Isroilda hibsga olingani aytilgan o‘zbekistonlik haqida TIV bayonot berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston fuqarosining Isroilda xavf signali yangraganda bombapanohga qochayotgan odamlarni kalamushga mengzagani ortidan hibsga olingani aytilgan xabarlar tarqaldi.
O‘zbekiston TIVning ushbu vaziyat yuzasidan bergan rasmiy bayonotida aytilishicha, joriy yil 28-fevral kuni O‘zbekiston fuqarosi N.X. raketa hujumi va sirenalar yangragan paytda «TikTok» ijtimoiy tarmog‘ida video joylashtirgan. Ushbu videoda aytilgan nojoiz so‘zlar aks etgan bo‘lib, videotasvirlar keyinchalik Isroil ijtimoiy tarmoqlar segmentida ham keng tarqalgan va mahalliy jamoatchilik orasida katta norozilikka sabab bo‘lgan.
Shundan so‘ng Isroil fuqarosi A.X. mazkur holat yuzasidan politsiya organlariga murojaat qilgan.
Vaziyatdan xabardor bo‘lishi bilanoq Elchixonaning Konsullik bo‘limi O‘zbekiston fuqarosi N.X. bilan tezkor tarzda bog‘lanib, u bilan tegishli suhbat o‘tkazgan. Shuningdek, Isroil fuqarosi A.X. bilan ham tushuntirish ishlari olib borilgan.
«Ayni paytda O‘zbekiston fuqarosi N.X. xavfsiz sharoitda bo‘lib va mazkur masala Elchixonaning Konsullik bo‘limi nazoratida turibdi», – deyiladi rasmiy xabarda.
Shu munosabat bilan, Isroildagi Elchixona ushbu davlatda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan mahalliy qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish, o‘z xatti-harakatlarida ehtiyotkor bo‘lish hamda turli provokatsiyalardan tiyilish hamda raketa hujumlari paytida Isroil Front orti qo‘mondonligi tomonidan beriladigan barcha xavfsizlik tavsiyalarini so‘zsiz bajarishni so‘ramoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter