Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Afg‘onistonga elektr uzatish tariflari o‘zgarmagan – «O‘zbekiston MET»

Afg‘onistonga elektr uzatish tariflari o‘zgarmagan – «O‘zbekiston MET»

Joriy yil 22-fevral kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar o‘rtasida savdo-iqtisodiy, energetika, transport va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalariga doir muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi.

23 fevral kuni esa Abdul G‘ani Barodar Afg‘oniston OAVga O‘zbekistondagi muzokaralar yuzasidan matbuot anjumani berib, unda O‘zbekiston tomoni yoz oylarida elektr energiyasi yetkazib berishni ko‘paytirishga va kelgusi yilda tariflarni pasaytirishga rozilik bildirganini aytgan.

«O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari» kompaniyasi esa Afg‘onistonga eksport qilinayotgan elektr tariflari bilan bog‘liq xabarlarni rad qilmoqda.

«Janubga eksport qilinadigan elektr energiyasi tariflari arzonlashtirilishi bo‘yicha hech qanday o‘zgarish qilinmagan», – deyiladi munosabatda.

Qayd etilishicha, bo‘lib o‘tgan o‘zaro uchrashuvlarda ikki tomonlama manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, energetika, transport va boshqa sohalarda hamkorlikni izchil rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashilgan.

Shuningdek, energetika yo‘nalishida afg‘on tomoni so‘roviga asosan, 220—500 kV kuchlanishli «Surxon – Puli-Xumri» elektr tarmog‘ini qurish loyihasini qo‘shimcha nimstansiyalar va tarmoqlar barpo etish hisobiga kengaytirishga kelishilgan.

Loyihaning optimallashtirilgani va qurilishda mahalliylashtirilgan mahsulotlar ulushining ortishi hisobiga esa qurilish xarajatlarini 252 million AQSh dollaridan 222 million dollarga tushirish borasida dastlabki kelishuvga erishilgan.

«Shartnoma hozirgi vaqtda kelishuv jarayonida va kelishuv yakunlanganidan keyin imzolanadi.

Shu bilan birga, Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish bilan bog‘liq tariflar bo‘yicha hech qanday rasmiy o‘zgarish qilinmagan», – deyiladi «O‘zbekiston MET» AJ axborot xizmati munosabatida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring