Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

JCh-2026. Mundialdagi ilk raqibimiz — Kolumbiya terma jamoasi haqida nimalar ma’lum?

JCh-2026. Mundialdagi ilk raqibimiz — Kolumbiya terma jamoasi haqida nimalar ma’lum?

Foto: Reddit

«The Guardian» nashri ekspertlar ishtirokida JCh-2026 da ishtirok etayotgan 48 ta terma jamoa haqida tahliliy prevyularni chop etmoqda. Kolumbiya terma jamoasi haqidagi tahlil orqali mundialdagi ilk raqibimiz bilan tanishamiz.

Bugungi Kolumbiya terma jamoasi tarkibida hanuzgacha 2014-yilda Braziliya va 2018-yilda Rossiya mezbonlik qilgan jahon chempionatlaridan muxlislarga yaxshi tanish «oltin avlod» vakillari bor. Ularning ayrimlari o‘z faoliyatidagi uchinchi mundialda ishtirok etmoqda. Jamoa sardori va maydondagi asosiy yetakchisi hamon — afsonaviy 10-raqam egasi Xames Rodrigesdir. Murabbiylar shtabi butun o‘yin tizimini aynan Xamesning pozitsiyasi atrofidagi 4-2-3-1 taktik sxemasi asosiga qurgan. Qanotlarda esa «Bavariya» (Germaniya)da yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan va terma jamoada ham asosiy gol uruvchi kuchga aylangan Luis Dias unga ko‘makdosh bo‘lmoqda.

Xames Rodriges va Luis Dias — Kolumbiya terma jamoasining ikki yuragi.

Kolumbiyaning ushbu jahon chempionatiga yetib kelish yo‘li xuddi «amerikancha tepaliklar» kabi o‘ta dramatik kechdi. Saralash bosqichida jamoa Braziliya ustidan qozonilgan tarixiy g‘alaba (2:1) va Amerika Kubogi-2024 finalidagi alamli mag‘lubiyat uchun Argentinadan olingan revansh kabi unutilmas lahzalarni taqdim etdi. Biroq keyinchalik Boliviyadan uchralgan kutilmagan mag‘lubiyat (1:0) jamoani sarosimaga solib qo‘ydi — ketma-ket 6 ta o‘yindagi g‘alabasiz seriya kolumbiyaliklarning mundialga chiqishini jiddiy xavf ostida qoldirdi. Yakunda esa Boliviya va Venesuela terma jamoalarining tor-mor etilishi Kolumbiyaga JCh-2026 yo‘llanmasini naqd qildi.

Kolumbiyaning «K» guruhidagi o‘yinlar taqvimi

  • O‘zbekiston — Kolumbiya, 18-iyun, soat 07:00 (O‘zbekiston vaqtiga moslashtirilgan), Mexiko shahri, «Atsteka» stadioni
  • Kolumbiya — Kongo DR, 24-iyun, soat 07:00 (O‘zbekiston vaqtiga moslashtirilgan), Gvadalaxara shahri, «Akron» stadioni
  • Portugaliya — Kolumbiya, 28-iyun, soat 04:30 (O‘zbekiston vaqtiga moslashtirilgan), Mayami shahri, «Hard Rok Stedium» stadioni

Mart oyida Xorvatiya va Fransiya terma jamoalariga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvlaridagi muvaffaqiyatsiz o‘yinlardan so‘ng, jamoaning mundialdagi muvaffaqiyatiga shubhalar saqlanib qolmoqda. Ammo jamoaning 60 yoshli argentinalik bosh murabbiyi Nestor Lorensoning jamoadan umidi katta. «Kolumbiyaning himoyalanib yotmasdan, oldingi chiziqda hujumkor futbol o‘ynashga intilishi menga zavq bag‘ishlaydi. Maqsadimiz faqat g‘alaba qozonish emas, balki chiroyli futbol ham ko‘rsatishdir. Jamoa ham buni his qilmoqda: futbolchilarim ushbu g‘oyaga ishonishadi va mana biz mundialdamiz. Musobaqani yaxshi boshlab, Kolumbiya tarixidagi eng yaxshi jahon chempionatini o‘tkazamiz deb umid qilaman», dedi u o‘z vatani Argentinaning «La Nación» nashriga bergan intervyusida.

Tarixdagi eng yaxshi natijani qayd etish uchun jamoa Xose Pekerman boshchiligida 2014-yilda erishilgan chorak final bosqichidan o‘tishi kerak bo‘ladi. Maydonda gol urish mas’uliyati nafaqat Luis Dias va Xames Rodriges, balki Luis Suaresning (urugvaylik yulduzning adashi) ham zimmasiga tushishi kutilmoqda. 28 yoshli ushbu hujumchi terma jamoadagi dastlabki to‘rtta golini o‘tgan yili Venesuelaga qarshi kechgan bitta o‘yinda kiritgan edi, iyun oyida Kosta-Rikaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida ham raqib darvozasini ishg‘ol qildi. O‘tgan yozda Ispaniyaning «Almeriya» klubidan Portugaliyaning «Sporting» jamoasiga ko‘chib o‘tganidan beri, u Portugaliyadagi barcha musobaqalarda raqiblar darvozasiga jami 38 ta gol kiritdi.

Kolumbiya FIFA reytingida 13-o‘rinda. Mundiallardagi eng yaxshi natijasiga 2014-yilda erishgan.

Bosh murabbiy

Nestor Lorenso.
Foto: Reuters

Nestor Lorenso o‘z faoliyatidagi beshinchi jahon chempionatida ilk bor jamoani bosh murabbiy sifatida maydonga boshlab tushadi. U 1990-yilgi mundialda Argentina terma jamoasi safida Maradona bilan yonma-yon to‘p surgan, 2006-yilda Argentina, 2014 va 2018-yillarda esa Kolumbiya terma jamoasida Xose Pekermanga yordamchilik qilgan.

Kolumbiyadan tashqari, Lorenso mustaqil ravishda boshqargan yagona klub Peruning «Melgar de Arekipa» jamoasi hisoblanadi. Mustaqil tajribasi oz bo‘lishiga qaramasdan, Kolumbiya milliy jamoasi bilan ajoyib natijalarga erisha oldi.

Jamoa yulduzi

Luis Dias.
Foto: Getty Images

Luis Dias katta sahnada 2018-yilgi jahon chempionatidan keyin paydo bo‘ldi va asta-sekin Kolumbiyaning eng muhim futbolchisiga aylandi. U 2021-yilda Braziliyada o‘tgan Amerika Kubogida 4 ta gol bilan musobaqa to‘purariga aylanib, Kolumbiyani yarim finalga olib chiqdi va dunyoga tanildi. «Liverpul»ning sobiq vingeri hozir 29 yoshda. U joriy mavsumni «Bavariya» safida juda yuqori notada o‘tkazib, Germaniyada chempionlik va Kubokni qo‘lga kiritdi

«Ajoyib terma jamoamiz, kuchli tarkibimiz va zo‘r murabbiylarimiz bor. Saralash bosqichi biz uchun muvaffaqiyatli o‘tdi, bir qator yirik g‘alabalarni qo‘lga kiritdik», — dedi Dias ESPN telekanaliga bergan intervyusida.

E’tibor qaratish lozim bo‘lgan iqtidor

Andres Gomes.
Foto: LA Times

Andres Gomes Kolumbiya terma jamoasi safida bor-yog‘i bir nechta o‘yin o‘tkazgan bo‘lsa-da, jamoaga juda tez moslashib ketdi. U 2023-yilning dekabrida terma jamoadagi debyut o‘yinidayoq Meksika darvozasiga g‘alaba golini kiritdi. Keyin esa Urugvayga qarshi kechgan (va yakunda Kolumbiya mag‘lub bo‘lgan) safardagi bahsning so‘nggi daqiqalarida golga mualliflik qildi. «Vasko da Gama» klubi hujumchisi biroz kech ochilgan bo‘lsa-da (hozirda 24 yoshda), Jon Arias, hatto Luis Diasning ham o‘rnini bosa oladigan darajada ulg‘aydi. Uning bolaligi juda og‘ir kechgan: «Bolaligimda ba’zi do‘stlarim ko‘z o‘ngimda o‘ldirilganiga guvoh bo‘lganman, yana ayrimlari hayotda noto‘g‘ri yo‘ldan ketishdi. Ammo mening oilam hamisha futbol bilan yashagan», — deya xotiralarini o‘rtoqlashdi u «Chocó 7 Días» nashriga bergan intervyusida.

Ko‘rinmas qahramon

Jefferson Lerma.
Foto: ESPN

Kolumbiya terma jamoasi o‘yinida muvozanatni ta’minlaydigan bosh figura — Jefferson Lerma. U birorta ham grand klub tizimidan yetishib chiqmagan. Kamtargina «Atletiko Uila» klubidagi o‘yinlari orqali Yevropaga yo‘l olgan Lerma, saralash bosqichida umuman qatnashmagan bo‘lsa-da, Xose Pekermanning 2018-yilgi Rossiya mundiali uchun qaydnomasidan kutilmaganda joy olgan edi. Hozirda «Kristal Pelas» sharafini himoya qilayotgan ushbu futbolchi maydon markazida Richard Rios bilan birgalikda asosiy tarkibning muqim vakiliga aylandi. «Benfika» yulduzi (Rios) maydonda ijodkorlik va «o‘t yoqish» uchun mas’ul, Lermaning vazifasi — bo‘shliqlarni yopish va maydondagi barcha «qora ishlar»ni bajarishdan iborat.

Taxminiy asosiy tarkib (XI)

Yuqoridagi tahlilga ko‘ra, Lorenso 4-2-3-1 taktikasidan foydalanadi.
Manba: «The Guardian»

Kolumbiyalik muxlislar haqida

Foto: EPA

Kolumbiyalik ishqibozlar dunyodagi eng sodiq muxlislar sirasiga kiradi. Ular 2014-yilgi Braziliya va 2018-yilgi Rossiya mundiallarida ham stadionlarni liq to‘ldirishgan edi. Meksika va AQShda (Kanadada biroz kamroq bo‘lsa-da) kolumbiyalik muhojirlarning ko‘pligi ushbu jahon chempionatida ham tribunalarda «sariq bezgak» (terma jamoaning sariq libosidagi muxlislar oqimi) katta hajmda bo‘lishini kafolatlaydi. Jumladan, Kolumbiyaning Mayamida Portugaliyaga qarshi o‘tkazadigan guruh bosqichidagi o‘yini chipta olish uchun berilgan arizalar soni bo‘yicha ushbu turnirda finaldan keyingi ikkinchi o‘rinda turibdi. O‘zbekistonga qarshi o‘tkaziladigan o‘yin chiptalari ham deyarli sotib bo‘lindi.

Kolumbiyalik muxlislar bu safar juda ehtiyot bo‘lishlari talab etiladi. Chunki AQShda o‘tgan Amerika Kubogi-2024 finalidagi tribunalarda yuzaga kelgan tartibsizliklardan so‘ng, huquq-tartibot organlari ularni alohida va juda sinchkovlik bilan nazorat qilishadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring