Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bayram bahona taksichilarning «ketmoni uchdi»

Bayram bahona taksichilarning «ketmoni uchdi»

Foto: «Sputnik»

Yurtimiz bo‘ylab bayram nafasi kezib yuribdi. Odamlarning qalbida bayram nashidasi, xursandchiliklar davom etmoqda. Navro‘zni har birimiz o‘zgacha zavqu shavq bilan nishonladik. Chunki besh kun dam olish kunlari berildi. Qulaylik bo‘lsin deb samolyotu poyezdlar chiptalari arzonlashtirildi. Poytaxtda ishlayotganlarning ko‘pchiligi o‘zi tug‘ilib-o‘sgan zaminga borib-kelishi, yaqinlarining holidan xabar olishi uchun imkoniyat yaratildi. Demak, kimningdir oilasida bayram ustiga bayram bo‘ldi. Navro‘z uzoqlashib ketgan dillarni bir-biriga bog‘ladi. Mehr va iliqlik ulashdi. Saxovatini darig‘ tutmadi.

Ammo chegirmali chiptalarga «yetolmagan» odamlarning taksichilaru avtobus haydovchilaridan ko‘ngli qoldi. Xullas, 18-martdan 22-martgacha taksichilar «Keldi ochilur chog‘ing» qabilida ish tutdilar. Yo‘lkira narxi sun’iy ravishda oshirildi. Masalan, Navoiy viloyatiga — 70 ming so‘m (avval 50 ming bo‘lgan),  Qashqadaryo viloyatiga — 70-80 ming so‘m (avval 40 ming so‘m bo‘lgan), Surxondaryo viloyatiga — 120-150 ming so‘m (avval 60 ming so‘m bo‘lgan). O‘ylab ko‘rsangiz, samolyotga chipta ham bundan arzon tusharkan.

Avtobuslarni aytmaysizmi, talabalarga juda qiyin bo‘ldi, ayniqsa. Navoiy viloyatiga yo‘lkira haqi 70 ming so‘m deb turgan haydovchiga talaba yalinayapti:

— Aka, pulim kamroq edi, bir amallab tik turib bo‘lsa ham yetib olaman. 60 mingga olib keting.

Bunday holatni ko‘rib achinasiz. Mehribonlik, xayru saxovat, bag‘rikenglik, qadr bayramida qilinadigan ishmi shu?

Aslida bu bayram odamlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, bag‘rikenglik, xotirjamlik, bir-birini avaylab-asrash, yelkadosh bo‘lish kabi ulug‘ tuyg‘ular yurakda jo‘sh urishi uchun imkoniyat yaratadigan ayyom emasmidi?

Ha, yana bir gap. «Taksichilar ham odam, shu kuni ishlab olmasa qachon ishlab oladi yana?» deydiganlar ham bor oramizda. To‘g‘ri, ular ham yashashi, ishlab olishi kerak. Ammo o‘n barmog‘ini og‘ziga tiqib emas, insof bilan ishlasa ham bo‘ladi-ku! Ular daromadidan soliq to‘lasharmikan? O‘zi bunday kunlarda narx-navoni kimdir nazorat qilishi kerak emasmi? Mutasaddilar qayerga qarashdi? Savollar ko‘p.

Bizning esa «har bahorda shu bo‘lar takror» degimiz kelmaydi.

Dilfuza Ergasheva

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring