Andijonda ikki sinfdoshning biri 5 yil, ikkinchisi 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
Andijon viloyatining Qorasuv shahrida yashovchi, 1983 y.t., muqaddam sudlangan A.D. sinfdoshi Sh.J. bilan o‘zaro til biriktirib, 2023 yilning avgust oyida Qirg‘iz Respublikasida istiqomat qiluvchi shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga davlat chegarasi orqali noqonuniy o‘tkazilgan 87 turdagi «Fokusin», «Dopegit», «Kogitum», «Erinit» va boshqa dori vositalarini qabul qilib olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati hamda bojxona organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Baholash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MChJ xulosasiga ko‘ra, dori vositalarining umumiy qiymati 1.616.802.000 so‘mni tashkil qilgan.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» DM ekspertiza tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalarining ma’lum bir qismi tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar davlat ro‘yxatidan o‘tmagan, davlat reyestriga kiritilmagan hamda ularga nisbatan muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagan.
Ta’kidlash lozimki, fuqaro A.D. muqaddam uyushgan guruh tarkibida valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish va bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish jinoyatlarini sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Holat yuzasidan A.D. va Sh.J.ga nisbatan DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 182-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tuman sudi tomonidan esa A.D.ga nisbatan 5 yil hamda Sh.J.ga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter