Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hindiston AQShdan yuz o‘girmoqdami?

Hindiston AQShdan yuz o‘girmoqdami?

Tramp va Modi Oq uyda matbuot anjumanida. 2025 yil 13 fevral. 

Foto: The New York Times

Hindiston AQShdan qurol-aslaha va harbiy aviatsiya sotib olishni vaqtincha bekor qildi. Bu haqda dunyo matbuoti Reuters agentligiga tayanib xabar berdi.  

Rasmiy Dehli Hindiston mudofaa vazirining Vashingtonga safarini ham bekor qilgani aytilmoqda. Ushbu tashrif mobaynida yangi mudofaa bitimlari e’lon qilinishi kutilayotgandi.

Reuters xabariga ko‘ra, Hindistonning AQShga nisbatan bunday keskin qaroriga prezident Donald Trampning bir necha kun avval imzolagan farmoni sabab bo‘lgan.

Tramp 6 avgust kuni «Qo‘shma Shtatlarning Rossiya Federatsiyasi hukumati tahdidlariga qarshi choralari» deb atalgan hujjatni qabul qilgandi. Unga ko‘ra, Rossiya neftini sotib olayotgan Hindistonga nisbatan 25 foizlik qo‘shimcha boj joriy etiladi. Bu esa Hindistondan AQShga eksport qilinayotgan mahsulotlar boji 50 foizga yetishini anglatadi. Bu Vashington tomonidan o‘z savdo hamkorlariga tatbiq etilayotgan eng yirik boj ko‘rsatkichlardan biridir.

Trampning Hindistonga nisbatan boj tartibi farmon imzolanganidan 21 kun o‘tib kuchga kiradi.

Xabarlarga ko‘ra, Hindiston boj bo‘yicha ziddiyat hal qilinmaguncha, AQShdan qurol sotib olishni to‘xtatib turmoqchi.

Gap shundaki, Hindiston AQShning «General Dynamics Land Systems» shirkati ishlab chiqarayotgan «Stryker» jangovar mashinalari hamda «Raytheon» va «Lockheed Martin» shirkatlari ishlab chiqarayotgan «Javelin» raketalarini sotib olish bo‘yicha muzokara olib borayotgan edi.

Dehli bir necha milliard dollarga Boeing P8I razvedka uchoqlarini sotib olish niyatini ham bildirgan. 

Joriy yil fevral oyida Oq uyda muzokara o‘tkazgan prezident Donald Tramp va bosh vazir Narendra Modi qurol-aslaha va harbiy texnikalarni birgalikda ishlab chiqarish imkoniyatini ham muhokama qilgandi.

Bu orada Hindiston mudofaa vazirligi AQShdan qurol-aslaha olish vaqtincha to‘xtatilgani haqidagi xabarni rad etdi. Rasmiylarga ko‘ra, qurol oldi-sotdisi belgilangan tartibda davom etmoqda. 

Tahlilchilar fikricha, so‘nggi vaqtlarda Vashington va Dehli munosabatlarida taranglik kuzatilmoqda. Avvalo, Hindistonning Rossiyadan katta miqdorda neft sotib olayotgani AQShga xush kelmayotir. Ammo Dehli bu borada mustaqil qaror qabul qilmoqchi.

Avval xabar berganimizdek, Hindiston AQSh va Yevropa Ittifoqining Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatish talabini rad etgan.

Joriy yil may oyida Hindiston va Pokiston o‘rtasida kuzatilgan 4 kunlik jangovar harakatlardan keyin tomonlar o‘zaro sulhga erishgandi. O‘shanda Tramp bu sulh uning sa’y-harakatlari bilan yuzaga chiqqani haqida bayonot bergandi. Ammo Hindiston Tramp vositachilik qilganini rad etgan. 

Hindiston dunyodagi eng yirik qurol xaridorlaridan biri hisoblanadi. An’anaviy ravishda qurol-aslahani asosan Rossiyadan sotib olgan Dehli hukumati Xitoy bilan strategik raqobat fonida AQSh, Isroil va Fransiyadan ham katta miqdorda qurol xarid qilmoqda.

Qiziq jihati, Dehlining Moskva bilan aloqalari ham silliq deb bo‘lmaydi.

Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgan dastlabki oylarda Hindiston betaraf maqomda turishga uringan. Ham Vashington, ham Moskva bilan strategik hamkorlikka ega mamlakat G‘arb bosimiga qaramay, Rossiya tajovuzini qoralashdan tiyilgan. Ekspertlar Dehli ma’muriyatining bu boradagi siyosatini «ikki kemaning uchini tutish» deb baholagan. 

Ayni choqda, Hindiston Rossiyaning iltimosini rad etgan holda Ukrainaga artilleriya o‘q-dorilarini yetkazib berayotgani ma’lum.

Hindiston fuqarolari Rossiya tomonidan aldov yo‘li bilan urushga jalb etilgani ma’lum bo‘lgach, ikki davlat o‘rtasida diplomatik taranglik ham yuzaga kelgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring