Buxorodagi Poykent xarobalaridan qadimiy ashyolar topildi
Poykent xarobalarida olib borilgan tadqiqotlar natijasida metalldan yasalgan qadimiy qurollar va boshqa jihozlar topildi.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani hududida joylashgan bu maskan uzoq yillardan buyon O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti va Rossiya davlat Ermitajining Buxoro ekspeditsiyasi arxeologlari tomonidan o‘rganib kelinadi.
Buxoro davlat muzey – qo‘riqxonasi restavratori Dilmurod Xolovning bildirishicha, topilmalar orasida har xil o‘lchamdagi xanjarlar, niqob bo‘laklari, kamon nayzasi uchlari, askarlar sovutidan parchalar, qo‘l jangi chog‘ida ishlatiladigan metall uzuklar bor.
«Ular eramizdan avvalgi I asr va eramizning I asriga taalluqlidir. Bu noyob buyumlar saklar va massagetlar davriga oid ibodatxona janubida olib borilgan arxeologik qazishmalar chog‘ida aniqlandi. Bu jihozlar vohamiz, umuman, O‘rta Osiyodan topilgan eng qadimiy metall qurollar jamlanmasi sanaladi», – deydi D.Xolov.
Qayd etilishicha, topilmalar orasida olovni tashishga mo‘ljallangan, deya faraz qilinayotgan kapgir, hali nimaligi aniqlanmagan doirasimon jihoz va qo‘ng‘iroq ham bor. Qo‘ng‘iroq ibodatxona uchun mo‘ljallangan bo‘lib, yuzasi metalldan, ichi rangli metalldan, tilchasi suyakdan iborat.
Hozir topilmalarni konservatsiyalash, ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
«Xalq so‘zi» nashrining yozishicha, asrlar davomida yer qa’rida yotgan topilmalarni asl holiga keltirish mashaqqatli va serxarajat bo‘lib, ayni vaqtda restavratorlar homiylik yordamiga muhtoj.
Ma’lumot uchun, Poykentdan 2000, 2016 va 2017 yillarda olib borilgan arxeologik qazishmalar chog‘ida ham qadimiy qurollar topilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter