Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonda IIB xodimi shifokorni kaltakladimi? Bosh prokuratura vaziyatga oydinlik kiritdi

Andijonda IIB xodimi shifokorni kaltakladimi? Bosh prokuratura vaziyatga oydinlik kiritdi

Foto: Videolavhadan skrinshot

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda shifokor IIB xodimi tomonidan kaltaklanganiga oid xabar tarqaldi.  Uzuq-yuluq lavhada shifoxonada ikki erkak mushtlashayotgani, ularni ajratishga urinayotgan yana bir shaxsning harakatlari behuda ketayotgani va voyaga yetmagan bir bolaning jon holat chinqirganini ilg‘ash mumkin edi, xolos. Lavha ortidan esa zo‘ravon IIB xodimi ekani ta’kidlanadi.

Holat bo‘yicha Bosh prokuratura bilan bog‘langan «Xabar.uz» qisqa vaqtda quyidagi ma’lumotni oldi.

Mahkama matbuot xizmatiga ko‘ra, voqelik  2020-yil 29-avgust kuni soat 17:30 lar chamasida Andijon tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 3-sonli qishloq oilaviy poliklinikasida yuz bergan. Shu kuni navbatchilik qilayotgan umumiy amaliyot shifokori Yu.Ozodbekov Andijon tumani, Kengash MFYda yashovchi G‘. Madaminovning  (1980-yilda tug‘ilgan) uch yashar jiyanini koronavirus pandemiyasi bilan gumon qilingan shaxslarni joylashtiruvchi izolyasiya xonasida qabul qilmoqchi bo‘ladi. Bundan jahli chiqqan G‘.Madaminov navbatchi shifokor Yu.Ozodbekov bilan o‘zaro janjallashib ketadi va uni urib, tan jarohati yetkazadi.

Mazkur holat bo‘yicha olib borilayotgan tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida G‘.Madaminov va shifokor Yu.Ozodbekov o‘zaro yarashib olishganligini, bir-biriga nisbatan hech qanday da’vo yoki e’tirozi yo‘qligini bildirib, sud-tibbiy ekspertizadan o‘tishdan bosh tortishadi. Shundan kelib chiqib, tergovga qadar tekshiruvni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

To‘plangan hujjatlar nazorat tartibida o‘rganilganida profilaktika inspektori surishtiruv harakatlarini bir tomonlama olib borganligi, holatga guvoh bo‘lgan qo‘shimcha shaxslarni aniqlamaganligi, ijtimoy tarmoqlarga aks etgan holatlarini ish hujjatlariga qo‘shmaganligi va boshqa surishtiruv harakatlarini olib bormasdan shoshma-shosharlik bilan hech qanday protsessual ahamiyatga ega bo‘lmagan qaror qabul qilganligini aniqlandi.

Shunga ko‘ra, mazkur qaror 13-sentyabr kuni Andijon tuman prokurori tomonidan bekor qilinib, tuman IIB HPB TP profilaktika inspektori F.Irgashevga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati «zo‘ravon rostanam ham IIB xodimimi?» degan savolga quyidagicha aniqlik kiritdi: janjallashgan fuqaro G‘.Madaminov, uning ukasi Sh.Madaminov tuman IIB tezkor vakili vazifasida ishlaydi.  Hozircha u shifoxonaga akasi va shifokor o‘rtasida janjal bo‘lib o‘tganidan so‘ng yetib borgani ma’lum.

Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring