Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

 «Katta portlash»dan atomgacha... Olim yoshlarga qiziq faktlarni aytdi

 «Katta portlash»dan atomgacha... Olim yoshlarga qiziq faktlarni aytdi

Foto: «Xabar.uz»

Kecha poytaxtimizdagi Botanika bog‘ida O‘zbekiston yoshlari va talabalar forumi ochildi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti direktori professor Husniddin Olimov forum doirasida tashkil etilgan Ilmiy munozaralar hududida Olim bilan suhbat dasturi bo‘yicha «Yuqori energiyalar fizikasi: yadrolardan olamgacha» mavzusida mamlakatimizning turli viloyatlaridan kelgan bilimga chanqoq yoshlar – iqtidorli yuqori sinf o‘quvchilari va talabalarga ma’ruza qildi.

Olim hozirgi material olamning juda kichik hajmdagi o‘ta zich energiyadan paydo bo‘lishiga olib kelgan «Katta portlash» jarayoni, energiyaning materiyaga o‘tishi, proton, neytron, elektron, yadro, atom va molekulalarning vujudga kelishi hamda olamda hayot boshlanishi haqida qiziqarli va sodda tilda tushuntirib berdi. Shuningdek, Yerimizga tushuvchi Quyosh energiyasi Quyoshdagi qanday jarayonlarda hosil bo‘lishi, nimaga Quyosh tabiiy termoyadroviy reaktor deb ataladi, nimaga Quyosh energiyasiz Yerda hayot bo‘lmasligi kabi savollarga javob berildi.

Shveysariyadagi eng yirik Katta adron kollayderida deyarli yorug‘lik tezligidagi yuqori energiyali og‘ir ionlar to‘qnashganda «Katta portlash»dan bir necha mikrosoniya o‘tgach vujudga kelgan juda issiq va zich kvark-glyuon plazma holatidagi materiya hosil bo‘lishi, paydo bo‘lgan kvark-glyuon plazmaning temperaturasi Quyosh markazidagi temperaturadan deyarli yuz ming barobar yuqori bo‘lishi va boshqa qiziqarli faktlar haqida aytib o‘tildi.

Shuningdek, atom elektrostansiyalarida, issiqlik va gidroelektrostansiyalarga qaraganda, elektr energiyasini olish samaraliroq bo‘lishi, jumladan, atom elektrostansiyasida bir gramm uran yoqilg‘isidan olingan elektr energiyasi 60 ming aholiga ega kichik bir shaharchani bir soat mobaynida yoritilishiga yetarli bo‘lishi haqida tushuntirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring