Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Himolaydagi skeletlar ko‘lining siri ochildi

Himolaydagi skeletlar ko‘lining siri ochildi

Foto: «Wikimedia»

Xalqaro olimlar guruhi Himolay tog‘idagi dengiz sathidan besh ming metr balandlikda joylashgan Rupkund (Skeletlar ko‘li) ko‘lida yuzlab skeletlarning kelib chiqish tarixini aniqlashdi. Buni qarangki, suyak qoldiqlari bir necha ming yillar davomida bu yerga kelgan uchta turli guruhga tegishli ekan. Bu haqda «Phys.org» press-relizida xabar berildi.

Tadqiqotchilar 72 ta odam qoldig‘idan olingan mitoxondrial DNKni tahlil qilib chiqishdi. Vafot etganlarning ko‘pchiligi zamonaviy hind populyasiyasiga xos gaplogruppalarga molik. Shuningdek, G‘arbiy Yevroosiyo aholisiga xos gaplogruppalar ham aniqlangan.

38 odamda to‘liq genom rekonstruksiyasiga ko‘ra, qoldiqlar orasida kamida uchta alohida guruh vakillari ham mavjud. Birinchi guruh 23 kishidan iborat bo‘lgan, ularning ajdodi hind populyasiyasi bilan bog‘liq. 14 kishidan iborat ikkinchi guruh esa sharqiy O‘rtayer dengizi, hozirgi Krit va Gretsiyada yashovchi kishilar bilan qarindosh bo‘lib chiqqan. Uchinchi guruh bir kishidan iborat bo‘lib, kelib chiqishi Janubi-Sharqiy Osiyodan. Bularning bari Rupkund ko‘li butun dunyodan odamlarni o‘ziga jalb etganini anglatadi.

Dastlabki taxminlar odamlar fojiali hodisa oqibatida halok bo‘lganini aytishgandi. Biroq yangi ma’lumotlar sayohatchilarning turli guruhlari ko‘lda ming yillar oralig‘ida nobud bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Bunda eng shubhali voqea milodiy 1800-yilda qayd etilgan. Biroq odamlarni bu yerga nima yetaklab kelgani va ularning o‘limiga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lumligicha qolmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring