Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Andijon mashina zavodi 3−4 yildan keyin bizga kerak ham emas» — prezident

«Andijon mashina zavodi 3−4 yildan keyin bizga kerak ham emas» — prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqot davomida Asakadagi UzAuto Motors avtomobil zavodi faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tdi, deb xabar berdi «Gazeta.uz».

Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov 5 yil avval Andijonga kim kelsa GM (UzAuto Motors’ning oldingi nomi) avtomobil zavodidan boshqa ko‘rsatadigan hech narsamiz yo‘q edi, deya ta’kidladi.

O‘z navbatida davlat rahbari zavod 35−40 foiz zararga ishlaganini, harajatlar davlat tomonidan qoplab kelinganini qayd etdi.

«Biror marta mahsulotini foyda bilan ishlab chiqarmagan. Agar hozirgidek raqobat bo‘lib, zavodni keng okeanga qo‘yib yuborganimizda mashina soni ko‘payar, ham arzon, ham raqobatbardosh bo‘lardi», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev zavod berilgan soliq va boshqa imtiyozlarga qaramasdan hech qachon xalq manfaati uchun xizmat qilmaganini ta’kidladi.

«Eksportga yuborgan mashinamizni ichki bozorga nisbatan 30−40 foiz arzonroq qilib sotar edik. Chegaradan o‘tkazib qo‘yar edik-da, eksport qilayapmiz der edik. U eksport emas, balo edi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident kelgusida raqobat muhiti shakllanishi natijasida zavod ham ish faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri kelishini qayd etdi.

«Andijon mashina zavodi 3−4 yildan keyin bizga kerak ham emas. Nimaga desangiz, mana Toshkent viloyatida, Namanganda ochilyapti, Jizzaxda hech kim tasavvur qilmagan 2−3ta zavod ochayapmiz. Shuning uchun biz Andijon zavodini ko‘rsatganimizda ham faqat rasmini ko‘rsatar edik, binosi chiroyli edi. Ichi (ishlab chiqarishi nazarda tutilmoqda — tahr.), iqtisodiyoti ma’qul emas edi», — dedi davlat rahbari.

Andijon viloyati xokimi Shuhrat Abdurahmonovning aytishicha, avvallari viloyat ish o‘rinlari yaratishda faqat zavodga umid bog‘lagan edi, biroq hozir minglab odamlarni ish bilan ta’minlashga qodir tadbirkorlar faoliyat yuritmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring