Ajratilgan puldan to‘g‘ri foydalanilsa, o‘qituvchilarni jamoat ishlariga jalb etishga hojat qolmaydi
![Ajratilgan puldan to‘g‘ri foydalanilsa, o‘qituvchilarni jamoat ishlariga jalb etishga hojat qolmaydi](https://xabar.uz/static/crop/2/6/920__95_2645064635.jpg)
Keyingi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilar bilan bog‘liq masalalar tez-tez muhokama qilinmoqda. Ayniqsa, o‘qituvchilarning jamiyatimizdagi nufuzini tiklash yuzasidan bildirilayotgan fikrlar juda ham o‘rinli deb o‘ylayman.
Haqiqatan ham, o‘qituvchilik eng ulug‘, eng mo‘’tabar kasb ekanligiga qaramasdan, boshqalar u yoqda tursin, hatto ayrim muallimlarning o‘zlari yoki yaqinlarining «men bir oddiy o‘qituvchiman», «mening ota-onam oddiy o‘qituvchi» degan so‘zlari bugungi kunda ularning kasbi to‘g‘risida ma’lumot berishdan ko‘ra ko‘proq o‘zlarining jamiyatning eng xokisor, eng ojiz qatlami vakillari ekanligining izhoriga aylanib qolmoqda.
Bunday bo‘lishiga bugungi kungacha saqlanib kelayotgan bir qator omillar sabab bo‘layapti. Eng keng tarqalgan va ko‘pchilik e’tirof etadigan holatlardan biri muallimlarning yuqori tashkilot vakillari, yuqori lavozim egalari tomonidan pedagogik faoliyatga mutlaqo bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, jumladan hududlarni tozalash, obodonlashtirish, makulatura va metallom yig‘ish, paxta terish kabi ishlarga «ixtiyoriy-majburiy» ravishda ochiqdan-ochiq jalb etilishidir.
Eng achinarlisi bugungi kunda yuqoridagi kabi ishlarni amalga oshirishning qonuniy va moliyaviy tomonlari hal etilgan bo‘lishiga qaramasdan, ushbu imkoniyatdan to‘liq foydalanilmayotganligidir.
Haqiqatan ham prezident farmoniga ko‘ra ishsiz shaxslarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga keng jalb etish asosida aholi bandligini ta’minlash maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Jamoat ishlari jamg‘armasi tashkil etilgan. 2018-yil bo‘yicha ushbu jamg‘armaning mablag‘i 714 milliard so‘mga yaqin etib belgilangan. Xo‘sh, bu mablag‘dan kimlar qanday ishlar uchun hamda qancha miqdorda foydalanishi mumkin?
Iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ob’yektlarini ishchi kuchi bilan ta’minlash maqsadida ishsizlar eng kam oylik ish haqining besh barobari(860 ming so‘m)dan ortiq bo‘lmagan miqdorda oylik ish haqi tayinlangan holda jamoat ishlariga jalb qilinadi. Bunda budjet tashkilotlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan tashkil qilingan jamoat ishlarida ish haqi bo‘yicha to‘lovlar 100 foiz, tadbirkorlik sub’yektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari buyurtmalari asosida tashkil qilingan jamoat ishlarida esa ish haqi bo‘yicha to‘lovlarning 50 foizi jamg‘arma hisobidan qoplanadi.
Jamoat ishlariga aholi punktlari, mahallalar va boshqa hududlarni obodonlashtirish (ko‘kalamzorlashtirish, tozalash, oqlash, madaniy ob’yektlar, ziyoratgohlar, qabristonlar va ariqlarni tozalash kabilar); uy-joy kommunal va boshqa infratuzilma ob’yektlarini ta’mirlash; ko‘chalar, yo‘llar va yo‘laklarni ta’mirlash; mavsumiy qishloq xo‘jalik ishlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini ta’mirlash; nogironlar, keksalar, bemorlar va boshqalarni parvarishlash; sanoat tarmoqlari va xizmatlar ko‘rsatish sohasi tashkilotlaridagi ishlar; ob’yektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari kiradi. Shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq ehtiyojdan kelib chiqqan holda jamoat ishlarining boshqa turlari ham nazarda tutilishi mumkin.
Ko‘rib turganingizdek, bugun o‘qituvchilar bajarayotgan jamoat ishlarini ish qidirib yurgan boshqa shaxslarga ish haqi to‘lagan holda amalga oshirish imkoniyati mavjud. Biroq joylarda ushbu imkoniyatdan yetarlicha foydalanilmayapti. Misol uchun, o‘rganish tashkil etilgan tuman bo‘yicha 2018-yil uchun 3,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu har bir oy uchun o‘rtacha 266 million so‘mga to‘g‘ri keladi. Bu pulga 860 ming so‘m ish haqi to‘lanadigan 300 nafardan ortiq ishchini yoki 430 ming so‘m ish haqi to‘lanadigan 600 dan ko‘proq ishchini jamoat ishlari bilan ta’minlash mumkin. Biroq ushbu tumanda yanvar-fevral oylarida atigi 150 nafarga yaqin ishchi uchun 80 million so‘mdan jamg‘arma mablag‘i o‘zlashtirilgan xolos.
Endi o‘zingiz xulosa qilishingiz mumkin: bitta tumanda 12 oy davomida 600 dan ko‘proq ishchi jamoat ishlarini bajarsa, o‘qituvchilarni jamoat ishlariga jalb etishga ehtiyoj qoladimi?!
Jamiyatimizda shakllanib qolgan noto‘g‘ri tushunchalardan biri o‘quvchi maktabga kelmagani, uy vazifasini bajarmagani, ta’lim muassasasiga belgilangan formada kelmagani, darsda o‘qituvchiga qo‘pollik qilgani uchun ota-onalar bir chetda qolib, o‘qituvchining o‘zi aybdor bo‘lib qolayotganidir. Bunday holatlar uchun o‘qituvchi bilan birga ota-onalarning ham javobgarligini kuchaytirish o‘ta zarur deb o‘ylayman. Ta’lim-tarbiyada ota-onalar va o‘qituvchilar hamkorligi nihoyatda muhim!
Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimanki, men ham bir oddiy o‘qituvchiman va bundan faxrlanaman!
Abdurashid Abduqodirov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter