Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Elmira Bositxonova: «Oila va nikoh masalasida Islomiy qadriyatlar ustuvor bo‘lishi lozim»

Elmira Bositxonova: «Oila va nikoh masalasida Islomiy qadriyatlar ustuvor bo‘lishi lozim»

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda oila farovonligini ta’minlashning dolzarb masalalari yuzasidan katta yig‘ilish o‘tkazdi. Videoselektor shaklida o‘tgan yig‘ilishda ko‘p va xo‘b yaxshi fikr-mulohazalar yangradi. Ayniqsa, Bosh vazir o‘rinbosari — Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova kuyib-pishib, ta’bir joiz bo‘lsa, to‘kilib-to‘kilib gapirdi.

Darhaqiqat, opa kuyunganicha bor ekan.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

1

2019 yilda 31 ming 386 ta oila buzildi!

2018-yilga solishtirganda, o‘tgan yili ajrashishlar soni 941 taga kamaygan. Biroq raqamlar baribir xavotirli: 2019-yilda 31 ming 386 ta oila buzildi! Bu yarashtiruv komissiyasi, xotin-qizlar qo‘mitasi, o‘rni kelsa, sud organlari xodimlari o‘rtaga tushib, qanchadan-qancha oilalar yarashganidan keyin hosil bo‘lgan raqam. Albatta, oilaviy masalalar o‘ta shaxsiy xarakter kasb etadi. Biroq ajrashishlarga olib kelayotgan sabablarning hammasiyam jiddiy emas. Arzimagan muammolar bilan yo‘llari ayro tushayotgan yoshlar oz emas. Oila — jamiyatning ajralmas bo‘lagi ekan, undagi muammolar yechimi har birimizning og‘riqli dardimizga aylanishi kerak. Afsuski, bu yo‘nalishda ilmiy asoslangan tavsiyalar va yechimlar yetarli emas, hamkor tashkilotlar oilaviy ajrimlarni kamaytirish borasida qo‘llayotgan choralar kam.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

2

Davlatimiz Rahbari yarashtirish komissiyalari faoliyatining samarasizligini tanqid ostiga olib, 2020-yildan boshlab «Yilning namunali yosh oilasi» respublika tanlovini o‘tkazishni, shuningdek, yosh oilalar o‘rtasida ajrimlarning oldini olish maqsadida Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» markazi, Respublika Mahallalar kengashi, «Nuroniy» faxriylaridan iborat «Faxriylar ibrati» maslahat kengashi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishni taklif etdi. Shuningdek, «Bu kengash mahallalardagi yarashtirish komissiyalari hal qila olmayotgan muammoni sudga chiqarishdan oldin, yangi ta’sirchan bo‘g‘in bo‘lib xizmat qiladi», deya vazifani aniq belgilab berdi.

Darhaqiqat, MFY Yarashtirish komissiyalari uzoq yillardan beri nizolarni murosa yo‘li bilan hal etish, ya’ni yarashtirish usuli asosida ishlab kelmoqda. Biroq bugunga kelib, yarashtirish amaliyotidagi ba’zi yondashuvlar yetarlicha natija bermayapti. Shu bois ajrashish to‘g‘risidagi ish sudga taqdim etilayotganining shunchaki kuzatuvchisiga aylanmay ish uslublarini yangilash, innovatsion, kreativ uslublarni tadqiq va tatbiq etish kerak.

3

Nima qilmoq kerak?

Muammoga birlamchi yechim sifatida respublika, hududlar va mahallalar kesimida «Faxriylar ibrati» maslahat kengashini shakllantirish taqozo etilmoqda.

Kengash bir necha yo‘nalish bo‘yicha faoliyat yuritishi e’tiboridan, unga 30 nafar mahalla faolidan tashkil topgan ishchi guruhlarni biriktirish maqsadga muvofiq.

«Faxriylar ibrati» maslahat kengashi jamoatchilik asosida bo‘lib, quyidagi vazifalarni faoliyatining ustuvor yo‘nalinishi qilib belgilash taklif etiladi:

  • oila qadriyatini mustahkamlash, oila muqaddasligini targ‘ib etish, yoshlarni oilaga tayyorlash, nizoli oilalardagi muhitni mo‘’tadillashtirish, o‘zaro munosabatlarni sog‘lomlashtirishda yangicha yondashuvlarni qo‘llash;
  • ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va oilaviy zo‘ravonlikni oldini olish;
  • oilada sog‘lom turmush tarzi, reproduktiv salomatlik, onalik va bolalikni himoya qilish;
  • milliy hamda oilaviy qadriyatlarimiz va ma’naviyatimizga tahdidlarga qarshi tizimli ishlarni amalga oshirish;
  • oilada farzandlar va ayniqsa, qizlar tarbiyasiga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish;
  • oilaviy tadbirkorlik va xotin- qizlar tadbirkorligi hamda bandligi masalalarini tizimli amalga oshirish;
  • Islomda oila, nikoh, farzand tarbiyasi, erkak mas’uliyati va boshqa ijtimoiy masalalarning talqinini targ‘ib etish.

4

 «Yilning namunali yosh oilasi» respublika tanlovini o‘tkazish ham yaxshi taklif. Birni ko‘rib shukr qil, bir ko‘rib zikr qil, degan hikmat bejizga emas. Namunali oilalar ibrat qilib ko‘rsatilar ekan, bundan faqat xayrli natija kutish mumkin. Shu paytgacha bunday oilalar haqida ommaviy axborot vositalarida yoritib kelindi. Biroq qisqa ko‘rsatuv yoki muxtasar maqolalarning ta’siri kam bo‘layotganini tajriba ko‘rsatmoqda. Demak, tanlov — yaxshi aks-sado berishi mumkin bo‘lgan choralardan biridir.

5

Yana nimalar qilish lozim?

Oilaviy ajrashishlarning sabablari yuzasidan o‘tkazilgan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar muammo aksariyat hollarda ma’naviy daraja, psixologiya va tarbiyaga bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Biroq iqtisodiy ma’noda ishsizlik, migratsiya, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimining yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani kabi muammolar ham vaziyatni o‘nglashda to‘siq bo‘lyotganini ham unutmaslik kerak. Shu bois o‘sha sabab va muammolarni bartaraf etishning chuqur ilmiy asoslangan usullarini yaratish va amaliyotga joriy etish ham kun tartibiga chiqishi kerak.

Nizoli oilalardagi muhitni mo‘tadillashtirish, sog‘lomlashtirish maqsadida milliy mezonlarni zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish, yangicha mexanizm Oilaviy mediatsiya usulini faoliyatda keng qo‘llash, «Mediatsiya to‘g‘risida»gi qonun ijrosining ta’minlanishi ham chakki samara bermaydi.

Oila psixologiyasi, oilaga kirish, har bir oila a’zosi bilan individual ish olib borish usullari, standartlari va etika qoidalari yuzasidan ilmiy asoslangan yo‘nalishlarni joriy etish ham lozim

Nikoh yoshidagi yigit va qizlar bilan ishlovchi «Oila dorilfununi» va «Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi» samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish ustida ham jiddiy bosh qotirish lozim.

«Nikoh shartnomasi»ni, uchinchi shaxs aralashuvi bilan oila buziladigan bo‘lsa, qonun bo‘yicha javobgarlikka tortilishini tez-tez eslatib turish ham zarar qilmaydi. Chunki, ko‘ryapmiz — ko‘pgina oilaviy ajrimlarga uchinchi shaxslar (ota-onalardan tortib, qo‘ni-qo‘shni, amma-xolalargacha...) sabab bo‘layotir.

Qiz bolani kelin bo‘lib tushgan uyiga doimiy ro‘yxatga qo‘yish tartibini belgilash yuzasidan tezroq takliflar ishlab chiqish hamon dolzarb bo‘lib turibdi. Shuningdek, ajrashish jarayonida ayol va bolaning mulkka bo‘lgan huquqini himoyalash bo‘yicha qonunchilikka taklif berish, FHDYolarning nikohning huquqiy mas’uliyati va oqibatlari borasidagi targ‘ibotni kuchaytirishi kabi masalalar ham o‘zining dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q.

6

Oilaviy-maishiy zo‘ravonlik oqibatida ajrashishga kelib qolgan oilalar bo‘yicha alohida ish olib borish, ishsizlik va Migratsiyaning ta’sirida ajralayotgan oilalar ulushini tahlil etish va globalizatsiyaning salbiy ta’sirini ilmiy asoslagan holda alohida tahliliy ma’lumot tayyorlab Hukumatga taqdim etish ustida bugunoq ish boshlash talab etilmoqda.

Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridagi «Ayollar maslahatxonasi», viloyat ko‘p tarmoqli bolalar markazlaridagi «Qizlar salomatlik markazi» kabi tuzilmalarning qizlar va yosh ayollarni salomatlik, oilaviy hayotdagi munosabatlarga tayyorlashdagi ta’siri ko‘ngildagidek emas. Bu boradagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tarish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan biri hisoblanadi.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

7

Videoselektorda yuqorida qayd etilgan masalalar atroflicha muhokama qilindi, tegishli to‘xtamlarga kelindi.

Endi bor gap ularning sifatli ado etilishida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring