Andijon va Xorazm alohida «xonlik»mi?
Xorazm viloyatidagi umumta’lim maktablarida hamda Andijon viloyatidagi ta’lim muassasalarida 11 yanvardan an’anaviy tarzda o‘quv jarayonlari boshlanishi e’lon qilindi.
«O‘zgidrometrologiya markazi xabariga ko‘ra, 11-18 yanvar kunlari viloyatimizda havo haroratining keskin tushib ketmasligini inobatga olib, 2023 yilning 11 yanvar sanasidan barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qish jarayoni boshlanishini ma’lum qilamiz», deyiladi Xorazm viloyati xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati xabarida.
«O‘zgidromet» 11-12 yanvar kunlariga Xorazmda -23 darajagacha sovuq ob-havoni prognoz qilmoqda. «Havo haroratining keskin tushib ketmasligi» shumi?
«Andijon viloyatidagi ta’lim muassasalarida 11 yanvardan rasman o‘quv jarayonlari boshlanishini ma’lum qilamiz.
Shu bilan birga, ta’lim muassasalarining kelgusi faoliyati ob-havo sharoitidan kelib chiqqan holda tashkil etiladi», deyiladi Andijon viloyati hokimligi xabarida.
«O‘zgidromet»ga ko‘ra, Andijon viloyatida ham havo iliq bo‘lmaydi.
Nega bu ikki hudud hukumat qaroriga qarama-qarshi qaror chiqargani noma’lum.
Holatga huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev munosabat bildirdi.
«To‘g‘risi, ta’lim ham o‘yinchoq bo‘lib ketdi. Bir qarasang falon narsa bo‘ladi deyishadi, bir qarasang yana uni bekor qilishadi. Shuni boshidan puxta o‘ylab, o‘rganib, keyin qaror qilishsa bo‘lmasmidi?
Huquqiy tomondan qarasak, ta’til muddatini uzaytirish haqidagi qarorni Bosh vazir qabul qilgan edi. Ayrim hududlarda ta’tilni muddatidan avval tugatishga Bosh vazir yana ruxsat beribdimi? Yoki hokimlar Hukumat qaroriga qarama-qarshi ta’tilni tugatish to‘g‘risida o‘zlari qaror chiqaryaptimi? Qachondan buyon o‘zi hokimlar ta’til muddatini uzaytirish yoki qisqartirishga aralashadigan bo‘lib qoldi? «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunning 27-moddasida hokimlarga bunaqa vakolat berilmagan.
Xullas, hammayoq “kasha”. O‘rtada ta’lim — talabalar va o‘quvchilar sarson», deydi u.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter