Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Hashar munosabati bilan ish haqidan ushlab qolinishi mumkin emas, toki xodim o‘zi rozi bo‘lmas ekan...

Hashar munosabati bilan ish haqidan ushlab qolinishi mumkin emas, toki xodim o‘zi rozi bo‘lmas ekan...

Foto: «Xabar.uz»

Shu yil 13-mart kuni umumxalq xayriya hashari o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Odatda, hashar munosabati bilan xodimlarning bir kunlik ish haqi ushlab qolinib, «Mahalla» xayriya jamoat fondiga o‘tkazib berilishiga odatlanib qolganmiz. Ya’ni hech kim xodimlardan so‘rab ham o‘tirmaydi, shunchaki buxgalterlar yoppasiga 1 kunlik ish haqini o‘tkazadi, tamom.

Ko‘pchilik xodimlar esa buni sezmaydi ham, oy oxiriga borganda sal kamroq oylik chiqadi, o‘zi shunaqa chiqibdi-da oyligim, deb o‘ylashadi.

Biroq, bir narsani unutmasligimiz lozimki, hashar munosabati ish haqidan ushlab qolinishi mutlaqo ixtiyoriydir.

Chunki, Mehnat kodeksining 164-moddasiga ko‘ra xodimning yozma roziligi bo‘lmay turib uning ish haqidan ushlab qolinishi mumkin emas. Shuningdek, mazkur moddada ish haqidan xodimning roziligisiz ham ushlab qolinishi mumkin bo‘lgan holatlar sanab o‘tilgan bo‘lib, ular orasida hashar nazarda tutilmagan.

Rozilik deganda har bir xodimning yozma roziligi nazarda tutiladi. Ko‘p holatlarda shunchaki tashkilot xodimlari jamoasi nomidan bitta protokol qilinib, xuddiki o‘sha majlisda hamma xodim qatnashganu, hasharga 1 kunlik ish haqini berishga rozi bo‘lgani haqida yozib qo‘yiladi. Lekin xodimlar buni bilmaydi ham. Aslida bu ham noto‘g‘ri, bunaqa usul bilan xodimlarning ish haqidan ushlab qolish noqonuniy!

Hashar — bu o‘zbekona udum, milliy urf-odatimiz. Imkoningiz bo‘lsa, hasharda albatta qatnashing, atrofimizni obodonlashtirish, tozalash ishlarida faol bo‘ling. Kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalarga yordam qo‘lini cho‘zing, ulardan hol-ahvol so‘rang. Jamoatchilik ishlarida befarq bo‘lmang.

Ammo 1 kunlik ish haqingizni «Mahalla» xayriya fondiga o‘tkazish yoki o‘tkazmaslikni o‘zingiz hal qiling. Bu sizning mutlaq ixtiyoringiz. Chunki siz u pulni halol ishlab topgansiz, o‘zgalar sizdan so‘ramasdan uni ishlatishga haqqi yo‘q. Shuni bilib qo‘ysangiz, yomon bo‘lmasdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring