Bir kelib keting, qishlog‘imizga...
Har gal bu dilga yaqin qo‘shiqni tinglaganda qalbingizni olis bolalik xotiralari, so‘lim qishloqlar sog‘inchi chulg‘ab oladi, tarovatli bog‘lar xayoli, ketmoniga suyangan samimiy va oddiy mehnatkash insonlar qiyofasi ko‘z o‘ngingizda gavdalanadi. Qir-adirlarda aks sado bergan yoshlikning ovozini qo‘msaysiz, ona qishlog‘ingizga otlangingiz keladi...
O‘zbekiston qishloqlari azal-azaldan go‘zal va tarovatli. Bugungi kunda yurtimizning olis go‘shalarida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari qishloqlar qiyofasini yanada o‘zgartirib yubordi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Shaharga tenglashayotgan qishloqlar jamolini ko‘rib ko‘zingiz quvonadi. Zamonaviy uy-joylar, shaharnikidan qolishmaydigan shart-sharoitlar, albatta, zamondoshlarimizning farovon hayot kechirishlari uchun yaratilayotganligi ayni haqiqat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlagan «... xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rishni istaydi. Bizning mehnatkash, oqko‘ngil, bag‘rikeng xalqimiz bunga to‘la haqlidir» so‘zlari bugun hayotda o‘z isbotini topayotganligi ertangi kunga katta ishonchdir.
«Obod qishloq» loyihasini amalga oshirish harakatlari Navoiy viloyatida bahorning ilk kunlarida yurtboshimizning Navoiy viloyatiga aynan eng olis Tomdi tumaniga tashrifi chog‘idan boshlangan edi. Oradan o‘tgan qisqa fursatda «Obod qishloq» loyihasiga kiritilgan qishloqlar tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi.
Tomdi tumanidagi Utemurat, Nurota tumanidagi Chuya, Uchquduq tumanidagi Qulquduq, Xatirchi tumanidagi Xo‘jaqo‘rg‘on, Qiziltepa tumanidagi Malikobod qishloqlari «Obod qishloq» loyihasi bo‘yicha tanlab olingan. Barcha hududlarda ish qizg‘in. Xususan, Tomdi tumanidagi Utemurat qishlog‘ini bugun ulkan qurilish maydoniga qiyoslash mumkin. Tuman markazidan salkam 150 kilometr olisda joylashgan chorvadorlar yurti — 1659 nafar aholi istiqomat qiladigan 184 xonadonli ushbu qishloqda uy-joylar va boshqa ob’yektlarni qurish-ta’mirlash ishlariga 70ta viloyat va tuman tashkilotlari, 310 nafar ishchi, 11ta texnika jalb etilgan.
Loyihaning birinchi bosqichida qurilish normalari va sanitariya talablariga javob bermaydigan, ta’mirtalab uylar, ya’ni 154ta turarjoydan aksariyat qismi ta’mirdan chiqarildi. Qishloqda bittadan mahalla guzari, bolalar bog‘chasi, va sport maydonchasi qurilishi davom etmoqda.
— Tomdiga Prezidentimizning tashriflari biz qizilqumliklarning ko‘nglini nihoyatda ko‘tardi, — deydi Tomdi tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ziba Tulekova. — To‘g‘risi, keyingi yillarda iqlim o‘zgarishi, ob-havo injiqliklari, bozor iqtisodiyoti murakkabliklari tomdiliklarni biroz qiynab qo‘ygandi... Tumanimiz aholisining 51,2 foizini ayollar tashkil qiladi. Yaratilayotgan shart-sharoitlar eng avvalo ayollarimizning og‘irini yengil, turmushini farovon qilishga qaratilgan. Bugun to‘qson yillik tarixga ega Tomdi o‘zgacha qiyofa kasb etib, yangilanish nafasini his qilmoqda.
— «Obod qishloq»larni axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur etish qiyin, albatta, — deydi O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i F.Teshayev. — Ushbu loyiha doirasida amalga oshirilayotgan barcha obodonlashtirish va qurilish ishlarini doimiy monitoring qilib borish maqsadida videokuzatuv tizimini hamda mazkur qishloqlar va viloyat hokimligida tashkil etilgan shtablar o‘rtasida audioselektor tizimini tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan.
Xatirchi tumanidagi Xo‘jaqo‘rg‘on qishlog‘ida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlarining onlayn videokuzatuvi tashkil etildi. Qiziltepadagi Malikobod qishlog‘idagi ish jarayonlarini videokuzatish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shuningdek, mobil aloqa operatorlari tomonidan mazkur obod qishloqlarda zamonaviy aloqa va internet xizmatlari ko‘rsatish borasida ishlar amalga oshirilmoqda. «O‘zMobayl» filiali Navoiy bog‘lamasi mutaxassislari tomonidan joriy yilning mart oyida Tomdi tumani Utemurat qishlog‘ida ishlab turgan SDMA-450 1x texnologiyasidan SDMA-450 EVDO yuqori tezlikdagi internet xizmatini taqdim etadigan texnologiyaga o‘tkazilishi tashkil etildi.
Uchquduq tumanidagi Qulquduq qishlog‘i hududida ham «O‘zMobayl» mobil aloqa operatorining yuqori tezlikdagi internet xizmatini taqdim etadigan SDMA-450 EVDO texnologiyasiga o‘tkazilishi tashkil etilgan.
Bundan tashqari, Nurota tumanidagi Chuya qishlog‘i hududi UMS, Ucell mobil aloqa operatorlarining GSM (2G) hamda «O‘zMobayl» mobil aloqa operatorining CDMA texnologiyalari bo‘yicha aloqa qamrovi bilan ta’minlangan. 2018 yilning oxiriga qadar Ucell operatori tomonidan ushbu hududda 3G tarmog‘ini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi farmoni boshlangan bunday xayrli ishlarning huquqiy asoslarini yaratib berishi, xalqimizning yorug‘ kelajagini ta’minlashi shubhasiz.
Marusa Hosilova, «Xabar» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter