BMT: dunyodagi qochqinlar soni o‘n yildan so‘ng ilk bor kamaydi
BMT Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi (UNHCR) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi qochqinlar va majburiy ko‘chirilgan shaxslar soni so‘nggi o‘n yillikda birinchi marta qisqardi.
Hisobotda qayd etilishicha, 2025-yil yakuniga kelib qochqinlar va o‘z mamlakati ichida majburan yashash joyini o‘zgartirgan shaxslar soni 117,8 million nafarni tashkil etgan. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan qariyb 5 million nafarga kam.
Jahon bo‘yicha qochqinlar soni 3 foizga qisqarib, 35,6 million nafarga yetgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, qochqinlarning qariyb 70 foizi Afg‘oniston, Janubiy Sudan, Sudan, Suriya, Ukraina va Venesuela fuqarolaridan iborat.
Tashkilot mazkur o‘zgarishni ko‘plab insonlarning o‘z vataniga qaytishi bilan izohlamoqda. 2025 yil davomida 14,7 million kishi o‘z mamlakatlariga qaytgan.
Eng ko‘p qaytish holatlari Kongo Demokratik Respublikasi (3,6 mln kishi), Sudan (3,5 mln), Suriya (3,3 mln), Afg‘oniston (2 mln), Ukraina (718 ming) va Myanmada (415 ming) qayd etilgan.
BMT bu natijani so‘nggi yillarda kuzatilgan rekord darajadagi majburiy migratsiyadan keyingi muhim o‘zgarish sifatida baholamoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter