistongami?

Qo‘shnilarning shakar zavodlari kasodga uchrab bo‘ldi. Navbat O‘zbekistongami?

Shakar strategik oziq-ovqat hisoblanib, uning xavfsizligini ta’minlashga barcha davr va davlatlarda siyosat darajasida qaralgan. Shakar bo‘yicha o‘zga bir davlatga tobe bo‘lmaslik uchun imkoniyati bor har bir davlat o‘z zavodlariga ega bo‘lishga intiladi.

Qudratli davlatlar ushbu strategik oziq-ovqat bo‘yicha kuchsiz davlatlarni sindirish ustida yillab ish olib borib, uzoq rejalar tuzishgan. Bizning tilda aytganda, «yo‘l xaritasi» tuzilib, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Chunki boshqa hech bir narsa o‘rnini bosa olmaydigan shakar ortidan kimlardir astronomik darajadagi raqamlarda daromad olishi mumkin. Ularni esa butun boshli bir davlat aholisining taqdiri qiziqtirmaydi.

Davlatlar o‘rtasida ushbu oziq-ovqat hukmronligi bo‘yicha kurash azaldan bo‘lgan. Hozir ham davom etmoqda. Vaholanki, to‘xtamaydi ham.

Bu kurashda kimlar g‘olib, kimlar mag‘lub bo‘lganini o‘sha davlatlardagi shakar ishlab chiqaruvchilarning ahvolidan bilib olish mumkin.

Uzoqqa bormaylik, atrofimizdagi qo‘shnilardagi ahvolga bir nazar solaylik.

Davlatlar

1 kg narxi

So‘mda hisoblaganda

Rossiya

30 rub

4230 sum

Qirg‘iziston

46,88 som

6100 sum

Tojikiston

7 somoni

6907 sum

Qozog‘iston

220 tenge

5430 sum

Turkmaniston

Shakar aholiga talon bo‘yicha beriladi

O‘zbekiston

                            5360 so‘m

Shakar bo‘yicha qaysi davlat gegemonligini yuqoridagi jadvaldan bilish qiyin emas.

Yon qo‘shnimiz Qozog‘istondagi mavjud uchta shakar zavodi ayni vaqtda bankrotlikka uchrab, faoliyatini to‘xtatgan. Tojikistonda shakar qo‘shnilarga nisbatan eng qimmat hisoblansa, Turkmanistonda esa juda taqchilligi bois talon bilan cheklangan miqdorda beriladi.

Qirg‘izistondagi ikkita shakar zavodi ham kasodga uchrab bo‘ldi. Hattoki, ushbu shakar zavodlarining rahbarlari O‘zbekistondagi hamkasblariga ikkita zavodni 15 million AQSh dollariga sotish taklifi bilan chiqishgan. Ammo sotib olishning umuman imkoni yo‘q. Chunki o‘zimizdagi mavjud ikkita shakar zavodi ham bankrotlik ostonasida turibdi.

Sanksiya tufayli Rossiyaning shakar omborlari to‘lib bo‘lgan. Endi esa ular qo‘shni davlatlarning shakar bozorlarini egallamoqda. Aniqrog‘i, Rossiya Markaziy Osiyo davlatlaridagi shakar ishlab chiqaruvchilarini bankrot qilish evaziga o‘zining kasodga uchragan shakar zavodlarini oyoqqa turg‘izish ilinjida harakatni boshlab yuborgan. Rossiyaning strategik oziq-ovqatlardan biri bo‘lgan shakar borasidagi asl maqsadini birgina raqam ochiqlab beradi. Ya’ni, Rossiyadan tayyor shakar olinsa, har bir tonnasiga 80 AQSh dollari miqdorida boj joriy etgan. Rossiya hududidan olib o‘tiladigan shakar xomashyosidan esa bir tonna uchun 180 dollar boj undiriladi. Tayyor shakar bilan xomashyo o‘rtasidagi 100 dollarlik tafovutning o‘zi Rossiyaning shakar bo‘yicha monopolistlikka urinishini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

E’tibor qilgan bo‘lsangiz, narxlar jadvalida arzonligi bo‘yicha Qozog‘iston O‘zbekistondan keyingi o‘rinni egallagan. Ayni damda Qozog‘istondagi shakar zavodlari batamom kasodga uchrab bo‘lganligini anglagan Rossiya Qozog‘iston uchun shakar eksporti narxini 25 foizga ko‘tarib yubordi. Ya’ni Qozog‘istonda shakar bundan buyon 275 tenge (6875 so‘m) etib belgilandi. Qozog‘iston e’tiborsizlik oqibatida shakar zavodlarini boy berganini anglab yetgach, YeOIIga a’zo bo‘lishiga qaramay Rossiya shakarlariga bojlarni ko‘tarish orqali o‘zining mahalliy ishlab chiqaruvchilarini himoyalashga o‘tgan.

Shakar bo‘yicha oziq-ovqat xavfsiziligi kurashida O‘zbekiston qo‘shnilardan farqli o‘laroq, ancha vaqt chidab keldi. Endi esa chidashning imkoni qolmayapti. Chunki mahalliy bozorlarimizni Rossiya shakarlari egallab bo‘ldi.

Joriy yilning 3 aprel kuni Prezidentimiz «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Unda bir qator oziq-ovqat mahsulotlariga 2020 yil 31 dekabrga qadar O‘zbekistonga olib kirishda bojxona boji va aksiz solig‘ining nol stavkalari belgilangan.

Yil oxiriga qadar O‘zbekistonga hech qanday bojxona bojisiz va aksiz solig‘isiz olib kiriladigan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatida tayyor shakar ham kiritilgan.

Endi yurtimizdagi mavjud «Angren shakar» va «Xorazm shakar» MChJlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar omborlarda qolib ketmoqda. Bu esa korxonalar faoliyatini to‘xtatishidan dalolat. Ushbu ikki korxonada faoliyat yuritib kelayotgan 2000 nafar xodim ishidan ayrilish barobarida bir yilda davlat g‘aznasiga tushayotgan turli ko‘rinishdagi 198 milliard so‘mlik soliqlar ham yo‘q bo‘ladi.

Xavfli tomoni, strategik oziq-ovqat hisoblanadigan shakar mahsuloti bo‘yicha oziq-ovqat xavfsizligi izdan chiqib, o‘zga davlatga tobelik yuzaga keladi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan import o‘rtasidagi katta tafovut o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, shakar mahsuloti bo‘yicha sog‘lom raqobat buzilish ehtimoli ham yo‘q emas. Raqobatdagi muvozanat buziladigan bo‘lsa, mustaqillik boshlaridagi shakar bo‘yicha muammolar yana qayta boshlanmaydimi?

Bir zamonlar «shakar vasvasasi», «shakarga navbatga turish» degan gaplar xalq orasida bejizga ommalashmagan.

Bugun tashqaridan keladigan tayyor shakarga qarshi mahalliy raqobatchilarimizni saqlab qola olmasak, ichki monopolist o‘rnini tashqi monopolist shafqatsizlarcha egallamaydimi?

Qimmat mashina sotib olmasligimiz mumkin, qimmat aviakompaniyada emas, oddiy poyezdga ko‘nikarmiz balki. Ammo tashqi shakar monopoliyasiga chidash ancha qiyin bo‘ladi. Yaqin o‘tmishdagi talonga shakar olishlar yana takrorlanishini hech kim xohlamaydi.

E’tibor qiling, hattoki necha yillardan buyon tinchlik nimaligini bilmaydigan qo‘shni Afg‘oniston ham o‘zining shakar zavodiga ega. Bu esa mahalliy aholini shakar bilan beminnat ta’minlash qanchalik muhimligiga ishora.

Yana qaytarib aytaman, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizni nazorat qilishimiz va undan talab ham qilishimiz mumkindir, ammo o‘zga davlat monopolistlaridan hech narsani talab qilib bo‘lmaydi.

Eslatma: Muallif o‘rtaga tashlayotgan ayni masala tahririyat nuqtai nazarini anglatmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring