O‘zbekistonlik taniqli bloger yana kovidga chalindi
O‘tgan yili iyul oyida O‘zbekistonlik taniqli bloger Shahnoza Soatova ikki tomonlama zotiljam tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgani, muolaja jarayonlari, shifokorlarning mehnati va o‘zining ahvoli haqida ma’lum qilgandi.
Bu yil ham xuddi shu vaqtda bloger yana kovid yuqtirib olgani, avvalroq vaksina olgani, o‘zining ahvoli haqida shunday yozyapti:
«Peshona shu ekanki, bu yil ham, aynan o‘tgan yilgidek (hatto sanasigacha bir) kovid yuqtirib oldim. Bundan sal avvalroq vaksina olganimni e’lon qilgan edim. Xudoga shukr, bu safar kasallik yengil o‘tyapti va men buni vaksina tufayli deb hisoblayapman.
Emlashdan keyin, xabaringiz bor, turli tadbirlarga bordim, issiq kunda hamisha ham niqobda yura olmadim. Yuqtirdim, xullas. Ikki kun behollik, ishtahasizlik va 37 daraja isitma kuzatildi. Test topshirdim. Ammo javobi chiqib, kovid tasdiqlanguncha yengil bo‘lib qolgandim ancha. Shunga qaramay, mana 8 kundirki, uyda karantinda o‘tiribmiz.
Men bilan kontaktda bo‘lganlar, yaqinlar, qarindoshlar, tanishlarning ahvolini so‘rab turdim — hozircha hammalari sog‘-salomat. Ularga yuqtirmadim deb xursand bo‘lishni boshlasam bo‘lar)
Men vaksina olishga targ‘ib qilgan ko‘pchilik, hatto ukam ham e’tiroz qilgandek bo‘ldi: emlansangiz ham kovid bo‘libsiz-ku degandek.
Birinchidan, endi 1-dozani olganman, hali yetarli antitanachalar hosil bo‘lib ulgurmagan, buning uchun ma’lum vaqt kerak.
Ikkinchidan, hali endi bir hafta o‘tgandi emlanganimga.
Uchinchidan, kasallik yengil o‘tyapti va men bilan kontaktda bo‘lgan yaqinlarim sog‘-salomat. Men buni vaksinaning ijobiy ta’siriga yo‘yyapman.
Hozir vaksina borasida jiddiy axborot urushi kuzatilyapti, targ‘ibot va antitarg‘ibot jarayonlari faol ketyapti. Ushbu postni vaksina propagandasi deb tushunmanglar. Chunki o‘zimda ham ko‘p savollar bor, tadqiq qilyapman, o‘rganyapman. Lekin avvalgi yil kovidga chalinganim, u bilan qanday kurashganim, bu yil vaksina olganim haqida postlar yozganim uchun, bu safar ham o‘zimda kechayotgan jarayonlarni aytib qo‘yishni ijtimoiy mas’uliyat deb bildim. Zero hozir kovid va vaksina to‘g‘risidagi har qanday ma’lumot ham muhim.
To‘g‘ri, vaksinalar hali yetarlicha vaqt sinovidan o‘tmagan. Lekin shuni unutmangki, biz qachonlardir vaksina olgan odamlar tufayli bugun ko‘p kasalliklarni yengib, omon yuribmiz.
Bugun kasallikning ilk belgilari sezilganiga 10 kun, kovid tasdiqlanganiga 8 kun bo‘ldi, nafas olish yaxshi, saturatsiya 97. MSKTda o‘pka toza chiqdi,
O‘zingizni ehtiyot qiling.
Unutmang, vaksinadan ko‘ra virus xafvliroq.
P.S. Aytgancha, SMS keldi»!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter