Buxoro hokimi koronavirusga chalindi
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning koronavirusga chalingani hamda davolanish uchun Toshkent shahriga jo‘nab ketgani ma’lum bo‘ldi. Bu xabarni tasdiqlagan viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Olim Jo‘rayev hokim kasallikning yengil turini yuqtirganini ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, Botir Zaripov aholi va fuqarolar bilan uchrashuvlarda har doim ular bilan yaqin masofada bo‘lib kelgan.
«Odamlarni shu qadar yaxshi ko‘radi va o‘ziga juda yaqin oladi. Ularga hurmat va ehtirom sifatida qo‘l cho‘zib ko‘rishadi, yoshi keksa otaxon-onaxonlarga yelka tutadi. Bu esa shuncha himoyalanishga qaramay, kasallikning yengil formasini yuqtirishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin», — deydi axborot xizmati rahbari.
Viloyat rahbari davolanishdan oldin Buxoro shahridagi «Xo‘ja Mushkin» hamda «Zarafshon» mahalla fuqarolar yig‘inining obodonlashtirishdan keyingi ochilish marosimlarida qatnashgan. Biroq 30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan Prezident hamda yoshlar uchrashida ishtirok etmagan.
«Ayni paytda viloyat rahbari salomatligida manfiylik aniqlangan va u bir necha kungi muolajalarni o‘tab, Toshkent shahridan Buxoroga qaytmoqda», — dedi Olim Jo‘rayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter