Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Berlin devorining qulashi, Yevroittifoq uchun mushkul sinov, islohga muhtoj BMT. Germaniya elchisi bilan eksklyuziv suhbat

Berlin devorining qulashi, Yevroittifoq uchun mushkul sinov, islohga muhtoj BMT. Germaniya elchisi bilan eksklyuziv suhbat

Gyunter Overfeld 2017 yil sentyabrdan buyon GFRning O‘zbekistondagi elchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Foto: «Xabar.uz»

3-oktyabr – Germaniyada birlik-birdamlik kuni sifatida bayram qilinadi. Ushbu sana arafasida Germaniyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld bilan suhbatlashdik. Muloqot asnosida suhbatdoshimiz O‘zbekiston–Germaniya hamkorligi hamda dunyo siyosatining dolzarb masalalarga munosabat bildirdi. 

– Elchi janoblari, joriy yil O‘zbekiston va Germaniya hamkorligi tarixida sermahsul yil sifatida yodda qoldi. 2019-yil yanvarda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga rasmiy tashrif bilan bordi. May oyida GFR prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer yurtimizga javob tashrifi bilan keldi. Yil davomida ikki mamlakat o‘rtasida turli sohalarda bir necha milliard dollarlik shartnomalar imzolandi. Mazkur bitim va kelishuvlarning istiqbolini qanday baholaysiz?

– Mamlakatlarimiz hamkorligi turli sohalarda mustahkamlanib bormoqda. Buni savdo-iqtisodiy munosabatlarga doir raqamlar ham tasdiqlaydi. Keyingi ikki yilda Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 20 foizga oshdi. Bu, albatta, katta ko‘rsatkich.

O‘sish sur’atini barcha jabhalarda kuzatish mumkin. Yaqinda qurilish sohasida o‘tkazilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston kompaniyalari faol ishtirok etdi. O‘z navbatida, qishloq xo‘jaligi yarmarkasida Germaniyaning «Slaas» kompaniyasi yangi loyihalarni taklif etdi.

Ayni paytda O‘zbekiston mahsulotlarini nafaqat Germaniya, balki Yevropa ittifoqi bozorlariga olib kirish istiqbollari ko‘rib chiqilmoqda.  Bu esa mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Ayni choqda, oziq-ovqat hamda to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib kirish borasida maxsus talablar borligini unutmaslik kerak. Biz ayni shu jabhada – sertifikatlash va standartlash bo‘yicha ham hamkorlik qilmoqdamiz. Bir oycha avval Germaniya delegatsiyasi Toshkentda mazkur masalada muzokaralar olib bordi. Joriy yil noyabrda Berlinda o‘tadigan hukumat va ishbilarmon doiralar ishtirokidagi uchrashuvlarda ham sertifikatlash va standartlash masalalari muhokama etiladi.

Ikki o‘rtada uzoq muddatli loyihalar bor. Ularni hayotga tatbiq etish uchun muayyan fursat kerak bo‘ladi. Muhimi, biz bitimlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida faol sa’y-harakat olib bormoqdamiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston erkinlik va islohotlar yo‘lidan bormoqda. Kezi kelganda, biz bu o‘zgarishlardan mamnun ekanimizni qayd etishni istar edim. GFR prezidenti Frank Valter-Shtaynmayer joriy yil may oyida O‘zbekiston rahbari bilan suhbatda ham bu jihatni alohida ta’kidladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, prezident Mirziyoyev O‘zbekistonga dunyoga eshiklarini ochdi. Bu esa taraqqiyot yo‘lidagi dadil qadamdir.

Germaniya Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish borasida jonbozlik ko‘rsatayotgan mamlakatlardan biri sanaladi. Termiz shahrida 2002-2016-yillarda faoliyat yuritgan bundesver kontingenti o‘z vaqtida qo‘shni mamlakatda barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash jarayonida faol ishtirok etgan edi. Afg‘on zaminidagi notinch vaziyat hali-hamon xalqaro hamjamiyat diqqat markazida turibdi. Ana shunday pallada Germaniya harbiylari yana Termiz bazasiga qaytadi degan taxminlar ham ilgari surilmoqda...

– Qat’iy ishonch bilan aytamanki, olmon harbiy kontingentining Termizga qaytishi masalasi kun tartibiga qo‘yilmagan. Ammo O‘zbekiston bilan harbiy hamkorlik davom ettirilmoqda. Joriy yil may oyida o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan kelishuvga erishdik. Bunga ko‘ra, Germaniya tomonidan Termiz shahrida afg‘on harbiylari uchun malaka oshirish dasturi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Biz O‘zbekiston rahbariyati Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish masalasiga jiddiy e’tibor qarayotganidan mamnunmiz.

– 9-noyabr kuni Berlin devori qulaganiga 30 yil to‘ladi. «Sovuq urush» davrining mash’um merosi sanalgan devorning yakson etilishi nafaqat Germaniya, balki butun dunyoda ozodlik yo‘lida kurashayotgan insonlarni ruhlantirib yuborgan edi. Berlin devori yagona olmon millatini ikki lagerga bo‘lib tashlagani, oilalarni parokanda qilgani ma’lum. Mazkur fojia rejissyor Volfgang Bekkerning «Alvido, Lenin!» (Good bye, Lenin) badiiy filmida g‘oyat ta’sirli ochib berilgan. Nazarimda, har bir olmon qalbida «temir parda»ning yakson etilishi hamda GDR va GFRning birlashuvi bilan bog‘liq o‘ziga xos xotira yashaydi. Mamlakatingiz hayotida inqilob yasagan ushbu voqeani Siz qanday eslaysiz?

– Berlin devori qulashi bilan biz bilgan dunyo boshqa dunyoga aylandi. O‘sha lahzalarda aksar millatdoshlarim kabi men ham to‘laqonli erkinlik paydo bo‘lganini his etdim.

Maktab davrida sinfdoshlarim bilan Berlinga sayohat qilganmiz. O‘shanda shahar markazidagi mahobatli Brandenburg darvozasini ham ziyorat qilganmiz. Darvoza yaqinida tiklangan mash’um devor shaharni ikkiga bo‘lib turar edi. Tikan simlar, qurollangan askarlar, jangovar holatdagi tank – bu manzara kechagidek yodimda. O‘shanda devor osha yuragimizning bir parchasi bo‘lmish yaqinlarimiz yashayotgan Sharqiy Berlinga boqqanmiz...

Berlin devori qulashi – erkinlik g‘oyasining g‘alabasi. 1989 yil 10 noyabr. Foto: «Reuters»

Dunyoda misli ko‘rilmagan devor bir xalqni bo‘lib tashladi. Tasavvur qiling, Toshkentning Chorsu maydoni o‘rtasiga baland devor tiklansa... Sharqiy Germaniyada ko‘pchilik qatori bizning ham do‘stlarimiz, qarindoshlarimiz bor edi. Ammo yaqin do‘stu qadrdonlar bir-biri holidan xabar olish imkonidan mahrum edi. Jiddiy sabab bo‘lsagina safar qilishga izn berilardi. Xususan, GDRning 60 yoshdan o‘tgan fuqarolarigina G‘arbiy  Germaniyaga kelishi mumkin edi.

Esimda, oilaviy suhbatlarda ikk davlat birlashishi lozimligi haqida ko‘p gapirilardi. Ayniqsa, erkinlik ne’matidan mahrum GDRda yashayotgan millatdoshlarim buni ko‘proq orzu qilgani ayni haqiqat.

Devor qulaganidan bir necha oy o‘tib, ota-onamning do‘stlari biznikiga mehmonga kelishdi. Bir necha o‘n yilga cho‘zilgan ayriliqdan keyin qadrdonlar bir-birlari bilan ko‘zyoshlar ila diydorlashgan edi. Bunday his-tuyg‘uni deyarli har bir olmon oilasi boshdan kechirgan.

– So‘nggi yillarda dunyo siyosatdonlari orasida BMT Xavfsizlik kengashi faoliyatini isloh etish borasidagi bahslar qizg‘in tusga kirmoqda. Germaniya tashqi ishlar vaziri Hayko Maas ham ommaviy axborot vositalariga intervyularida Kengash bugungi kun talab-ehtiyojlariga javob bermasligini ta’kidlab keladi. Xo‘sh, rasmiy Berlin BMT Xavfsizlik kengashi qay tartibda isloh etilishini istaydi?

– BMT Xavfsizlik kengashi tashkilotning asosiy boshqaruv idorasi sanaladi. U harbiy harakatlarga ruxsat berish vakolatiga ham ega. Bu jihatdan ushbu tuzilma dunyo tinchligi va barqarorligida muhim o‘rin tutadi.

Ta’kidlash joizki, BMT Xavfsizlik kengashining hozirgi tarkibi zamonaviy dunyo tartibotiga javob bermaydi. O‘tgan 70 yil davomida dunyoda keskin o‘zgarishlar ro‘y berdi. Afrika, Lotin Amerikasi hamda Osiyoda o‘nlab mamlakatlar o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Jumladan, jahon xaritasida O‘zbekiston deb atalgan suveren davlat paydo bo‘ldi. Ammo mazkur o‘zgarishlar BMT Xavfsizlik kengashi faoliyatida aks etganicha yo‘q.

Modomiki, Xavfsizlik kengashiga butun dunyo xalqlari nomidan ish yuritish vakolati berilar ekan, u isloh etilmog‘i lozim. Avvalo, Kengashda har bir mintaqa vakili o‘z fikrini bildirish huquqiga ega bo‘lmog‘i darkor. Qolaversa, mamlakatlarning BMT faoliyatiga ajratayotgan moddiy ko‘magi miqdori ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak. Germaniya BMTga majburiy a’zolik badalini muntazam to‘lab kelayotgan to‘rtinchi yirik mamlakat sanaladi. Biz inson huquqlari, olis hududlar aholisi yashash tarzini yaxshilash kabi maqsadlar uchun ham ixtiyoriy ko‘mak ko‘rsatamiz. Majburiy va ixtiyoriy badal miqdori qo‘shib hisoblansa, Germaniya xalqaro tuzilmaga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda ikkinchi mamlakat ekani ayon bo‘ladi.

Germaniya, Yaponiya, Hindiston hamda Braziliya (G4 – «Katta to‘rtlik») BMT Xavfsizlik kengashini isloh etish borasida hammaslak, hamfikrdir. Ma’lumki, Xavfsizlik kengashining jami 15 ta – 5 ta doimiy hamda 10 ta muvaqqat a’zosi bor. «Katta to‘rtlik» esa Kengashga 6 ta doimiy (Osiyo va Afrikadan ikkitadan, G‘arbiy Yevropa va Lotin Amerikasidan bittadan davlat) hamda 4 ta muvaqqat a’zo qo‘shishni taklif etmoqda. Shu tariqa doimiy a’zolar soni 25 taga yetadi. Biz taklif etayotgan islohot varianti Kengash faoliyatida turli mintaqalar tamsil etilishini ta’minlaydi. Qolaversa, mazkur o‘zgarish xalqaro tuzilmaning global muammolarga tez va soz javob qaytarishiga xizmat qiladi.  

Albatta, tuzilmani isloh etish xamirdan qil sug‘urgandek oson kechmaydi. Taklif etilayotgan islohot BMT Nizomiga o‘zgartirish kiritishni taqozo etadi. Buning uchun esa BMT Bosh assambleyasiga a’zo 193 mamlakatning uchdan ikki qismi taklifni qo‘llab-quvvatlashi lozim. Keyin esa loyiha milliy parlamentlarda birma-bir ratifikatsiya qilinishi zarur. To‘g‘ri, hozircha dunyo davlatlari Kengash faoliyati qay tartibda isloh etilishi borasida yakdil qarorga kelgani yo‘q. Ammo muhimi ko‘p sonli davlatlar islohot o‘tkazilishini yoqlayotir.

Yaqinda Germaniya tashqi ishlar vaziri Hayko Maas bu borada fransuz hamkasbi bilan birgalikda tashabbus e’lon qildi. Mazkur tashabbus hozirga qadar 40 dan oshiq davlat tashqi siyosat mahkamalari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

– Germaniya Yevropa ittifoqiga asos solgan olti davlatdan biridir. Mamlakatingiz Yevroittifoq uchun mushkul bo‘lgan pallalarda ham birlik va birdamlikni himoya qilib kelmoqda. Ammo «Brexit», Yevropaning qator mamlakatlarida millatchilik kayfiyatdagi siyosiy partiyalar faollashayotgani sabab integratsiya xavf ostida qolgani haqida farazlar aytilmoqda. Cizningcha, YeI integratsiyaga qarshi guruhlar bosimini yengish uchun qanday choralar ko‘rishi kerak? Umuman, «yagona Yevropa uyi»ning kelajagini qanday tasavvur qilasiz?

– Yevroittifoqqa asos solingan ilk yillardan to hozirga qadar Germaniya integratsiya g‘oyasiga sodiq bo‘lib kelgan.  Yevro inqirozi bo‘ladimi, migratsiya muammolarimi – har qanday mushkul holatdan chiqish yo‘li mavjud. Ayrim davlatlarda YeIga nisbatan tanqidiy fikrlar aytilayotgani rost. Ammo baribir ko‘pchilik – yagona Yevropa g‘oyasi tarafdori. Joriy yil may oyida Yevropa parlamenti uchun o‘tkazilgan saylov ham buni yana bir karra tasdiqladi.

YeI barcha jabhada to‘g‘ri siyosat yuritmoqda degan fikrdan yiroqman. Menimcha, bu borada ikki yo‘nalishda o‘zgartirish amalga oshirilishi kerak. Birinchidan, Ittifoq hududida yashayotgan oddiy fuqarolar Bryussel qabul qilayotgan qarorlarga ta’sir ko‘rsata olishi kerak. Ikkinchidan,  subsidiarlik kuchaytirilishi, tegishli masalalar Bryusselda emas, mahalliy darajada hal etilishi lozim.

– Olmon tili dunyoning eng nufuzli lisonlaridan biri sanaladi. Iohann Volfgang Gyote, Tomas Mann, Herman Hesse, Gyunter Grass kabi ulug‘ adiblar ijod qilgan ushbu tilni o‘rganishga O‘zbekistonda ham ishtiyoqmandlar bisyor. Dunyo bo‘ylab qariyb 16 million, jumladan, O‘zbekistonda 400 mingga yaqin yoshlar olmon tilini xorijiy til sifatida o‘rganmoqda. Ammo, tadqiqotlarga qaraganda, so‘nggi yillarda nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda olmon tilini o‘rganuvchilar soni kamaymoqda. Olmon tilini yanada keng targ‘ib etish, ingliz tili bilan ijobiy ma’nodagi raqobatda munosib bellashish uchun nimalar qilish kerak deb o‘ylaysiz?

– Butun dunyoda olmon tili xorijiy til sifatida o‘qitilmoqda. Germaniya akademik almashuvlar xizmati (DAAD) hamda «Maktablar: kelajak hamkorlari» tashabbusi doirasida jahon mamlakatlariga ma’ruzachilar yuboriladi.

Darhaqiqat, O‘zbekistonda olmon tilini o‘rganayotganlar soni 400 mingdan ziyod. Oliy va o‘rta maxsus hamda Xalq ta’lim vazirliklari vakillari esa O‘zbekistonda olmon tiliga qiziqish kuchayib borayotganini aytmoqdalar. Shu bois biz o‘qituvchi va ma’ruzachilar sonini oshirish, stipendiyalarni ko‘paytirishga harakat qilmoqdamiz. Bu o‘rinda ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi robitalar ham kengayib borayotganini qayd etishni istardim. Hozirga qadar 50 ga yaqin oliy o‘quv muassasalari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi.

Viloyat safarlaridan esdalik. Olmon elchisi o‘zbekistonlik yoshlar davrasida. Foto: Germaniya elchixonasi

– Elchi janoblari, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotganingizga roppa-rosa ikki yil bo‘ldi. O‘tgan muddat mobaynida mamlakatimizda o‘zingiz uchun nimalarni kashf qildingiz?

– O‘zbekistonda turli millat va elatlar, jumladan, milliy ozchilik sanalgan olmonlar ahil-inoq yashab kelayotganini alohida ta’kidlamoq lozim. Kundalik hayotda ham bag‘rikenglik yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bugungi ixtiloflar zamonida bu – e’tirofga loyiq holat. San’at hamda madaniyatda ham Sharq va G‘arb tamadduniga xos turli usul-uslublar bir havodan nafas olib ravnaq topayotganini ko‘rish mumkin.

San’at haqida so‘z borar ekan, Germaniya elchixonasi amalga oshirgan o‘ziga xos ijodiy loyiha xususida ham to‘xtalib o‘tmoqchiman. Berlinlik rejissyor Ernst Lyubich 1919 yilda suratga olgan «Qo‘g‘irchoq» nomli ovozsiz film Buxoro, Qarshi va Termiz shaharlarida «So‘g‘diyona» o‘zbek milliy cholg‘ulari kamer orkestri badiiy rahbari Feruza Abdurahimova tomonidan yaratilgan musiqiy kompozitsiyalar jo‘rligida namoyish qilindi. Ushbu ijodiy loyiha G‘arb va Sharq uyg‘unligining go‘zal namunasi bo‘ldi.

Sobir Salim suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring