Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Serebral falaj (DSP) tashxisli bolalar qayerlarda o‘qishi mumkin?

Serebral falaj (DSP) tashxisli bolalar qayerlarda o‘qishi mumkin?

Serebral falajlik... Farzandiga ushbu tashxis qo‘yilgan ota-onaga oson tutib bo‘lmaydi. Biroq bu bolakaylar uchun ham hayot bir marta berilgan. Tushkunlikka tushish bilan o‘zingiz va jigarbandingizni qiynamang. Ishoning, bu ulkan olamda uning ham o‘z o‘rni bor! 

Bolaning sog‘lig‘ini tibbiy muolajalar bilan tiklashga uringaningiz singari uni ta’limning turli bosqichlariga jalb qilish orqali o‘qib-o‘rganishi, bir kasbning egasi bo‘lishi, kelajakda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashing. O‘ylaymizki, quyidagi ma’lumotlar bu borada Sizga asqotadi. 

Avvalo, mavzuni maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlasak. Zero, ota-onalar bemor farzandini ayaydi. Holati, sog‘lig‘i boshqalarnikidek emas, deya hamma narsadan himoya qilishga, barcha yumushlarni uning uchun ham o‘zlari bajarishga harakat qiladi. Bu esa noto‘g‘ri. Bola kundalik ishlarni, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish borasida hayotining ilk davrlaridanoq ko‘nikma hosil qilishi kerak. Biroq serebral falajlik tashxisli bolalarni qabul qiladigan bog‘chalar yurtimizda bormi?      

Maktabgacha ta’lim vazirligining rasmiy saytida qayd etilishicha, Toshkent shahridagi 560-sonli va 431-sonli, shuningdek, Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahridagi 37-sonli, Namangan viloyati, Mingbuloq tumanidagi 39-sonli bog‘chalar ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalari hisoblanadi. Ularga psixik rivojlanish va tayanch-harakat a’zolarida nuqsoni bor o‘g‘il-qizlar qabul qilinadi. Ushbu bog‘chalarning oddiylaridan farqli jihatlari va qabul shartlari bilan qiziqdik.  

Muassasamiz bolalar serebral falajligi, uning turli xil shakllari, Daun sindromi, og‘ir nutq yoki tayanch-harakat a’zolarida nuqsoni (ko‘krak deformatsiyasi, raxitning og‘ir asoratlari kabilar) bor bolalarga mo‘ljallangan, — deydi 560-sonli «Semurg‘» nomli jismoniy yoki aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ko‘p ixtisosli maxsus  maktabgacha  ta’lim  muassasasi metodisti Feruza Karimova. — Shu sabab jamoamiz malakali shifokorlar, nevropatolog, pediatr, uqalovchi hamshira, katta hamshira, tungi tibbiy xodimlar, defektolog, tarbiyachi, psixolog, suzish yo‘riqchisi, davolovchi jismoniy tarbiya yo‘riqchisi kabi mutaxassislardan tarkib topgan. 

Bog‘chamizda 5 kunlik, ya’ni dushanba tongidan juma kechga qadar bolalarni olib qolish tizimi joriy qilingan. Tarbiyalanuvchining sog‘lig‘i, ruhiy holati, shuningdek, oilaviy sharoiti, qatnov masalasi — barchasi hisobga olinib, bolani tunda olib qolishga ijozat beriladi yoki rad etiladi. 

Soat 09.00 da defektologning, so‘ng tarbiyachining guruhli mashg‘uloti, 10.00-10.20 lardan boshlab mutaxassislarning uqalash, suv muolajasi, davolovchi jismoniy tarbiya va psixologning psixokorreksiya saboqlari, musiqa rahbarining logoritmika mashg‘ulotlari birin-ketin amalga oshiriladi. 

Biz Toshkent shahri poliklinikalarida ro‘yxatda turadigan bolalarni qabul qilamiz. Boshqa hududlardan esa faqat Maktabgacha ta’lim vazirligining xati asosida tegishli komissiya xulosasiga ko‘ra qabul qilinadi. Bolalar mutlaqo bepul asosda tarbiyalanadi. 

Yurtimizda sanoqli bo‘lgan bunday maxsus bog‘chalardan birining rahbari esa quyidagilarni so‘zlab berdi. 

Sanoat Tojiboyeva, Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahridagi 37-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi: 

Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 528-sonli qaroriga asosan  faoliyat olib boramiz. Ya’ni, bizning muassasada korreksion-pedagogik va davolash-sog‘lomlashtirish ishlari olib boriladi. 

Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bor bolalarni ularning bilish imkoniyatlariga muvofiq tarbiyalash, nuqsonlarni korreksiyalash, imkoniyatiga qarab maktab ta’limiga tayyorlash, jamiyatga moslashuviga ko‘maklashish bizning asosiy maqsadimiz. 

Marg‘ilon shahri, shuningdek, Farg‘onaga tutash tumanlarda shu yo‘nalishdagi ixtisoslashtirilgan bog‘chalar bo‘lmagan hududdagi bolalarni qabul qilamiz. Bizda ham kunduzgi va yotib qoladigan 5 kunlik guruhlar tashkil etilgan. Hozir 90 nafar atrofida tarbiyalanuvchimiz bor. 

Maktabgacha ta’lim muassasasidan keyin, albatta, bolalarning o‘rta ta’lim maktablariga borishi ustida bosh qotiriladi. Serebral falajlik tashxisida asosan tayanch-harakat a’zolarda va qisman aqliy rivojlanishda oqsash kuzatiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining Bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va reabilitatsiya qilish sho‘basi mudiri Azizbek Mutaliyev ixtisoslashgan maktablar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi: 

— Bugungi kunda Xalq ta’limi vazirligi tizimida imkoniyati cheklangan, jismoniy yoki psixik rivojlanishda nuqsoni bor bolalar uchun 85ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar faoliyat ko‘rsatyapti. Mazkur muassasalarning:

- 50 tasi aqliy rivojlanishida nuqsoni bor;

- 17 tasi kar va zaif eshituvchi;

- 14 tasi ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi;

- 3 tasi tayanch-harakat a’zolari shikastlangan;

- 1 tasi nutqida og‘ir nuqsoni bor bolalar uchun ixtisoslashtirilgan. Ushbu muassasalarda 18 533 nafar o‘g‘il-qiz ta’lim-tarbiya olmoqda.

Davlat dasturi doirasida 2015-yili 30 ta, 2016-yili 2 ta, 2017-yili 6 ta, bu yil esa 7 ta ana shunday muassasada qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlari amalga oshirildi. 

Hozir ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda 4162 nafar o‘qituvchi faoliyat olib boradi. Ularning 97,7 foizi oliy ma’lumotli bo‘lib, 86 foizini defektolog-mutaxassislar tashkil etadi.

Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda ta’lim olayotgan o‘quvchilar darsliklar bilan to‘liq, bepul ta’minlanadi.

Bolalarni ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 13-sentyabrdagi 256-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmalari huzurida tashkil etilgan psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalar xulosasiga asosan amalga oshiriladi.

Vazirlik mutasaddisi nazarda tutgan maktablardan biri Toshkent shahridagi 100-sonli tayanch harakat a’zolari shikastlangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatidir. Butun respublikadan o‘quvchilarni qabul qiladigan va ayni kunda o‘z quvvatidan ko‘ra anchayin ko‘proq o‘quvchi tahsil olayotgan ushbu muassasaning ma’naviy ishlar bo‘yicha direktori o‘rinbosari Shafoat Abdulhayevani  suhbatga tortdik.  

Maktab-internatimizga bolalar serebral falajligi, shuningdek, ikki va undan ortiq tashxis qo‘yilgan murakkab nuqsonli o‘quvchilar qabul qilinadi. Ular yotoqxona, uch mahal issiq ovqat va bepul darsliklar bilan ta’minlangan.  

Aslida, maktabimiz 240 o‘ringa mo‘ljallangan, lekin ayni damda birinchidan to o‘ninchi sinfgacha 320 nafar o‘quvchi o‘qimoqda. Sababi muassasamizga talab juda katta. 

Tahsil umumta’lim dasturi bo‘yicha amalga oshiriladi. Ommaviy sinflarimizdagi dars jarayonlari boshqa maktablardagi o‘qitish tizimidan qariyb farq qilmaydi. Biroq murakkab nuqsonli bolalardan iborat yordamchi sinflarimiz yordamchi dastur, ya’ni soddalashtirilgan programma va alohida kitoblar asosida o‘qitiladi. 

Aksar ota-onalar maktab-internatlaridan keyin farzandi o‘qishni qayerda davom ettirishi mumkinligini bilmaydi. Holbuki, yurtimizda bir nechta ixtisoslashtirilgan kollej mavjud.  

Mamlakatimizda bugungi kunda 4ta ixtisoslashtirilgan kollej: Toshkent imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-xunar kolleji, Respublika imkoniyati cheklanganlar shaxslar uchun kasb-hunar kolleji, Samarqand imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus kolleji hamda Imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan Farg‘ona shahar respublika kasb-hunar kolleji mavjud, — deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi bosh mutaxassisi Ixtiyor Hamidov. — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-yanvardagi 5313-sonli farmoniga asosan, 11 yillik umumta’lim joriy etilgani sababli kasb-hunar kollejlariga qabul to‘xtatilgani bois 2018-2019 o‘quv yilida imkoniyati cheklangan shaxslarni qabul qilishga ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlariga o‘quvchi qabul qilinmadi. Biroq 2019-2020-o‘quv yilidan 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi.  

Yuqoridagi farmonda belgilab berilgan vazifalarga ko‘ra, kasb-hunar ta’limi tizimini yanada takomillashtirishni muvofiqlashtirish Respublika komissiyasi tomonidan Hukumat qarori loyihasini tayyorlash (2019-yil 1-yanvar) jarayonida imkoniyati cheklangan shaxslarga mo‘ljallangan kasb-hunar kollejlarini Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazib, 9-sinf bitiruvchilari negizida o‘quvchilarni qabul qilishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. 

Keyingi suhbatdoshimiz Kasb-hunar ta’limi markazi bosh mutaxassisining so‘zlarini tasdiqlar ekan, quyidagilarni qo‘shimcha qildi. 

Murodali Vahobov, Toshkent shahridagi imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan respublika kasb-hunar kollejining o‘quv ishlari bo‘yicha direktori o‘rinbosari:  

Kollejimizda harakat-tayanch a’zosida nuqsoni bor, ko‘zi ojiz, zaif eshituvchi 600 nafardan ziyod o‘quvchilar tahsil oladi. Butun respublika bo‘yicha qabul amalga oshirilishi bois 400 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxonamiz ham mavjud. O‘quvchining sog‘lig‘i va kasb yo‘nalishiga qarab o‘qish muddati 1, 2 yoki 3 yilni tashkil etadi. Barcha bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplom beriladi va ular bemalol turli tashkilotlarda faoliyat olib borishlari mumkin. Buning uchun yetti yo‘nalish (kiyimlar modeler-konstruktori, radioelektron apparatlarni montaj qilish, kompyuter va kompyuter tizimlarini sozlash va ta’mirlash bo‘yicha texnik; buxgalter, poyabzal buyumlarini tayyorlovchi va ta’mirlovchi; maishiy xizmat texnikalari (muzlatgich, televizor va hokazo)ni ta’mirlash bo‘yicha usta; to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish texnik-texnologi) bo‘yicha kasb-hunar sirlari o‘rgatiladi. 

Bitiruvchilarimiz orasida oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshiruvchilar nisbatan kam. Ularning katta qismi o‘z hunari, egallagan kasbi bilan mehnat qilishga intiladi. Bosh maqsad o‘quvchilarimizning o‘zini va kelajakda oilasini moliyaviy jihatdan ta’minlay oladigan, jamiyatda o‘z o‘rnini topa oladigan darajaga yetishida ko‘maklashish. 

«O‘z boshimdan o‘tgan»

Nigora Soatova (ism-familiyasi o‘zgartirilgan), Toshkent shahri:

— Qizimga bolalar serebral falajligi tashxisi qo‘yilgan edi. Qizimni avval ixtisoslashtirilgan  bog‘chaga, so‘ng maktab-internatga berdim. Orada bir qancha tibbiy muolajalar va operatsiyalarni boshdan o‘tkazdi. So‘ng ixtisoslashtirilgan kollejda o‘qidi. Yillar davomida bog‘cha, maktab va kollejlarda u o‘ziga kerakli barcha ko‘nikmalarga ega bo‘lib bordi. Mana, hozir 23 yoshda, buxgalter bo‘lib ishlaydi. Bir qarashda uni sog‘lom tengdoshlaridan mutlaqo ajrata olmaysiz. Shunday ekan, boshqa ota-onalarga ham farzandingizni qo‘llab-quvvatlang, ana shunday o‘quv muassasalariga olib boring, ta’lim olishi imkoniyat yarating, degim keladi.    

Shohsanam Niyozova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring