14 yoshli qizaloqning nomusiga tekkan shaxslar jazosiz qolmoqda

Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida 2020 yilning sentyabr oyida 14 yoshli qizaloqni o‘g‘irlash, nomusiga tegish kabi mudhish jinoyat sodir etilgan shaxslar hamon jazosiz qolayotgani ma’lum qilindi.
O‘zA nashri keltirgan ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yilning yoz oylarida qizaloq ammasining uyiga mehmonga boradi. Karantin tufayli ko‘chada transport harakati cheklangani uchun u taksida uyga qaytmoqchi bo‘ladi. Ko‘chada to‘xtagan yengil mashinaga o‘tiradi.
Mashina ichida bo‘lgan yana bir yigit qizaloqni ko‘rib, shum reja tuzadi. Uni tog‘li hududga olib qochadi. Dachaga olib borib, qizaloqqa qandaydir dori ichiradi. Hushini yo‘qotgan qizni esa turli xil alfozda rasmlarga tushiradi. O‘ziga kelgach esa uni avrab, «bu yerga kelganingni hech kimga aytmasang, uyingga olib boraman», deydi. Shundog‘am qo‘rqib ketgan qiz rozi bo‘ladi. Uyga kelgach hech kimga lom-lim demaydi.
Qo‘lida yetarlicha «dalil»lar bo‘lgan yigit kunlarning birida qizga qo‘ng‘iroq qilib, «sumkang qolib ketibdi, chiqsang berib yuboraman», deb aytadi. Sodda qiz sumkasi uchun uydan chiqib borganida esa unga o‘sha suratlarni ko‘rsatib, birga ketmasa, suratlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib, sharmanda qilish bilan qo‘rqitadi. Qattiq qo‘rqib ketgan qiz yana mashinaga o‘tiradi. Bu safar yigit qizaloqni ko‘p qavatli uylardan biriga olib boradi...
Qiz yo‘qolib qolganini bilgan oila-a’zolari uni qidirishga tushadi. O‘sha paytda Moskvada ishlayotgan otasi ham yetib keladi.
Qizning otasi B.ning aytishicha, u farzandini bir hafta mobaynida qidirgan, bu haqda ichki ishlar organlariga ham murojaat qilgan. Qanchalik harakat qilmasin, u qizini topa olmaydi. Oradan bir-necha kun o‘tib, abgor bir ahvolda qiz uyiga kirib keladi va otasining qistovi bilan hamma voqeani birma-bir so‘zlab beradi.
Ma’lum bo‘lishicha, qiz keyingi ikki kunni tashlandiq, kimsasiz bir hududda och-nahor o‘tkazgan. Zo‘rovon nafaqat uning nomusini toptagan, balki uning kimsasiz joyda o‘lib ketishini ham reja qilib, uni ovloq joyda bo‘lgan temir konteynerga qamab ketgan. Baxtli tasodif tufayli qiz konteynerdan chiqib, uyiga uzoq masofa piyoda yurib qaytib kelgan.
Ota voyaga yetmagan qizini tahqirlagan, bu jarayonda ishtirok etgan shaxs haqida ma’lumotlarni to‘plab, 2020 yil sentyabr oyining oxirlarida O‘rta Chirchiq tumani ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan.
Ariza bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari boshlangan. Biroq bu harakatlarning oxiri hali ham ko‘rinmagan. Ota ichki ishlar bo‘limiga qatnab charchaganidan so‘ng ko‘plab yuqori tashkilotlarga murojaatlar yo‘llagan. Ammo murojaatlarga «tegishli organga yuborildi, natijasi haqida ma’lum qilamiz», degan mazmunda javoblar kelgan, xolos.
Voyaga yetmagan qizaloqni tahqirlagan shaxslar oradan olti oy o‘tgan bo‘lsa ham nega hamon jazoga tortilmadi, degan savol ochiqligicha qolmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter