Dunyoqarashingiz shunchalik tormi?!
Bugungi shiddatli zamon ijodkordan tinimsiz izlanishni, yangilanishni talab etadi. Bir lahzaga to‘xtash — unutilishga mahkumlik demakdir. Biroq san’at olamining shafqatsiz raqobatida «omon qolish» har kimda har xil kechmoqda.
Bir paytlar «Tutash taqdirlar» serialida iboli, hayoli va milliy kelin timsolini mahorat bilan gavdalantirib, xalqning samimiy mehrini qozongan aktrisa Nilufar Hamidovaning bugungi «transformatsiyasi» buning achinarli isbotidir. Afsuski, aktrisa san’atda qolish va qayta «porlash» uchun mashaqqatli mehnat yoki mahorat yo‘lini emas, balki eng arzon va tuban yo‘lni — odob chegaralarini buzish, ochiq-sochiqlikni tanladi. Tomoshabin xotirasida muhrlangan o‘sha munis va madaniyatli obraz hali unutilmay turib, uning mentalitetimizga yot kiyimlarda namoyon bo‘la boshlagani ko‘pchilikni hayratga soldi, dilini xufton qildi. Endilikda aktrisaning «tashrif qog‘ozi» mahorat bilan ijro etilgan rollar emas, balki ijtimoiy tarmoqlarni «larzaga solayotgan» behayo raqslar, jamoatchilik etikasiga zid harakatlar va bahsli chiqishlar bo‘lib qoldi.
Bu ma’naviy inqirozning eng yuqori nuqtasi sifatida yaqinda uning havaskor yallachi Yakzon bilan aytgan, san’at nomiga dog‘ tushiruvchi «ijod namunasi»ni ko‘rsatish mumkin. «Sizniki tormi, dutormi...» kabi mantiqsiz va bachkana iboralardan iborat bu mahsulotni na she’r va na qo‘shiq deb bo‘ladi. Bu shunchaki tinglovchining didini haqorat qiladigan, asab tolalarini sinaydigan ma’nosiz so‘zlar yig‘indisidir. Bunday matnlar orqali ijrochilar jamiyatga nima demoqchi? Ularning asl maqsadi ma’naviy bo‘shliqni arzon mashhurlik va vaqtinchalik reyting bilan to‘ldirishga bo‘lgan umidsiz urinishdir.
Mashhur «Merlin» filmida ibratli bir jumla bor: «Yomonni yengishning eng yaxshi usuli — uni unutishdir». Haqiqatan ham, ba’zan salbiy illatlarni tinimsiz tanqid qilish orqali biz bilmagan holda o‘sha illatning reklamasiga xizmat qilib qo‘yamiz.
Tanqid va muhokamalar — bunday «ijodkorlar» uchun yashab qolishga kuch beradigan asosiy ozuqadir. Ular xalqning nafratini ham o‘z manfaati yo‘lida foydalanishga, reyting to‘plashga moslashib bo‘lishgan. Zero, ular uchun salbiy mashhurlik ham baribir mashhurlikdir. Shu bois, bu kabi saviyasiz chiqishlarni yengishning eng oqilona yo‘li — ularni mutlaq unutish va e’tiborsiz qoldirishdir. Ularni jamiyatning diqqat markazidan surib chiqarish, qiliqlariga munosabat bildirmaslik eng og‘ir zarba bo‘ladi.
Chunki san’atkor niqobidagi bunday shaxslar uchun eng katta fojia — uning nafrat bilan tilga olinishi emas, balki mutlaqo esdan chiqarilishi va e’tibordan chetda qolishidir. Biz qachonki yuksak did bilan asl san’atni qadrlashni o‘rgansak, bu kabi soxta «yulduzlar» o‘z-o‘zidan sahnadan yumalab tushaveradi. Yuzga tushgan ajinlar vaqt hukmidan qochib qutula olmaganidek, ularning soxta obro‘si ham tez orada qadrsizlanadi. Faqatgina munosib sukut va madaniy inkor orqali biz o‘z ma’naviy dunyomizni bunday loyqa oqimlardan toza saqlashimiz mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter