Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Gedonizm: hashamatga muhabbat yoxud «zavq madaniyati»ning ommalashuvi xususida

Gedonizm: hashamatga muhabbat yoxud «zavq madaniyati»ning ommalashuvi xususida

foto: xabar.uz

Huzur, zavq, farog‘at...

Oldos Xakslining 1932-yili nashr etilgan «Brave New World» (Ajib yangi dunyo) antiutopik romani ma’naviyatdan uzoqlashgan hayot haqida hikoya qiladi. Roman XXVI asrdagi dunyo haqida. Bu jamiyatda odamlar laboratoriyada sun’iy ravishda yaratiladi va ular kastalarga bo‘linadi: Alfa – elita va rahbarlar, Beta – mutaxassislar va intellektuallar, Gamma, Delta, Epsilon – pastroq ijtimoiy qatlam va hunarmandlar. Odamlar tug‘ilmaydi, balki inkubatorlarda o‘sadi va bolalikdan programmalashtiriladi. Hamma shaxsiy fikrlashdan mahrum, «gipnopediya» orqali (uyqu paytida takrorlanadigan gaplar) muayyan g‘oyalarga ishontiriladi.

Bu yerda insonlar baxtli bo‘lishga majbur, ular doimo kayfiyatni ko‘tarish uchun «soma» nomli narkotik iste’mol qiladi. Texnika va ilm rivojlangan, lekin shaxsiy erkinlik, oila tushunchasi, din, madaniyat yo‘q, faqat iste’mol va huzurlanish muhim. Odamlar sevgi, do‘stlik va ma’naviyatni emas, balki faqat halovat, huzurni qadrlaydi. Bu olamda hech kim tashvish yoki qayg‘uni his qilmaydi, chunki ular «soma» moddasi tufayli hamma narsani unutadi.   Tasavvur qiling, jamiyat moddiy jihatdan mukammal – hech kim kambag‘al emas, barcha ehtiyojlar qondirilgan, odamlar yaxshi ovqatlanadi, chiroyli kiyinadi, muntazam lazzat oladi. Ularda tashvish yo‘q, farovonlik to‘liq ta’minlangan, lekin ma’naviy jihatdan qashshoq – o‘z mustaqil fikrlash qobiliyatini yo‘qotgan. Ularda san’at, adabiyot, din, ruhiy izlanish yo‘q, faqat iste’mol qilish, vaqtni chog‘ o‘tkazish va kayfiyatni yuqori qilish haqida o‘ylaydi.

«O‘lar dunyoda o‘ynab-kulib qolayin!»

Keyingi paytda yurtdoshlarimiz orasida juda ko‘p kuzatayapmiz, «bir marta yashaysan, dunyoga bir marta kelasan, mazza qilib yashab qol». Inson tiynatidagi mana shunday intilishlar ikki xil ko‘rinishda: gedonizm va YOLO  (bu haqda keyingi maqolalarda)deb atalarkan.

Gedonizm – bu hayotdan zavq olishni, lazzatni va shaxsiy rohatni eng muhim maqsad deb bilishdir. Uning kuchayishi asosan iqtisodiy rivojlanish, madaniyat va ijtimoiy qadriyatlar bilan bog‘liq. Ayrim mamlakatlarda gedonistik tamoyillar hukmron bo‘layotgan bo‘lsa, ba’zilari bu bosqichdan o‘tib, yana an’anaviy yoki ma’naviy qadriyatlarga qaytishga harakat qilmoqda. Agar ko‘pchilik gedonistik yondashuvni tanlasa va faqat shaxsiy zavqni o‘ylasa, jamiyatda mas’uliyatsizlik, resurslarni noto‘g‘ri taqsimlash va ijtimoiy tanazzul yuzaga kelishi mumkin. (ammo gedonizm ta’limotining ijobiy tomonlari ham bor, bu haqda keyinroq), to‘g‘rirog‘i biz tahlil qilmoqchi bo‘lganimiz zamonaviy gedonistik qarashlarning keng quloch yoyishi haqida...

Ba’zi mutaxassislar hozirgi iste’mol madaniyatini «gedonizm iqtisodiyoti» deb atashadi. Chunki reklama, tezkor servislar va moddiy buyumlar odamlarning qisqa muddatli lazzatga intiluvchi psixologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu ekologik va iqtisodiy muammolarni kuchaytirishi mumkin. Ekologiya ta’siri: ishlab chiqarishning haddan ortiq ko‘payishi, iqtisodiyotga ta’siri: odamlarning qarzga(kredit)yashashi.

Gedonistik madaniyat rivojlangan va voz kechgan davlatlar....

Gedonizm AQShdan boshlangan. Jamoatchilik – ijtimoiy tarmoqlar, tezkor servislar (onlayn xaridlar, tezkor ovqat), ko‘ngilochar sanoat orqali «hozir va shu yerda» hayot tarzini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, u yerda minimalizm va ma’naviy qadriyatlarga qaytish harakatlari ham mavjud.

Fransiya ayniqsa, Parij kabi shaharlarda gedonistik madaniyat an’anaviy ravishda rivojlangan. Ovqatlanish madaniyati, moda, dam olish va shaxsiy erkinlik bu yerda juda qadrlanadi. Ammo fransuzlar gedonizmni ko‘proq madaniy va estetik lazzat orqali namoyon qilishadi.

Yaponiya – tezkor iste’mol va texnologiyalar orqali gedonizm kuchaygan mamlakatlardan biri. Kafe-barlar, tematik o‘yin-kulgi markazlari, virtual dunyo (anime, videouyinlar, VR) orqali yapon jamiyatida tezkor lazzatlanish tendensiyasi ortayapti. Biroq Yaponiyada shu bilan birga qadimiy an’analar va mehnat madaniyati ham saqlanib qolgan.

BAA (Dubay) – pul, cheksiz lahzaviy lazzat va ulkan loyihalar bilan bog‘liq madaniyatga ega. Dubay – bu tezkor zavqlar va katta pul oqimiga bog‘liq bo‘lgan shahar. Moliyaviy farovonlik va lahzaviy lazzatlar madaniyati ko‘plab odamlarni o‘ziga jalb qiladi.

Janubiy Koreya – moddiy farovonlikka, tashqi ko‘rinishga va tezkor hayot tarziga e’tibor qaratadigan mamlakat. Kosmetika industriyasi, tezkor texnologiyalar va internet orqali gedonistik yo‘nalish kuchaygan.

Ammo «hozir va shu yerda» hayot tarzidan voz kechgan mamlakatlar ham bor. 1920 –1930-yillarda Germaniya: Berlin tezkor hayot tarzi, gedonistik madaniyati bilan mashhur edi. Ammo Ikkinchi Jahon urushi va urushdan keyingi iqtisodiy tiklanish davrida nemis jamiyati pragmatizm va ishchanlikka ko‘proq e’tibor bera boshladi. Hozirda Germaniyada ma’naviy va ijtimoiy mas’uliyat gedonizmdan ustun qo‘yiladi.

Xitoy 1980 – 1990-yillarda kapitalizm kuchayganidan keyin, u yerda iste’molchilik va tezkor lazzatlar o‘sgan edi. Ammo hozirda hukumat milliy an’analar, ma’naviy qadriyatlar va mehnat madaniyatini qayta tiklashga harakat qilmoqda. Gedonizmga qarshi kurash sifatida ayrim internet platformalar va «dam olish madaniyati» cheklangan.

Skandinaviya davlatlari (Shvetsiya, Norvegiya, Daniya) – bu davlatlarda ham bir paytlar gedonistik yo‘nalish sezilarli bo‘lgan, ammo hozirda jamiyat ekologik onglilikka, ijtimoiy tenglikka va ma’naviy qadriyatlarga ko‘proq e’tibor qarata boshladi. Ular tezkor lazzatdan ko‘ra, uzoq muddatli farovonlikka yo‘naltirilgan madaniyatni shakllantirishga harakat qilmoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda O‘zbekistonda  ham gedonizm sezilmoqda, ayniqsa, so‘nggi 10-15 yil ichida. Bunga sabab esa bozor iqtisodiyoti rivojlanib, tijorat va iste’molchilik madaniyati kuchaymoqda. Yangi savdo markazlari, brend do‘konlar, kafe-bar va ko‘ngilochar joylar ko‘paymoqda. Odamlar iste’mol uchun ko‘proq xarajat qilishga o‘rganmoqda.

Hashamatli hayot tarzi bu – illyuziya

Yana ijtimoiy tarmoqlar – Instagram, TikTok va boshqa platformalarda lahzaviy zavqni targ‘ib qiluvchi kontent ko‘paydi. Ko‘plab yoshlar «go‘zal hayot», sayohatlar, brendlar va «luxury lifestyle» ning ta’siriga tushmoqda. Luxury lifestyle – bu «hashamatli hayot tarzi» degan ma’noni anglatadi. Luxury lifestyle odatda qimmatbaho brendlar, eksklyuziv xizmatlar, yuqori darajadagi uy-joylar, mashinalar, sayohatlar va yuksak standartli hayot tarzini o‘z ichiga oladi. Gedonizmning xavfli tomoni  odamlar tezkor zavq uchun ko‘proq vaqt va pul sarflay boshlaydi. Mehnat qilish o‘rniga tez boyish, oddiy hayot o‘rniga dabdabaga intilish tendensiyasi kuchayadi.

Gedonizmning kuchayishining fojeali tomonlaridan biri u or, uyat tushunchalarini o‘zgartirib yuboradi. Pul birinchi o‘ringa chiqdimi demak, axloqiy qadriyatlar o‘z qiymatini yo‘qotadi.

«Pul topish uchun har qanday yo‘l mumkin» degan qarash keng yoyiladi. Bunga bugungi kunda ba’zi odamlar, ayniqsa yoshlarning internetda yoki hayotda katta pul topish uchun axloqiy me’yorlarni chetga surishini misol keltirish mumkin. Avval «sharmanda» hisoblangan ishlar endi «oddiy» holga kelib qoldi. Ba’zi blogerlar, yoshlar va kontent yaratuvchilar shov-shuvli video va postlar orqali e’tibor qozonishga, haqoratli yoki chalg‘ituvchi kontent, noto‘g‘ri piar, internet janjallari orqali mashhur bo‘lishga harakat qilyapti. Natijada ularda «ommabop bo‘lsam bo‘ldi, qanday yo‘l bilan erishganim muhim emas» degan qarash mavjud.

Nega  «zavq madaniyati» hukmron bo‘lib bormoqda?

Reklama va marketinglar bizga har lahzada «hozir zavqlan, hozir baxtli bo‘l», degan g‘oyani ilgari suradi. Televizor, internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali iste’molchilikni rag‘batlantiruvchi kontent juda ko‘p. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar o‘zlarining eng chiroyli, baxtli lahzalarini ko‘rsatadi. Bu boshqalarda «men ham shunday yashashim kerak», degan illyuziyani yaratadi.

Oson lazzat manbalari – tezkor yeguliklar, onlayn ko‘ngilochar servislar (Netflix, YouTube), tezkor modalar – barchasi odamlarni shoshilinch qoniqishga, lahzalik qoniqishlarga shoshishga o‘rgatadi. Hech kim uzoq muddatli maqsadlarga intilishni xohlamay qolayotgandek.

Bunga esa hayotdagi muammolar, iqtisodiy qiyinchiliklar, siyosiy beqarorlik sabab – odamlarni ayni daqiqalardan zavq olishga majbur qiladi. «Kelajakni o‘ylab qiynalgandan ko‘ra, hozircha yaxshi yashay», degan fikr keng tarqalayotganini inkor qilib ko‘ring-chi.

Ko‘ngilochar hayot va «zavq madaniyati» ta’sirini qanday kamaytirish mumkin? Bu haqda mutaxassislar ma’naviy qadriyatlarni targ‘ib qilishga chaqiradi: faqat pul emas, halollik va haqiqat muhimligini yoshlarga tushuntirish orqali. Shu nuqtada yoshlar bilan ishlaydigan tashkilotlar faollashishi kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda tarbiyaviy kontentni ko‘paytirish – axloqiy qadriyatlar va ma’naviyatga qiziqarli, kreativ yondoshish, ota-ona va maktab rolini kuchaytirishga e’tibor qaratilishi kerak. Ma’rifiy va intellektual yoshlarni qo‘llab-quvvatlash – yoshlar orasida o‘rnak bo‘lganlarni targ‘ib qilish ham yaxshi yordam beradi.

Yangi narsa eskisidan yaxshiroqmi?

Yana «Brave New World» – «Ajib yangi dunyo» romaniga qaytamiz, asar bu savolga javob beradi: texnologiya va iste’molchilik ma’naviyatni yo‘q qilishi mumkin! «Yangi narsa eskidan yaxshiroq!» – bu odamlarni doimo xarid qilishga majbur qiladi. Tuzum odamlarga  yaxshi hayot uchun ko‘proq iste’mol qilish kerak», degan fikrni singdiradi. Ular o‘ylash yoki his qilishga o‘rgatilmagan, muhabbat, oila va munosabatlar yo‘qotilgan, muhabbat tuyg‘ulari odamlarga noto‘g‘ri deb o‘rgatilgan. Ular faqat jismoniy munosabatlarga ega va doimiy hamkor yo‘q. «Ona» va «ota» so‘zlari haqoratli hisoblanadi. Chunki bolalar laboratoriyalarda sun’iy ravishda tug‘iladi. Hech kim hayotda qiyinchilikni his qilmaydi, chunki «soma» dorisi ularga hamma tashvishni unuttirib yuboradi.

Asardan xulosa chiqarish mumkinki, ma’naviyat yo‘qolgan dunyoda insonlar moddiy jihatdan ta’minlangan, lekin ruhiy jihatdan qashshoq. Haqiqiy his-tuyg‘ular o‘rniga sun’iy lazzatlar bor. Fikrlash va izlanish o‘rniga iste’molchilik va tayyor «baxt» bor. Erkinlik yo‘q, hech kim o‘z tanlovini o‘zi qilmaydi – ular bolalikdan shunday tarbiyalanganki, hech qanday shubha yoki fikrlashga ehtiyoj sezmaydi. Hech kim to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri haqida o‘ylamaydi – chunki hech qanday muammo yo‘q, hamma narsa hukumat tomonidan hal qilingan.
Agar inson: quvonchni sezmasa – u haqiqiy baxtni tushunmaydi. Qayg‘uni his qilmasa – hech qachon o‘ziga saboq olmaydi. Azobni bilmasa – o‘zini kuchli qilish uchun harakat qilmaydi. Muhabbatni tushunmasa – unga hech kim kerak emas. Ya’ni, agar odam his-tuyg‘ularni tushunmay qo‘ysa, u shunchaki robotga aylanadi.

Yana bir tendensiya bor bu YOLO – (you only live once) hayot senga bir marta berilgan degani.  Ammo gedonizmda asosiy maqsad zavqlanish bo‘lsa, Volo insonning haqiqiy xohishlarini izlash, uni amalga oshirish va bu yo‘lda javobgarlikni his qilish demakdir, bu endi keyingi maqola uchun zahiradagi boshqa mavzu...

                                                                                    Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring