Bojxona organlari ham o‘z bayrog‘i va belgisiga ega bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-avgustdagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlarining bayrog‘i va farqlash belgisi tasdiqlandi. Shuningdek, ularni tayyorlash, ishlatish, saqlash va yo‘q qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom ham kuchga kirdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi bojxona xizmati organlarining bayrog‘i taraqqiyot va barqarorlikni ifoda etuvchi to‘q ko‘k rangli to‘g‘ri burchakli mato ko‘rinishiga ega.
Bayroqning uzunligi – 250 sm., eni – 125 sm. Bayroq markazida O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona organlarining farqlash belgisi tasvirlangan.
Bayroq boshqa o‘lchamlarda bo‘lishi mumkin, ammo hamma hollarda bayroqning eni uning uzunligiga nisbati 1:2 tashkil etishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlarining farqlash belgisi mustahkamlik, barqarorlik, sobitlik va doimiylikni ifoda etuvchi kumush rangli sakkiz qirrali shakliga ega bo‘lib, uning ichki qismida sakkizburchakdan oq rangli xalqa bilan ajratilgan yashil rangdagi doirasimon chiziq bilan o‘ralgan kumush rangli globus tasvirlangan.
Doirasimon chiziqning yuqori qismida oq rangli bosh xarflar bilan lotin alifbosida «O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI», pastki qismida «DAVLAT BOJXONA XIZMATI» deb yozilgan. Yozuvlar sakkiz qirrali ikkita yulduz bilan ajratilgan.
Globus va O‘zbekiston Respublikasi xaritasi markazida tasvirlangan Merkuriy tayog‘i O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini ximoya qilish va iqtisodiy havfsizligini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasining dunyoning barcha davlatlari bilan savdo munosobatlarini rivojlantirish va mustahkamlashni anglatadi.
Ta’kidlash joizki, bojxona organlarining bayrog‘i va farqlash belgisi bojxona organlarining rasmiy ramzlaridir.
Bojxona organlari bayrog‘i va farqlash belgisining tasviri o‘quv-tarbiyaviy jarayonda ishlatilishi, bojxona organlari tizimida mukofotlar elementi sifatida foydalanilishi, bojxona organlariga tegishli ekanligini belgilab berilishi maqsadida buyumlarda joylashtirilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida bojxona organlarining bayrog‘i va farqlash belgisining tasviridan peshtaxta, blanka, hisob raqamlari, va boshqa hujjatlarda, e’lonlar va reklamalarda, tovarlar va ularning o‘ramida, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tijorat faoliyatini amalga oshirishda bojxona organlarining nomlariga o‘xshash bo‘lgan belgilardan foydalanish ta’qiqlanadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlarning belgisi va atributida bojxona organlarining bayrog‘i va farqlash belgisigan o‘xshash elementlarning bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, bojxona organlari xodimlari bojxona organlari bayrog‘i va farqlash belgisini hurmat qilishlari shartligi ham ushbu hujjatda belgilab qo‘yildi.
Qarorning to‘liq matni bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter