Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ham Tramp, ham Putinning «kayfiyatini buzgan» hodisa

Ham Tramp, ham Putinning «kayfiyatini buzgan» hodisa

Foto: Pamfleti.net

Kecha, 12-aprel kuni Vengriyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovida nafaqat mamlakat, balki butun Yevropa Ittifoqi taqdiriga ta’sir etadigan natija qayd etildi.

45 yoshli Peter Madyar bosh vazir 62 yoshli Viktor Orbanning 16 yillik boshqaruviga chek qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.

Madyar rahbarligidagi «Tisa» partiyasi qonunchilik idorasida mutlaq ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi. Sanab chiqilgan qariyb 99 foiz ovoz natijalariga ko‘ra, parlamentdagi 199 o‘rindan 138 tasi muxolifatga o‘tmoqda.

Orbanning «Fides» partiyasi esa 37,95 foiz ovoz to‘plab, 55 ta o‘ringa qanoat qildi.

Yangi bosh vazir bir oy ichida saylanishi lozim.

Peter Madyar o‘z g‘alabasini «Vengriyaning ozod bo‘lishi» deb atagan va Budapeshtning Yevropa Ittifoqi hamda NATO bilan munosabatlarini qayta tiklashga va’da bergan.

Tahlilchilar Orbanning katta siyosatdan ketishini o‘ng qanotga mansub siyosiy harakat uchun kuchli zarba deya baholamoqda.  

Telegramdagi «Fayzbog‘» kanaliga ko‘ra, Vengriyadagi saylovda nafaqat Viktor Orban, balki AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin ham mag‘lub bo‘ldi.

«Saylovlar arafasida AQSh prezidenti Donald Tramp Viktor Orbanni «o‘zining eng yaqin do‘sti» deb atagan va saylovda unga omad tilagan edi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalarida Rossiya Vengriyadagi saylovlar arafasida Viktor Orbanni qo‘llab-quvvatlash kampaniyasi uchun katta mablag‘ ajratgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan. Ma’lumot uchun, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban o‘zining rossiyaparast pozitsiyasi bilan tanilgan. U Ukrainaning Yevroittifoqqa qo‘shilishiga, shuningdek, ittifoq tomonidan Kiyevga 90 mlrd yevrolik kredit ajratilishiga faol tarzda to‘sqinlik qilib kelayotgan edi», — deb yozdi «Fayzbog‘».

Siyosatshunos Otabek Akromov ta’kidicha, Orbanning mag‘lubiyati xalqaro populist lager uchun ham katta zarba bo‘ldi. Chunki u oddiy bir o‘ngchi siyosatchi emas, balki «liberal tartibga qarshi» tayanch edi.

«Uning «noliberal demokratiya»si MAGA, Yevropa o‘ngchilari va Bryusselga qarshi siyosat yurituvchi kuchlar uchun namunaga aylangan, Tramp kabi yetakchilar esa uni ochiq maqtagan edi. Endi esa o‘sha namuna yemirildi. Bu mag‘lubiyatning xalqaro ahamiyati shundaki, Orban populizmni faqat g‘oya sifatida emas, boshqaruv texnologiyasi sifatida ham eksport qilgan edi: milliy suverenitet shiori, tashqi dushman obrazi, liberal institutlarni «xalq irodasiga to‘siq» sifatida ko‘rsatish, Rossiya bilan yaqinlikni «mustaqil tashqi siyosat» deb sotish. Shuning uchun uning yiqilishi boshqa populist yetakchilarga yoqimsiz signal beradi», — deydi O.Akromov.  

Ekspert Orban Rossiya uchun Yevropa Ittifoqi ichidagi eng muhim sheriklardan biri ekani, uning ketishi Kremlning YeIdagi tayanch nuqtalaridan birini zaiflashtirishini ham urg‘ulagan.

Telegramdagi «Davletov» kanali yozishicha, Tramp ma’muriyati va Rossiyaning proksi kuchlari «Fides» partiyasi rahbarini qo‘llab-quvvatlash kampaniyasida faol ishtirok etganiga qaramay, saylov yakunida mojar xalqi Orbanning avtoritar xatti-harakatlaridan charchagani ma’lum bo‘ldi.

«Yevropa Ittifoqi liderlari saylov natijalaridan mamnunligini yashirib o‘tirmayapti, chunki Viktor Orban Ittifoqning yakdil siyosatiga qarshi doimo muammo yaratib kelayotgan edi. «Vengriya Yevropaga qaytdi» deyishmoqda ular»,deb yozdi muallif.

Tahlilchi Muhammadqodir Sobirov esa parlament saylovi natijasini «16 yillik Orban diktaturasining qulashi» deb atagan.  

«Biroq Putin va Tramp uchun bu yoqimsiz. Ularning Yevropadagi hamtovog‘i hokimiyatdan ketdi. Vengriya urush boshlangandan beri Ukrainaga yordamni bloklab, xalaqit berib kelayotgan edi. Saylov kampaniyasida ham Orban bor kuchi bilan Ukrainani yomonladi. Yaqinda Orban bandasi Moskvaga sanksiyadagi insonlardan ro‘yxatdan chiqarishga yordam bergani, Yevroittifoq xabarlarini Kremlga yetkazib turgani ma’lum bo‘ldi. Trampning qo‘llovi ham doimgidek hech nimani hal qilmadi... Hozir Tramp va uning jamoasining qo‘llovi faqatgina zararga ishlaydigan davr... Yevropa yuragi yana ittifoqqa qaytdi. Biroq hali yo‘l qiyin, chunki Orban 16 yil ichida Vengriyani mutlaq Rossiya energoresurslariga qaram qilib qo‘ygan. Buni 1-2 yil ichida to‘g‘rilash ancha qiyin kechadi», — deb xulosa qildi M.Sobirov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring