Bashar Asadni qamashga berilgan order bekor qilindi

Fransiya kassatsiya sudi 2025-yil 25-iyulda Bashar Asadni hibsga olish orderini bekor qildi. Bu haqda Franceinfo xabar berdi.
Suriyaning sobiq prezidenti (2000-2024) 2013-yil avgustida Sharqiy Guta, Adra va Doumadagi kimyoviy hujumlar bilan bog‘liq insoniyatga qarshi jinoyatlar va harbiy jinoyatlarga sheriklikda ayblangan.
Bashar Asadni hibsga olish orderi 2023-yilning noyabrida chiqarilgan. Biroq prokuratura bu haqda shikoyat qilishga urindi, chunki xalqaro huquq normalariga ko‘ra, amaldagi davlat rahbarlari, bosh vazirlar va tashqi ishlar vazirlari boshqa mamlakatlar sudlarida jinoiy javobgarlikka tortilishdan mutlaq shaxsiy immunitetga ega.
2024-yil iyun oyida Parij apellyasiya sudi orderni o‘z kuchida qoldirdi. Ammo hozir Fransiyaning oliy sudi prokurorning dalillarini qo‘llab-quvvatladi. Shu bois, o‘sha paytda hamon davlat rahbari bo‘lgan Asadga nisbatan hibsga olish orderi haqiqiy emas deb topiladi.
Biroq kassatsiya sudi raisi ommaviy bayonotida Bashar Asad 2024-yil dekabrida hokimiyatdan ag‘darilgani va endi o‘z lavozimini egallamagani sababli uning daxlsizligi yo‘qolganini ta’kidladi. Bu shuni anglatadiki, endilikda xuddi shu yoki boshqa ayblovlar, xususan, harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha hibsga olish uchun yangi orderlar chiqarish mumkin.
Fransiyada Asadga nisbatan sud tergovi davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter