Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Farzand asrab olishdagi byurokratiya odam savdosiga sabab bo‘lmoqdami?

Farzand asrab olishdagi byurokratiya odam savdosiga sabab bo‘lmoqdami?

Halqimiz milliy mentalitetiga xos bo‘lgan «bolajonlik» nafaqat o‘z farzandlariga balki barcha bolalarga bo‘lgan o‘zbekona mehrni ifodalaydi. Bolajonlik haqida gapirilganda bunday bag‘rikenglikning yuksak namunasi bo‘lgan, ikkinchi jahon urushi davrida turli millatlarning yetim qolgan bolalarini asrab olib, ta’lim-tarbiya bergan toshkentlik Shomahmudovlar oilasini eslash kifoyadir.

Bugungi axborot asrida yashar ekanmiz har soniyada sodir bo‘layotgan voqea-hodisalardan ba’zan dahshatga tushamiz. Jamiyatimizda o‘z jigarporasini sotayotgan yoki kaltaklab namoyish etayotgan yoxud o‘ldirib suvga oqizayotgan «ota» va «ona»lar ko‘payayotganini nima bilan izohlash mumkin? Yoxud befarzandligi tufayli osongina ajrashib ketayotgan oilalarchi?

Fuqarolarimizning aksariyat murojaatlarida ham farzand asrab olish tizimidagi byurokratiyaning mavjudligi va bundan «manfaatdorlik» mavjud muammolar yechimiga to‘siq bo‘layotganligi ta’kidlanadi.

Mazkur masalalar yuzasidan Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqiot instituti milliy hamda xorijiy davlatlar qonunchiligini tahlil qildi.

Darhaqiqat, vasiylik va homiylik organlari tomonidan farzandlikka berish tartibi murakkab hamda ko‘p hujjatlar talab qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasida farzandlikka olish Oila kodeksi va Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 apreldagi 171-son qarori bilan tasdiqlangan «Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida»gi Nizom bilan tartibga solinadi.

Mazkur qonun hujjatlarini o‘rganish natijasida bir qator huquqiy bo‘shliqlar va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi. Xususan:

Birinchidan, Vazirlar Mahkamasining «Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida»gi Nizomning bir qator normalari Oila kodeksida belgilangan qoidalarga to‘g‘ri kelmaydi. Jumladan, Oila kodeksining 151-moddasi ko‘ra, farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga ko‘ra, vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga to‘g‘ri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.

Biroq Vazirlar Mahkamasining «Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida»gi Nizomning 3-bandida farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning arizasiga va vasiylik va homiylik organlari tavsiyasiga ko‘ra tuman, shahar hokimi qarori bilan amalga oshirilishi belgilangan.

Buning natijasida, qaysi organ tomonidan farzandlikka olishni rasmiylashtirish, shu jumladan, farzandlikka berish haqida qaror qabul qilish masalasida tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda.

Ikkinchidan, Oila kodeksi 152-moddasida voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar bo‘lishi mumkinligi belgilangan bo‘lib,
mazkur talablar farzandlikka olinuvchilarning huquq va manfaatlarini to‘la darajada himoya qila olmaydi. Boshqacha aytganda, farzandlikka oluvchi shaxslar qo‘yiladigan talablar qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Bunda ularning yoshi chegarasi, oilaviy holati ham hisobga olinishi maqsadga muvofiq.

Bu boradagi xorijiy davlatlar tajribasiga shuni ko‘rsatadiki, Janubiy Koreyada turmush qurmagan shaxslarning bolalarni farzandlikka olishi taqiqlangan. Farzandlikka olgan ota-onalar esa 25-45 yosh oralig‘ida bo‘lishi lozim. Shuningdek, er-xotin oliy ma’lumotli, nikoh tuzilgan davrdan boshlab, kamida uch yil o‘tgan bo‘lishi hamda o‘tgan davr mobaynida bir martadan ortiq ajrashmagan bo‘lishi talab etiladi.

Germaniyada ham bolani er-xotinlar birgalikda farzandlikka olishlari mumkinligi belgilangan bo‘lib, farzandlikka oluvchilarning yoshiga nisbatan senz o‘rnatilgan (ayollar uchun – 21 yosh, erkaklar uchun –
25 yosh). Sud amaliyotiga ko‘ra, bolalar ko‘proq 35-40 yoshdan oshmagan
er-xotinlarga farzandlikka beriladi.

AQShda amaldagi tartibga ko‘ra, er-xotinning turmush qurganiga kamida ikki yil bo‘lgan bo‘lishi lozim. Agar turmush qurmagan erkak va ayol farzandlikka olish bo‘yicha murojaat qilgan bo‘lsa, ularning yoshi 25 yoshdan kichik bo‘lmasligi kerak.

Xitoy Xalq Respublikasining 2007 yil 1 maydan boshlab kuchga kirgan «Farzandlikka olish to‘g‘risidagi qoidalari»ga ko‘ra, farzandlikka oluvchilarning yoshi 30-50 yosh oralig‘ida bo‘lishi lozim. Bolalar o‘zaro nikohda hamda mazkur nikohda ikki yildan beri yashab kelayotgan va avval ikki martadan ortiq nikohdan ajrashmagan shaxslarga farzandlikka beriladi. O‘zaro nikohda bo‘lmagan yakka shaxslarga, shuningdek tana og‘irligi belgilangan me’yordan ortiq bo‘lgan shaxslarga farzandlikka berish taqiqlanadi.

Uchinchidan, vasiylik va homiylik masalalari bo‘yicha alohida maxsus vakolatli organning mavjud emasligi va mehribonlik uylari ustidan yetarlicha nazorat o‘rnatilmaganligi sababli noxush holatlar kuzatilmoqda.

Ma’lumot uchun: 2018 yilning may oyida Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi 1-mehribonlik uyida aniqlangan holatlarga ko‘ra mazkur mehribonlik uyining bir qator rahbar va mas’ul xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishiga muassasaning 10 nafar xodimi ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan. Ularga nisbatan JKning 110, 115, 127, 129 hamda 167-moddalari bilan ayb e’lon qilingan.

Xorijiy davlatlarning bu boradagi tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, Belarus Respublikasida farzandlikka olingan bolalar hisobini yuritish xalq ta’limi boshqarmalari (bo‘limlari) va Xalq ta’limi vazirligining Farzandlikka olish milliy markazi tomonidan amalga oshiriladi, hududlarda Markazning vakillari ish olib boradi.

Germaniya Federativ Respublikasida esa, aholisi oltmish ming va undan ortiq bo‘lgan har bir shahar (tuman)da bolalar va yoshlar masalalari bilan shug‘ullanadigan hamda keng vakolatlarga ega bo‘lgan maxsus organlar (Jugentum) tashkil etilgan. Ushbu organ tarkibiga vasiylik va homiylik masalalari bo‘yicha kengash mavjud bo‘lib, Kengash bolalarning maktabdan tashqari ta’lim olishi va bolalar uylari bilan bog‘liq turli masalalar bo‘yicha ish olib boradi.

To‘rtinchidan, farzandlikka olish tizimi ochiqligi va shaffofligini ta’minlovchi qoidalar belgilanmagan. Xususan, farzandlikka olish uchun hujjatlarni masofadan turib topshirish, farzandlikka olish mumkin bo‘lgan bolalar to‘g‘risida ma’lumotlar olish imkoniyati yaratilmagan.

Ushbu masala yuzasidan xorijiy davlatlar qonunchiligiga murojaat qiladigan bo‘lsak, Rossiya Federatsiyasida farzandlikka olish masalalari Hukumatning 2000 yil 29 martdagi 275-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Rossiya Federatsiyasi hududida bolalarni farzandlikka olishga berish va ularning yashash sharoitlari hamda farzandlikka olganlar oilasidagi tarbiyasi ustidan nazoratni amalga oshirish qoidalari» bilan tartibga solingan bo‘lib, unda farzandlikka olish masalalarida elektron axborot almashish tizimidan foydalanish bo‘yicha bir qator normalar keltirilgan.

AQShda Konress qaroriga muvofiq, farzandlikka oluvchilarga kerakli axborotni izlab topishga yordam berish maqsadida Farzandlikka olish bo‘yicha milliy axborot palatasi tashkil etilgan. Palata farzandlikka oluvchilar uchun broshyuralar, bukletlar va boshqa materiallar tayyorlash, ularni tarqatish, agentliklarga murojaat qilish bo‘yicha ma’lumotlar berish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi.

Beshinchidan, rejalashtirilmagan homila natijasida tug‘ilgan bolalardan fuqarolar ular tug‘ilgan vaqtdayoq voz kechish yoki ular bir yoshga to‘lmasdanoq sotishga urinish holatlari ko‘p kuzatilmoqda.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra 2018 yil va 2019 yilning o‘tgan 6 oylik davri mobaynida tug‘ruq komplekslarida fuqarolar tomonidan 211 ta holatda o‘z farzandidan voz kechish holatlari qayd etilgan.

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan taqdim etilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, chaqaloqlarni sotishga urinish holati bo‘yicha 2018 yilda 25 ta, 2019 yilning sakkiz oyi mobaynida 23 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Oltinchidan, qonunchilikda farzandlikka olishning soddalashtirilgan tartibi mavjud emas. Mazkur holat yaqin qarindoshlar tomonidan farzandlikka olish tartibining odatdagi tartibi bilan bir xil jarayonlardan o‘tishiga, rasmiylashtirish muddatlarining uzayib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli bolalarni farzandikka olishdan ko‘ra, vasiylikka olish holatlari soni oshib bormoqda.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilning dastlabki olti oyi mobaynida 1785 nafar bola farzandlikka, 2439 nafari vasiylikka, 1085 nafari homiylikka, 114 nafari oilaga (patronat) tarbiyaga berilgan.

Xorijiy davlatlar, jumladan Qozog‘iston Respublikasi qonunchiligiga qaraydigan bo‘lsak, Qozog‘iston Respublikasi qonunchiligida bolalarni ularning yaqin qarindoshlari tomonidan farzandlikka olishning soddalashtirilgan tartibi belgilangan. Shuningdek, chet el fuqarolari tomonidan Qozog‘iston Respublikasi fuqarolarini farzandlikka olishning tartibi ham alohida belgilangan.

Yettinchidan, bolalarni farzandlikka berish yoki olish to‘g‘risida yakuniy qarorga kelinishini ta’minlash hamda ularning farzandlikka olinayotgan oilada o‘zi xohlaganidek hayot kechirishi mumkinligiga ishonch hosil qilish uchun bolani farzandlikka olgan shaxslar uchun sinov muddatini berish tartibi mavjud emas.

Masalan, Germaniya Federativ Respublikasida farzandlikka olishda xatolikka yo‘l qo‘yishning oldini olish uchun bolani farzandlikka berishdan avval «g‘amxo‘rlik vaqti» yoki «qo‘shimcha vaqt» deb ataluvchi (qoida tariqasida bu muddat bir yilgacha davom etadi) vaqt joriy etilgan. Mazkur vaqt yakunida bolaning u farzandlikka olinayotgan oilaga qanchalik moslashganligi, bu oilaga berish haqiqatdan ham uning foydasi ekanligi to‘g‘risida xulosa qilinadi.

Malayziyada esa «Farzandlikka olish to‘g‘risida»gi qonun (uning normalari aholining islom diniga e’tiqod qiluvchi qatlamiga nisbatan tatbiq etilmaydi) amalda bo‘lib, unga ko‘ra, farzandlikka olish sud tartibida amalga oshiriladi. Shuningdek, sud tomonidan oraliq buyruqlar chiqarilishi mumkin. Mazkur buyruqqa muvofiq sud bolani farzandlikka olish haqiqatdan ham uning manfaatlariga mosligini aniqlash maqsadida 6 oydan kam, lekin ikki yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga bolaga g‘amxo‘rlik qilish davrini belgilaydi.

Yuqorida ko‘rsatilgan huquqiy bo‘shliqlar va qonunchilikdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida hamda xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasidan kelib chiqib, quyidagilar taklif etiladi:

1. «Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida»gi Nizom normalarini amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirgan holda farzandlikka olish sud tomonidan amalga oshirilishi bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritish lozim.

2. Farzandlikka oluvchilar uchun qo‘yiladigan talablarni ularning yosh, oilaviy ahvolidan kelib chiqib, kengaytirish, bunda:
farzandlikka olishga nomzodlar uchun belgilangan yoshning eng kichik darajasini belgilash;
oilaning moddiy va ijtimoiy ahvolini, shu jumladan, muqim yashash joyiga ega bo‘lishi hamda muqaddam nikohdan ajralgan shaxslar tomonidan bolalarni farzandlikka olishning tartibini ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.

3. Xalq ta’lim vazirligi huzurida yoki undan mustaqil ravishda vasiylik va homiylik masalalari bilan shug‘ullanuvchi alohida organni tashkil etish;

4. Farzandlikka olishni istovchilar uchun yanada qulaylik yaratish hamda o‘zaro manfaatlar to‘qnashuvini kamaytirish maqsadida farzandlikka olish bo‘yicha tegishli hujjatlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda va hududiy davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish tartibini joriy qilish;

5. Rejalashtirilmagan homila natijasida yuzaga kelayotgan nohush holatlarni oldini olish maqsadida bir yoshgacha bo‘lgan bolalarni farzandlikka berishning alohida tartibini joriy qilish, bunda farzandlikka olishning «oiladan oilaga» tizimini yaratish lozim. Bu tizim tug‘ruq komplekslarida o‘z farzandidan voz kechish va bolasini sotishga urinish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi. Mazkur holatda bolani farzandlikka berish hech qanday moddiy manfaatni ko‘zlamagan holda sud tomonidan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

6. Qonunchilikda farzandlikka olishning soddalashtirilgan tartibini belgilash;

7. Bolalarni farzandlikka berish yoki olish to‘g‘risida yakuniy qarorga kelinishini ta’minlash, ularning farzandlikka olinayotgan oilada o‘zi xohlaganidek hayot kechirishi mumkinligiga ishonch hosil qilish maqsadida bolani farzandlikka olgan shaxslar uchun sinov muddatini belgilash yoki ma’lum muddatga patronatga berish tartibini joriy etish lozim.

A.Safarova,
N.Toshkanov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
mas’ul xodimlari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring