“Markaziy Osiyo – Germaniya” formati kuchaymoqda
11-fevral kuni Berlin shahrida “Markaziy Osiyo – Germaniya” formatidagi ilk vazirlar darajasidagi uchrashuv tashkil etildi. Unda Germaniya federal tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful va O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari qatnashdi.
“Bugungi kunda Markaziy Osiyo Yevrosiyo yuragida joylashgan, o‘z birligini, iqtisodiy salohiyatini va global rolini izchil mustahkamlab borayotgan dinamik mintaqadir. Biz investitsiya, texnologiya va savdo sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, muhim xomashyolar, “yashil” energetika, iqlim, transport bog‘liqligi va logistika yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish hamda ishbilarmonlik muloqotini chuqurlashtirish zarurligini ta’kidladik. Bugungi uchrashuv strategik hamkorligimizga yangi sur’at bag‘ishlab, “Markaziy Osiyo – Germaniya” sammitining navbatdagi yig‘ilishi uchun mazmunli natijalar olib kelishiga ishonch bildiramiz”, – deb yozdi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston “Markaziy Osiyo – Germaniya” mexanizmi ishga tushirilishini hamkorlikka yanada tizimli va amaliy tus beradigan muhim bosqich deb baholaydi.
Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ham Berlindagi uchrashuvni Germaniya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlik uchun muhim qadam deb atagan.
“Germaniya va Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan iqtisodiy hamkorlikni, ayniqsa, muhim xomashyo, qayta tiklanadigan energiya va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda kengaytirish niyatida. Biz barqaror, xavfsiz va farovon mintaqa ravnaqi uchun birgalikda harakat qilamiz!” – deyiladi elchixona xabarnomasida.
Ta’kidlanishicha, muzokaralar markazida Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya qilish va ushbu sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini olish zarurati bo‘ldi.
Tashqi ishlar vazirlari tomonidan ma’qullangan Berlin deklaratsiyasida xalqaro huquq, jumladan, BMT Nizomi hamda barcha davlatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, tinchlik, xavfsizlik va demokratiya yo‘lidagi hamkorlikka sadoqat izhor etilgan.
Vazirlar Ukrainada BMT Nizomi tamoyillari asosida adolatli va mustahkam tinchlikka tez muddatda erishish muhimligini ham ta’kidlaganlar.
Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari Germaniya Federativ Respublikasi prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan ham uchrashgan va aloqalarni mustahkamlash, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan.
O‘zbekiston TIVga ko‘ra, Germaniyaning mintaqamizga nisbatan Yevropa Ittifoqi siyosatini shakllantirishdagi roli muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ayniqsa bu Markaziy Osiyo bo‘yicha YeI strategiyasi kabi tashabbuslarda yaqqol ko‘rinadi.
Ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda va yashil taraqqiyot, energetika hamda ta’lim kabi sohalarda aniq hamkorlik rejalari mavjud.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri B.Saidov Berlinda Z5+1 uchrashuvi doirasida hamkasbi Yoxann Vadeful hamda federal iqtisodiyot va energetika vaziri Katarina Rayxe bilan ham muzokara o‘tkazgan.
So‘nggi yillarda “Markaziy Osiyo – Germaniya” formatidagi muloqot faollashdi.
2023-yil 29-sentyabr kuni Berlinda GFR federal kansleri raisligida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya yetakchilarining birinchi sammiti bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasida strategik mintaqaviy sheriklikni yo‘lga qo‘yish, ushbu formatda muntazam uchrashuv va maslahatlashuvlar o‘tkazib borish taklifi ilgari surilgan edi.
2024-yil 17-sentyabr kuni Ostona shahrida ikkinchi “Markaziy Osiyo – Germaniya” sammiti bo‘lib o‘tdi.
Sammit arafasida Germaniya federal kansleri Olaf Shols yurtimizga tashrif buyurgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter