Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YI Markaziy Osiyoning Rossiyaga qaramligini kamaytirishga ko‘maklashadi

YI Markaziy Osiyoning Rossiyaga qaramligini kamaytirishga ko‘maklashadi

«Biz Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarning eksklyuzivligini emas, balki tanlash erkinligini ta’minlashni istaymiz»,  deydi YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian. Diplomat Toshkentda jurnalistlar bilan uchrashuvda O‘zbekiston bilan hamkorlikning ustuvor jihatlariga ham aniqlik kiritgan.

Qayd etilishicha, YeI–Markaziy Osiyo hamkorligining barcha yo‘nalishlari mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish hamda Rossiyaga bilvosita qaramlikni kamaytirishga qaratilgan. Bu esa iqtisodiy taraqqiyot, suv resurslaridan samarali foydalanish, energiya samaradorligi, shuningdek, raqamlashtirish yo‘nalishlarini qamraydi.

Adrian xonimga ko‘ra, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi roli muhim.

«Biz O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda ko‘proq ta’sir, yanada ko‘proq hamkorlik omili, mintaqaviy hamkorlik uchun o‘ziga xos lokomotiv sifatida ko‘ramiz. O‘zbekiston nafaqat o‘z chegaralari xavfsizligi, balki qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik qilishdan ham manfaatdor», – deydi u.

O‘zbekiston bilan hamkorlik, jumladan, 2021−2027 yillarga mo‘ljallangan ko‘p yillik indikativ dasturga muvofiq amalga oshirilmoqda. Dastur doirasida samarali davlat boshqaruvi va raqamli transformatsiya, inklyuziv va raqamli yashil o‘sish hamda «aqlli», ekologik toza qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda loyihalar amalga oshirilmoqda.

Sharlotta Adrian YeI mintaqa davlatlarining sheriklarni tanlash erkinligini hurmat qilishini alohida ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 18 noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik anjumanida YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ham mintaqa davlatlari hamkorlik borasida strategik avtonomiyaga ega bo‘lishi lozimligini uqtirgan edi. Tajribali siyosatchi davlatlarning bir-biriga ortiqcha qaramligi qimmatga tushishidan ogohlantirgan.

«Markaziy Osiyodagi hamkorlarimizning, tarixiy yo jug‘rofiy o‘ziga xosliklardan qat’i nazar, biror bir xalqaro hamkorga mute bo‘lib qolmaslik istagi tabiiy ekanini tan olamiz. Biz mintaqadagi do‘stlarimizda tanlov erkinligi bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaymiz», – degan edi YeI bosh diplomati.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring