AKT vazirligi huzuridagi inspeksiya va markaz tugatildi
![AKT vazirligi huzuridagi inspeksiya va markaz tugatildi](https://xabar.uz/static/crop/1/0/920__95_1042849209.jpg)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori (2018 yil 21-noyabr) qabul qilindi. Qarorning to‘liq matni bilan O‘zA da tanishish mumkin.
Qarorda ko‘rsatilishicha, axborot sohasida yagona davlat siyosati ro‘yobga chiqarilishining samaradorligini oshirish, telekommunikatsiya, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash sohasidagi nazorat tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining shu vazirlik huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiyani hamda Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazini tugatish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan.
- Umumiy shtat birligi 198 nafar, shu jumladan, hududiy bo‘linmalarda — 110 nafar bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat inspeksiyasi);
- davlat unitar korxonasi shaklida Texnik ko‘maklashish markazi (keyingi o‘rinlarda — Markaz);
- Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining «Xavfsiz shahar» jamoat tartibiga ko‘maklashish markazi tashkil etiladi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazining bo‘shayotgan 135 nafar shtat birligi Markazga o‘tkaziladi.
Davlat inspeksiyasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiyaning huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Markaz Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi, «Xavfsiz shahar» loyihasini amalga oshirish bilan bog‘liq huquq va majburiyatlari bundan mustasno.
Davlat inspeksiyasi Markazning ta’sischisi hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter