Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ilm yo‘lidagi mashaqqatlar natijasi — qandli diabet-2 kasalligini jarrohlik yo‘li bilan davolash mumkin (2-qism)

Ilm yo‘lidagi mashaqqatlar natijasi — qandli diabet-2 kasalligini jarrohlik yo‘li bilan davolash mumkin (2-qism)

Toshkent tibbiyot akademiyasi xirurgik kasalliklar kafedrasi tayanch doktoranti, umumiy jarroh Umid Ro‘ziyev qandli diabetni jarrohlik yo‘li bilan davolash to‘g‘risidagi suhbatni e’tiboringizga havola qilgandik. Bugun mazkur suhbatning davomini o‘qishingiz mumkin.

Tana massasi indeksingizni bilasizmi: TMI 18 dan 25 gacha bo‘lishi kerak

Normada tana massa indeksi (TMI) 18-25 bo‘lishi lozim. Misol uchun sizning tana massa indeksingizni tekshiramiz: bo‘yingiz 164 sm, shuni 1 metr 64 sm deb yozamiz: 1.64. Bu sonning kvadrati (1.64x1.64=) 2.68 ga teng. Endi vazningizni olamiz — 67 kg, vazn massasini bo‘yingiz kvadratiga bo‘lamiz: 67:2.68=25. Sizning (ya’ni mening – M.S.) TMI – 25, norma.

TMI 18 – 25 norma.

TMI 26 – 30 ortiqcha vazn.

TMI 31 – 35 I darajali semizlik.

TMI 36 – 40 II darajali semizlik.

TMI 41- 45 III darajali semizlik.

TMI 46 – 50 va undan yuqori bo‘lsa supersemizlik tashxisi qo‘yiladi.

Ortiqcha vaznli va semiz odamlarda qandli diabet kasalligiga moyillik bo‘ladi, lekin ko‘pchiligida qandli diabet aniq bor.

Qonda qandning normasi 3.1 dan 6.4 gacha bo‘lishi kerak. Biz qandli diabetning 2-tipini davolashdan tashqari semizlikni oldini olish uchun ham jarrohlik o‘tkazamiz. Qabulga kelgan bemorlarning ba’zilari o‘zining qandli diabet kasali borligini biladi, davo choralarini ko‘rib, turli dorilar iste’mol qilayotganini aytadi. Ya’ni uning qon tahlilida insulin miqdori me’yoridan baland. Lekin shunday bemorlar bor-ki, ular faqat semizlikdan qutilish maqsadida jarrohlik o‘tkazish uchun kelishadi. Bu bemorlar och qoringa kelib qon tahlil qildirganida normadan yuqori chegarasida – 6 yoki 6.2 chiqadi. Vaholanki, sog‘lom odamda och qoringa topshirgan qon tahlilining natijasi 3.5 yoki 4 bo‘lishi kerak. Mana, bu holat qandli diabetga moyillik hisoblanadi. Chunki oshqozonosti bezi zo‘r berib insulin ishlab yotibdi, ammo hujayraga ta’sirchanligi yo‘q. Bu holatda qonda insulin miqdori tahlil qilinsa me’yordan 10-20 baravar ko‘p chiqadi. Bunday bemorning qonidagi qand miqdorini normada ushlab turgan narsa bu oshqozonosti bezining zo‘r berib ishlayotganidan. Oshqozonosti bezi qondagi qand miqdorini 6 da « amallab ushlab» turibdi, 4 ga tushirolmaydi. Inson organizmi shunaqa mukammal... oxirigacha kurashadi.

Agar sog‘lom odamga tashqaridan bitta birlik insulin yuborilsa, u komaga tushib qoladi

Ba’zi bemorlar aytadiki, men qattiq stress, qo‘rquvdan keyin qandli diabet kasaliga chalindim deb. Muhayyo opa, bu kasallik stressdan, asabdan bo‘lmaydi. Aks holda dunyodagi hamma odam qandli diabet bilan aziyat chekkan bo‘lardi. Agar shu bemorning yashash tarzini tahlil qilsangiz u 30 yoshgacha sekin qorin qo‘yadi. Bu organizmda ortiqcha yog‘ yig‘ilayotganidan darak. Yosh-da, oshqozonosti bezi zo‘r berib insulinni 2 baravar, 5 baravar ko‘proq ishlab chiqaraveradi. Shu tariqa qondagi qand miqdorini «hal qilib» tashlaydi. Oshqozonosti bezi zo‘r berib ishlayotganini hisobiga bu bemorning qon tahlilida qand miqdori normada chiqaveradi. Lekin insulin tekshirilsa u normadan 60 baravar yuqori bo‘lishi tayin. Bu «preddiabet». Agar sog‘lom odamga tashqaridan bir yedinitsa insulin yuborilsa u komaga tushib qoladi. Chunki sog‘lom odamda oshqozonosti bezi ovqat yegan sari bir yedinitsa insulin normada beradi. Semizlikka moyilligi bo‘lgan odamdagi oshqozonosti bezining kuchini qarang-da, qanchalik zo‘r berib ishlayapti. Lekin bemorning holati yaxshiligicha yuraveradi. Lekin bu qachongacha davom etishi mumkin? Qachonki, inson kuchli stress holatiga tushsa oshqozonosti bezi insulin ishlashdan charchaydi. Shunda qand miqdori oshadi. Mana, nima uchun odamlar kuchli stressdan keyin qandli diabet bo‘lib qoldim, deyishadi. Vaholanki bu kasallik bir necha yillardan beri uni ta’qib qilib kelayotgan edi. Qandli diabet kasalligining 2-tipi qondagi qand miqdoridan emas, insulin miqdoridan aniqlanadi. Agar insulin miqdori me’yordan yuqori bo‘lsa, demak qandli diabetning 2-tipi tanada bor. Lekin ba’zi shifokorlar, ayniqsa, endokrinologlar bemorning tashqi ko‘rinishiga qarab tashxis belgilaydi: yosh, semiz ekan deydi. Bu noto‘g‘ri. Qandli diabetga moyilligi bor bemorning qonidagi insulin miqdorini tahlil qilish shart. Chunki davo choralari shu tahlil natijasi asosida ko‘riladi. Misol uchun, organizmida insulin miqdori 60 dan oshib yotgan bemorga insulin preparatlari, masalan Amaril kabi dorilar tavsiya etilmaydi. Chunki bu preparat organizmda insulin ishlab chiqarishini ta’minlaydi. Organizm o‘zi zo‘r berib 60 insulin ishlab chiqarayotgan bo‘lsa-yu, yana tashqaridan insulin ishlab chiqarishga yordamchi preparatlar qabul qilinsa bemorda aks ta’sir yuz beradi.

Yosh bemorlarni davolashda shifokorlar ko‘p hollarda tashqi ko‘rinishiga qarab tashxislaydi-da, parhez tutishni tavsiya qiladi. Bu kasallik bilan 90 yoshgacha ham bemalol yashash mumkinligi haqidagi gaplar bilan bemorning ko‘ngliga taskin beradi. Bemor stressdan chiqadi, parhez tutadi. Natijada zo‘r berib ishlab yotgan oshqozonosti bezi parhez paytida bir oz bo‘lsa ham dam oladi. Parhez tutish juda qiyin. Bemor bir oz parhez tutgach ahvoli yaxshilana boshlaydi, hatto qondagi qand miqdori me’yorga tushadi. Shu orada tasavvur qiling, bemor to‘ygami ziyofatgami boradi. «Yaxshi bo‘p qoldim-ku», deydi-da, noz-ne’matga to‘la dasturxon oldida parhezini buzvoradi. Ana, qarabsizki, yana qonda qand miqdori keskin oshib ketadi. Bemorning ahvoli yomonlashadi. U yana shifokorga boradi. Shifokor unga «nima qildingiz» degan savolni beradi. Bemor «2-3 oydan beri yaxshi edim, lekin yaqinda parhezimni buzvordim, keyin ahvolim yomonlashdi» deydi. Shifokor unga: «ana, ko‘rdingizmi, ayb o‘zingizda» deydi. Shifokor kasalning o‘zini aybdor qilib qo‘ya qoladi. Kasalni aybdor qilish noto‘g‘ri.

Birinchidan kasal aybdor emas, ikkinchidan oshqozonosti bezi parhez paytida normada ishlagani sababli bemorning ahvoli bir muncha yaxshilanadi. Endi shifokor bemorga yana parhez tutishni va dori qabul qilishni tavsiya qiladi. Bemor shifokor ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qiladi. Oshqozonosti bezi avval zo‘riqib 60 yedinitsa insulin ishlab chiqargan bo‘lsa, endi u «charchadi», 30 yedinitsa insulinni zo‘rg‘a ishlab chiqaryapti. Chunki oshqozonosti bezi sekin-asta «o‘tiryapti». Bemor tutayotgan parhez va tavsiya etilgan dori oshqozonosti yetkazib berolmayotgan insulin miqdorini yetkazib turadi. Ko‘pi bilan bir yil o‘tgach, ahvol o‘sha-o‘sha holatga qaytadi, ya’ni qonda qand miqdori ko‘payib boraveradi. Bemor yana shifokorga boradi. Endi shifokor ikkita dori tavsiya qiladi va parhez tutishni tayinlaydi. Bu chora ham uzog‘i bilan bir-ikki yil ta’sir qilishi mumkin. Besh-olti yil shu hol davom etadi. Keyin bemorga shifokor insulin preparatini tavsiya qiladi. Bemor insulin olgan paytidan boshlab oshqozonosti bezi insulin ishlab chiqarishni to‘xtatadi: «nima qildim shuncha yil zo‘riqib ishladim, chetdan insulin kelishi mumkin ekan-ku» deydi. Har qanday a’zo shu kabi munosabat bildiradi, agar garmon chetdan kelib tursa u ishlashdan to‘xtaydi. Mana, endi organizm chetdan keladigan insulinga butunlay qaram bo‘ladi.

Bu konservativ davo chorasi deyiladi, ya’ni bu kasallikni medikamentoz yordamida davolashning samarasi shu kabi kechadi. Aniqrog‘i, samaradorlik yo‘q. Shifokorlar bemorga, dardingiz bedavo, deyishgacha boradi. U bir umr insulin qabul qilishga majbur bo‘ladi. Lekin biz o‘tkazayotgan jarrohlik amaliyotining bu boradagi samarasi yuqori. Biz bemorning insulin miqdorini tekshiramiz, agarda tahlil natijasi 60 chiqqan taqdirdayam, bemor jarrohlikdan keyin butunlay sog‘ayib ketadi.

Jarrohlik amaliyotida hech qaysi a’zo olib tashlanmaydi. Oshqozon vertikal kesilib, ingichka ichakka ulanadi. Ingichka ichakning ortiqcha joyi qolaveradi, faqat u yerdan ovqat o‘tmaydi. Lekin o‘z faoliyatini yo‘qotmaydi. Natijada birinchidan bemor ozadi, ikkinchidan hujayra va insulin o‘rtasidagi ta’sirchanlik, ya’ni metabolik jarayon tiklanadi. Bariativ va metabologik xirurgiya mana shu bo‘ladi. Xozir men sizga xirurgiyaning shu yo‘nalishi samarasini ilmiy asoslab berdim.

Yeganim sosiska, chuchvara, qo‘rqqanim kalamushlar, orttirganim va yutug‘im — amaliy tajriba

Koreyadan qaytib kelganimda, 2013 yilda, ustozimga bu yo‘nalishni ilmiy asoslar bilan keltirilgan nazariyani tanishtirdim. Ustozim: «biz ham shu operatsiya amalga oshiramiz», dedi. Men hayron qoldim: qanday qilib... Koreyada texnologiya kuchli, ular operatsiya jarayonida deyarli qo‘l ishlatishmaydi, bizning meditsina ularnikiga qaraganda ancha orqada qolgan. Ustozim texnologiyasiz eplaymiz, dedilar. Men ikkilandim, chunki nazariy bilganingiz bilan amaliyotda bu narsani qo‘llash qiyin jarayon. Ho‘p mayli, operatsiyani o‘tqazaman deganingiz bilan unga bemor qani? Birinchi marta amalda bajarilayotgan operatsiyaga har qanaqa bemor rozi bo‘lavermaydi, axir.

Shuniqa ikkilanishlar bilan ikki yil o‘tdi. Kafedrada ishlab, boshqa operatsiyalar jarayonida yurdim. Oylik maoshim plastik kartamga tushardi, orttirgan pulim nari borsa 300 AQSh dollari miqdorida edi. Oylikdan oylikkacha yashash tarzini o‘zingiz tushunasiz... Chunki bu orada farzandlarim ikki nafar bo‘ldi, xarajatlarim ko‘paydi.

2015 yilda ustozim menga qo‘ng‘iroq qilib, xabaringiz bormi yangi ToshMIga xorijdan bariatrik va metabolik xirurg master-klass o‘tgani kelibdi, dedilar. Zudlik bilan yetib bordim. Kechikibman, mutaxassis samolyotdan tushiboq operatsiyaga kirib ketib, operatsiyani tamomlab, dam olayotgan ekan. Kechqurun qaytib ketishi kerak.U uxlayotgan xona oldida uyg‘onishini kutdim. Eshikdan damba dam mo‘ralab turdim. Uyg‘onganidan keyin kirdim, aytdim: operatsiyada ishtirok etolmadim, lekin o‘zingiz bilan tanishsam. U kishi qozog‘istonlik bariatrik va metabolik xirurg, Qozog‘iston bariatrik va metabolik xirurglari uyushmasi prezidenti Aral Aspanov ekan. U bilan uzoq suhbatlashdik. Bir necha yildan beri meni qiynayotgan dardimni tinglaydigan odamni topganday edim go‘yo. Uni savolga ko‘mib tashladim. Nazariy bilim bor, amaliyot yo‘qda menda. Oxiri professor menga amaliyotda ishtirok etishni istasang Qozog‘istonga kel, men o‘qishingni, amaliyot o‘tashingni bepul tashkillashtirib beraman, lekin yo‘lkirang va yashash joyingni o‘zing hal qilasan, dedi.

Klinikaga qaytib, qozog‘istonlik professorning taklifini ustozimga aytdim. «Boring», dedi ustozim. Astanani bilganlar bilan gaplashib ko‘rdim, borish-yashash o‘rtacha 1000 AQSh dollari bo‘larkan. O‘zimda buncha pulim yo‘q. Ota-onam meni doim qo‘llab kelishgan, ularga dardimni aytdim. Oilada bir o‘g‘ilman. Otam o‘sha pulni berdilar. U paytlar AQSh dollarining davlat narxi ikki baravar arzon bo‘lardi. Bankka borib, 1000 dollarni VIZAga 2000 qilib tushirganman. Astanaga borganimdayam ijaraga eng arzon uyni topganman. VIZAdan pulni kerak bo‘lgan paytda oz-ozdan yechib olib ishlatardim. Men yashagan uy shu qadar nochor ahvolda edi-ki, xonada kalamushlar yurardi. Choyshab umuman yo‘q. Bir oy egnimdagi kurtkamda yotishimga to‘g‘ri kelgandi. Aral Bazarbayevich menga bergan kitobni bir hafta krovatdan turmay o‘qib chiqdim. Oyog‘imni polga qo‘ymasdim, kalamushlar bor-da. Klinikada har kuniyam operatsiya bo‘lavermasdi. Operatsiya yo‘q kunlari ijaradagi uyimda o‘tirishga majbur edim. Yeganim – sosiska va chuchvara. Shu holatda ikki oy yashadim. Yutug‘im shu bo‘ldi-ki, men ikki oy operatsiyani amaliyotda o‘rgandim. Xozirgi yosh shifokorlarga hayronman-da, ko‘zini oldida bo‘layotgan operatsiyaga qiziqish bildirmaydi: «kirlaring, o‘rganlaring», deyman. Axir ushbu operatsiyani o‘rganish uchun menga o‘xshab qayoqlargadir borishi shart emas.

Qozog‘istondan qaytganimdan keyin bir tanishim onasining qandli diabet kasali borligini, Astanaga borib, professor Aral Aspanovga operatsiya qildirishiga yordam berishimni iltimos qildi. Men professor bilan gaplashdim, professor A.Aspanov operatsiya narxi 10 000 AQSh dollari bo‘lishini aytdi. Tanishimga qimmatlik qildi. Uning onasi mendan: «Umidjon, shu operatsiyani o‘rganib keldingizmi?», deb so‘radi. Men o‘rganganimni aytdim. Faqat O‘zbekistonda xali bu operatsiya amaliyotda bo‘lmaganini ham tushuntirdim. Tanishimning onasi: «Mana, men operatsiya qildiraman», deb qoldi. Men ikkilandim. U kishiga tushuntirdim: bizning sharoitda bu operatsiya faqat qo‘lda bajarilishi mumkin (xorijda lazer uskunasi yordamida qilinadi), deb. Mayli, dedi, menga kosmetik chiroy bo‘lishi shart emas, sohil bo‘yiga bormoqchimasman. Kesing mayli, chandiq bo‘lsa bo‘lar.

Ustozimga aytdim. «Operatsiyani qilamiz», dedi ustozim. Bemorni jarrohlik amaliyotiga tayyorlashni boshlaganimizda uning yaqinlari e’tiroz bildirishdi: «oyi, soppa-sog‘ yuribsiz-ku, nima keragi bor, siz xozir tajriba quyonchasi bo‘lmoqchimisiz» deb. Menga taz’yiqlar qilishdi, agar onamga bir nima bo‘lsa seni so‘yaman, deb. Mendagi ikkilanishni bemorning qat’iy qarori yengdi. U operatsiyaga tayyor va rozi.

Xullas, operatsiya qildik. Operatsiya 8 soat davom etdi. Bemor 62 yoshda, 10 yillik qandli diabeti, qon bosimi bor. Operatsiyadan keyin reanimatologga bermadim. Bemorga o‘zim qarayman, dedim. Palataga qo‘shimcha krovat qo‘yib, bir xafta kechayu-kunduz o‘zim qaradim. Hamma kerakli osma ukollarini o‘z vaqtida yuborib turdim. Har kuni bemor yaxshi bo‘lib ketishini Xudodan iltijo qilardim.

Bu orada hamkasblarim ustimdan kulgan paytlar ham bo‘ldi: hech qayerda yozilmagan narsalarni qildilaringmi, qandli diabetni operatsiya qilib davolab bo‘larkanmi, bo‘lishi mumkinmas deb. Hatto shifokorlarga buni tushuntirish qiyin edi.

Bemorimiz operatsiyadan oyoqqa turib shifoxonadan chiqqach, ikki haftadan keyin qaytib kelib, tahlilga qon topshirdi — qonda qand miqdori normada. Ana, endi qilgan ishimizdan qoniqish hissi uyg‘ondi. Barcha qiyinchiliklar unutildi. Axir, qanchadan qancha odam, bemorning yaqinlari, xamkasblar ishimizning natijasini kuzatyapti. Xatto, yoshi va tajribasi kattaroq bir xamkasbim, bunaqa operatsiyani amalga oshirish uchun odam yo o‘ta axmoq yoki o‘ta aqlli bo‘lishi kerak, sen qaysi biriga kirasan, deb hazil qildi. O‘shanda men «o‘ta axmoq bo‘lsam kerak» deb o‘yladim o‘zim haqimda. Bu 2015 yilda bo‘lgandi. Bemor qandli diabet kasalligidan butunlay tuzalib ketdi.

Ikkinchi bemor oradan bir yil o‘tib keldi. Operatsiya yana sakkiz soat davom etdi. Operatsiya uchun bu juda uzoq muddat. Ustoz bilan bu muddatni qisqartirish yo‘lini axtardik. Qo‘lda kesamiz, hamma jarayon qo‘lda bajariladi-da. Qo‘llarimiz tirsagimizgacha yog‘ga botib ketardi. Bemor semiz-da, ichi yog‘ bosgan. Uskunalarimiz sovet davridan qolgan uskunalar. Keyin skoba-stepler uskunasining zamonaviyrog‘ini, sotib oldim, 300 AQSh dollariga. Keyingi bemorda qo‘lladik. Operatsiya 2 soatga qisqardi, 6 soat bo‘ldi. Baribir bu uzoq muddat.

Internetdan yanayam samarali uskunalarni qidirib topib, O‘zbekistonga olib kelishni yo‘lga qo‘ydim. Bu uskunada operatsiya vaqti 4 soat davom etadigan bo‘ldi. Keyin lazerli uskunani qidirib topdim. Ushbu uskuna ham kesadi ham tikadi. Qorinni ochish va yopishni o‘ziga bir soatdan ikki soat ketadi. Bu vaqtni qisqartiradigan uskunalarni qidirib topdim. Men uskunalarni xorijdan buyurtma asosida keltira boshladim. Natijada bojxona qo‘mitasi bilan muammolar yuzaga keldi. Uskunalar rasmiy ro‘yxatdan o‘tishi, ishlatishga ruhsat berilishi, firma ochish, soliq to‘lash... kabi rasmiyatchiliklar boshlandi. Xullas, bunaqa ishlarga menda ortiqcha mablag‘ yo‘q, vaqtim ham yo‘q, chunki kasallarga qarashim kerak. Bitta uskunani Farmatsevtika qo‘mitasidan ro‘yxatdan o‘tkazish 8000 AQSh dollariga tusharkan. Uskuna esa 300 AQSh dollariga olingan. Shunaqa o‘ziga xos jihatlari bilan tijorat-tadbirkorligi masalalari ko‘ndalang bo‘ldi. Men bu ishlarni amalga oshiradigan homiylar topdim. Xozir uskunalar rasmiylashtirilgan, ishlatishga ruhsat berilgan.

2018 yilda tajribamdagi yigirma birinchi bemorni lazerda operatsiya qilishga muvaffaq bo‘ldik. Lekin birinchi marta bo‘lgani uchun operatsiya baribir 6 soat davom etdi. Chunki uskunalarga o‘rganish ham bir oz vaqt talab qiladi. Xozirgi kunda uskunalarda ishlashga ko‘nikma bor, shuning uchun operatsiya bir soatdan sal oshadi. Operatsiya deyarli har kuni bo‘ladi. Uskunalar bir martalik. Har bir bemorga yangisi ishlatiladi.

Bugungi kunda IFSO xalqaro federatsiyasiga a’zo bo‘ldik. Ushbu tashkilot biz olib borayotgan har bir operatsiyaning samrasini kuzatib bormoqda. Chunki dunyo miqyosida aynan bariatrik va metabolik xirurglar ozchilikni tashkil etadi. O‘zimizda, ya’ni O‘zbekistonda ham bariatrik va metabolik xirurgiya uyushmasini tashkil etdik. Uyushmaning prezidenti ustozim professor Oktyabr Teshayev. U kishi hamma operatsiyalarda bosh-qosh bo‘lib turadilar. Bugungi kunda joylarga borib ham operatsiya qilyapmiz.

Suhbatni jurnalist Muhayyo Saidova yozib oldi.

(Suratlar Umid Ro‘ziyevning facebook akkauntidan olindi)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring