Boku Yerevandan talon-toroj etilgan konlar bo‘yicha tovon talab qilishi mumkin

Ozarbayjon tomoni okkupatsiya davrida mamlakat konlaridan noqonuniy foydalanganlik holati bo‘yicha Armanistondan zararni talab qilishi mumkin.
«Report.az» nashri chop etgan maqolaga ko‘ra, rasmiy Boku mamlakat iqtisodiyoti va ekologiyasiga yetkazilgan moddiy zarar borasida xalqaro mahkamalarga murojaat etishga haqli. Ozarbayjon konlarning ishg‘olgacha va ishg‘oldan keyingi holatiga doir dalillarga ega ekani aytilmoqda.
1990-yillarda Qorabog‘ mintaqasi okkupatsiyasi bilan yakunlangan urushdan keyin Ozarbayjonga tegishli 150 dan ziyod konlar qo‘shni davlat nazoratida qolib ketgan.
Rasmiy Bokuga ko‘ra, Armaniston AQSh, Kanada, Livan, Fransiyadagi diaspora shirkatlari orqali konlardagi tabiiy boyliklarni noqonuniy qazib olgan. Masalan, Qorabog‘dagi Seyudlu oltin konidan noqonuniy foydalanilgani borasida da’vo mavjud.
Mintaqadagi Qizilbuloq konida qariyb 50 mln tonna mis, Mexmana konida 37,3 mln tonna qo‘rg‘oshin va 40,4 mln tonna rux, Temirli konida 100 mln tonna mis zaxirasi bor.
2020 yilning kuzida 44 kunlik urushdan keyin Ozarbayjon aksar hududlarini qayta qo‘lga kiritgan.
Avval xabar berganimizdek, 2022 yil 12 dekabrdan buyon Ozarbayjon nodavlat tashkilotlari vakillari Lochin–Xonkendi yo‘lida norozilik namoyishi o‘tkazmoqda.
Ekofaollarning ta’kidicha, hududning rus qo‘shini joylashgan qismida Ozarbayjonga tegishli tabiiy boyliklar noqonuniy ravishda qazib olinmoqda.
Ozarbayjon iqtisodiyot, ekologiya, tabiiy resurslar idoralari ekspertlari hududga monitoring uchun qo‘yilmagan. Boku ushbu holat bo‘yicha Moskvaga norozilik notasi topshirgan. Pirovardida mahalliy faollar e’tiroz ramzi sifatida namoyish boshlagan. Aksiya qatnashchilari tabiiy boyliklar qazib olinishi bo‘yicha monitoring o‘tkazish va ekologik terrorni to‘xtatishni talab qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter