Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Andijon turmasi»dan mahkumning o‘ligi chiqdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

«Andijon turmasi»dan mahkumning o‘ligi chiqdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Mahalliy aholi orasida «Andijon turmasi» deya ataladigan viloyat IIB 3-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan mahkum vafot etdi. «Xabar.uz» so‘roviga javoban ayni ma’lumotni Bosh prokuratura matbuot xizmati tasdiqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, mahkum 31 yoshli shahrixonlik S.T. bo‘lib, unga nisbatan o‘tgan yilning yanvar oyida o‘g‘rilik jinoyati uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Qarshidagi jazoni ijro etish muassasasida ma’lum muddat «o‘tirgach», qolgan qismi axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilishi natijasida S. T. ozodlikka chiqariladi.

Biroq S.T. axloq tuzatish ishlari jazosini belgilangan tartibda o‘tashdan bo‘yin tovlagani sabab, sud hukmiga asosan yana ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilib, joriy yilning 19 mart kuni u Andijon viloyati IIB 3-son tergov hibsxonasiga joylashtiriladi.

Oradan to‘rt kun o‘tib, ya’ni 2022 yilning 21 mart kuni yuqorida qayd etilgan tergov hisbxonasida S.T. vafot etadi.

Mahkum olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgani e’tiboridan ayni paytda O‘zbekiston  Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘ladigan darajada qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari Andijon shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring