Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Buxorolik qardoshlarimiz mushkul pallada ko‘mak berganini aslo unutmaymiz» – Turkiya elchisi

«Buxorolik qardoshlarimiz mushkul pallada ko‘mak berganini aslo unutmaymiz» – Turkiya elchisi

Turkiya xalqi bir asr avval istiqlol uchun kurashda turkistonliklar ko‘rsatgan ko‘makni hamisha yodda saqlaydi. Bu haqda Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar 28 oktyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi.

29 oktyabr kuni Turkiya Respublikasi tashkil topganiga 100 yil to‘ladi. Shu munosabati bilan tashkil qilingan matbuot anjumanida elchi jurnalistlarga respublika ta’sis etilishining tarixiy ahamiyati haqida so‘zlab berdi.

«Usmoniylar davlati 1914–1918 yillarda Birinchi jahon urushida qatnashdi. Mag‘lubiyat sababli yerimizning bir qismi ishg‘olchilar qo‘liga o‘tdi. Xalqimiz Mustafo Kamol Otaturk boshchiligida istiqlol uchun kurashga kirishdi va o‘z davrining kuchli davlatlarini yenga oldi. Shu tariqa vatanimizni yana ozod qildik. Hurriyat uchun kurash kechgan vaqtda, mushkul pallada Buxorodagi qardoshlarimiz bizga ko‘mak jo‘natishdi. Biz buni aslo unutmaymiz», – deydi Olgan Bekar.

Diplomat Turkiya zamonaviy davlatchilikda qanday an’analarga tayanganiga ham aniqlik kiritdi.

«Respublika tashkil topgach, Turkiyada taraqqiyot va zamonaviylashuv yo‘lida misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirildi. Inqilobiy o‘zgarishlar qilishga bel bog‘lagan xalqimiz 700 yillik Usmoniylar davlati merosi hamda olis asrlarga borib taqaluvchi davlatchilik an’analariga tayandi», – deydi diplomat.

O.Bekar Turkiya 2003 yildan buyon Rajab Toyyib Erdo‘g‘on boshchiligida dunyo hamjamiyatidagi o‘rnini yanada mustahkamlash yo‘lida qat’iy odimlar otayotganini qayd etdi.

Elchiga ko‘ra, Respublika bayramining 100 yilligi O‘zbekistonda ham keng nishonlanadi.

«Turkiya Respublikasi tashkil topganining 100 yillik sanasi qardosh O‘zbekistonda nishonlanishi biz uchun alohida ma’no-mazmunga ega. Negaki, biz O‘zbekistonni ota yurtimiz, tamaddunimiz beshigi deb bilamiz. Ushbu tarixiy sana munosabati bilan ko‘plab tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan», – deydi elchi O.Bekar.

Ma’lumot o‘rnida, 1923 yilning  29 oktyabr kuni Turkiya Respublikasi (Türkiye Cumhuriyeti) tashkil topgani e’lon qilingan. Istiqlol kurashiga boshchilik qilgan Mustafo Kamol Otaturk mamlakatning ilk prezident etib saylangan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring