Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuratura: hozirgi paytda ishning «seniki-meniki»si bormi?

Bosh prokuratura: hozirgi paytda ishning «seniki-meniki»si bormi?

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Bosh prokuratura matbuot xizmati tarqatgan xabarlarga ko‘ra, bugun mahkama rahbari Nig‘matilla Yo‘ldoshev  (Toshkent shahar prokurori Bahriddin Valiyev hamrohligida) poytaxt aylanibdi. Bundan maqsad sayr-u sayohat emas, albatta.  Keyingi bir necha kunda bosh kentning bir necha nuqtasida  Covid-19 bilan kasallangan bemorlarni qabul qilishga mo‘ljallagan maxsus joylar tashkil etildi. Bosh prokuror o‘sha maskanlarda bo‘lib,  yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechiribdi.

Jumladan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti yotoqxonasida (Uchtepa tumani), Chilonzor tumanidagi «CARDIO STAR PLUS» MChJda  (bu joyda 50 nafar bemorlar uchun zahira o‘rinlar tashkil etilgan) bo‘lib, bemorlar uchun qanday sharoitlar yaratilgani, zarur uskuna va dori-darmon ta’minoti masalalari bilan qattiq qiziqqani ta’kid etiladi xabarda.

Yunusoboddagi «O‘zekspomarkaz»ga borishida shahar hokimi J. Ortiqxo‘javev ham hozir bo‘libdi. Tushunarli.

Albatta, favqulodda ko‘rilgan bunday choralar mamlakatimizda, ayniqsa, Toshkentda pandemiya bilan bog‘liq ahvol havasga qilgulik emasligidan dalolat beradi (bejizga mamlakat rahbari poytaxtdagi vaziyatni «sharmandalik!» deb baholamadi, axir?!).  Vaziyatni barqarorlashtirish uchun qattiq harakatga tushilgani yaxshi, albatta. Bu borada bor imkoniyat ishga solinayotganiga ham bor gap. Shunga qaramay  ko‘ngilda savol tug‘ildiki, vakolat doirasiga ko‘pam kirmaydigan bunday yumushlarga prokuratura organlari jalb etilayotgani hozirgi og‘ir paytda ularning quvvatidan samarali foydalanishmi yoki  ayrim mas’ullarni xushyorlikda ushlab turishmi?

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Ayni savollar javobi Bosh prokurorning poytaxt aylanganiga oid xabarlarga sharh-izoh bo‘lishi e’tiboridan mahkama matbuot xizmati bilan bog‘landik. Savolni eshitgan Bosh prokuratura matbuot xizmati mas’uli avvaliga xushyor tortdi. So‘ng «xayolga kelmagan gaplarni topasizlar-a», degan mazmunda pisanda qilarkan, tizimda qonuniylik ta’minlashi masalasida shubha yo‘qligi aytdi, keyin qo‘shimcha qildiki, hozirgi paytda ishlarning «seniki-meniki»si bormi, umummanfaatga xizmat qiladigan masalalarga hamma birdek mas’ul-ku?!

Yaxshi javob bo‘ldi, gap yo‘q.



Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring