Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolalarga shafqatsiz munosabat aks etgan videolari tarqalgan bog‘cha yopildi

Bolalarga shafqatsiz munosabat aks etgan videolari tarqalgan bog‘cha yopildi

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi «Rayyan Kids Group» xususiy bog‘chasining yuridik shaxsi hisoblangan «Rayyan Kids Land» oilaviy korxonasiga berilgan nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish litsenziyasini bekor qildi. Sud qarori Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining da’vo arizasi asosida qabul qilindi.

Sud materiallariga ko‘ra, tashkilotga litsenziya 2025-yil 13-avgust kuni berilgan. Ish ko‘rib chiqilgandan so‘ng litsenziyani bekor qilish haqida qaror chiqarildi.

Raislik qiluvchi sudya tomonlarga qarorning mazmun-mohiyati, uni apellyasiya tartibida shikoyat qilish muddati va tartibini ham tushuntirdi.

Bog‘cha faoliyatiga oid bahslar iyul oyi boshida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video ortidan boshlangan edi. Kadrlarda tarbiyachining bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgani aks etgan.

Xususan, videoda bir bolaning og‘ziga mato tiqilgani, yana bir tarbiyalanuvchining qo‘li eshikka qisib qo‘yilgani ko‘ringan. Ushbu holat keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Video tarqalganidan so‘ng Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vaziyatni nazoratga olganini ma’lum qildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mutasaddilar ishtirokida maxsus ishchi guruh tuzildi.

Toshkent shahri IIBB ma’lumotiga ko‘ra, 36 yoshli tarbiyachi tarbiyalanuvchilarga nisbatan muntazam ravishda jismoniy kuch ishlatgan hamda ularga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan.

Bolalarga yetkazilgan tan jarohatlari darajasini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Shuningdek, Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi — «Qiynash» bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring